Agar sizning shaxsiy profilingizni buzib kirishgan bo'lsa, telegramingiz o'chib qoladi. Boshqatdan telegram ochganingizda sizning profilingizdan gruppalarga, kontaktlaringizga noma'lum fayl yuborilgan bo'ladi. Faylga "shu dasturni yuklab olsangiz sizga 1 500 000 so'm pul o'tqazib berishadi", kabi izohlar yozilgan bo'ladi. Bu haqda Uza.uz ogohlantirdi.
Sodda odamlar faylni ochadi, undagi havolaga kiradi. Havolada karta ma'lumotlaringizni kiritishingiz kerak bo'ladi. Ba'zilar kartaga tegishli shaxsiy ma'lumotlarini kiritishadi, soddaligidan hatto telefoniga kelgan KOD raqamlarini ham kiritadi. Bu esa o'sha zahotiyoq firibgarlarning kartangizdagi bor pullaringizni echib olishlariga turtki bo'ladi.
Agar kartangizda pul yo'q bo'lsa, firibgarlar mablag' tushadigan paytni kutadi. Shu bois, plastik kartangiz ma'lumotlarini bilmasdan notanish havolaga kiritgan bo'lsangiz, darhol bankka murojaat qilib, kartani bloklashingizga to'g'ri keladi.
Firibgarlarning iziga telegram orqali tushib bo'lmaydi. Faqat karta o'tkazmalari orqali ularni topish mumkin xolos. Agar shu kabi holatga duch kelsangiz albatta, ichki ishlar vazirligining kiberjinoyatga qarshi kurashish bo'limiga yoki “102” raqamlariga murojaat qiling.
Darhaqiqat, Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko'ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat etkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmanglar”(Hujurot surasi, 6-oyat).
Oyati karimada Alloh taolo “fosiq xabar keltirsa, aniqlab” xabarning sobitligini tekshirib ko'rishga amr qilmoqda. Afsuski ushbu oyatga amal qilmaslik oqibati katta musibatlarga sabab bo'ladi. Bir xabar kelishi bilanoq, surishtirmay, biror ish qilinsa, keyin xabarning yolg'onligi yoki xatoligi ayon bo'lsa, haqiqatdan afsus-nadomatga sabab bo'ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo “bir qavmga bilmasdan musibat etkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmanglar”, demoqda.
Shu ma'noda tanishingiz va yaqinlarizdan telegram orqali keladigan fayllarni yuklab olishga shoshilmang va zinhor telefon raqamingizga kelgan sms kodlar yoki boshqa shaxsiy raqamlarni shubhali joylarga kiritmang.
Alloh taolo barchamizni ziyrak va farosatli mo'min-musulmonlardan qilsin, bilib-bilmasdan boshqalarga ozor berib qo'yishdan saqlasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, hanafiy mazhabi asosida pok dinimizning asl mohiyatini ayol-qizlarga yetkazish, bid’at-xurofotlarning oldini olish muhim vazifa hisoblanadi. Bu jarayonda, tabiiyki, otinoyilarning alohida o‘rni bor.
Shu yil 13 avgust kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan otinoyilar ishtirokida tadbir tashkil etildi.
Yig‘ilishni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda diniy soha hodimlari, shu jumladan, otinoyilarning mas’uliyati, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni, ayol-qizlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, sof Islom dini ta’limotining asl mohiyatini keng ommaga yetkazish va har qanday jaholatni ilm-ma’rifat bilan yengish mumkinligi to‘g‘risida gapirdilar.
Tadbirda Toshkent shahar, “Ma’rifiy targ‘ibot markazi” davlat muassasasi direktori, “Shuhrat” medali soxibi, Xidirov Mirzoxid G‘ayratovich Toshkent shahar bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Zulayho Soatova, Toshkent shahar hokimligi mas’ul xodimasi Nilufar Irgasheva va Toshkent shahar tumanlari bosh imom-xatiblarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchilari va hudud otinoyilari ishtirok etdi.
Toshkent shahar, "Ma’rifiy targ‘ibot markazi" davlat muassasasi direktori, “Shuhrat” medali soxibi, Xidirov Mirzoxid G‘ayratovich 2025-yil 25-fevraldagi O‘zbekiston Respublikasining 1037-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining mazmun –mohiyati. Mutaassiblik nima? Radikalizm atamasi haqida. Mutaassib va radikal shaxsning belgilari, bir-biridan farqi va uni aniqlash usulari. Ular bilan suhbat o‘tkazish usullari to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Nilufar Irgasheva otinoyilar faoliyati bilan bog‘liq bir qator masalalar to‘g‘risida fikr almashdi. Shu bilan birga 6 oy davomida otinoyilar tomonidan amalga oshiriligan ishlar yuzasidan tahliliy fikrini bildirib, shuningdek, xar bir otinoyi MFY idoralarda “Jaxolatga karshi ma’rifat” loyihasi asosida tashkil etilayotgan manaviy-marifiy tadbirlarni o‘tkazishda faol bo‘lishlari lozimligini va ayollarni urfimiz va milliyligimizga xos kiyinishlarini va boshqalarga taqlid qilmasliklarini haqida bosqichma-bosqich tushuntirish ishlarini olib borishini ta’kidlab o‘tdi. Yig‘ilish doirasida otinoyilarning savollariga javoblar qaytarildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati