Agar sizning shaxsiy profilingizni buzib kirishgan bo'lsa, telegramingiz o'chib qoladi. Boshqatdan telegram ochganingizda sizning profilingizdan gruppalarga, kontaktlaringizga noma'lum fayl yuborilgan bo'ladi. Faylga "shu dasturni yuklab olsangiz sizga 1 500 000 so'm pul o'tqazib berishadi", kabi izohlar yozilgan bo'ladi. Bu haqda Uza.uz ogohlantirdi.
Sodda odamlar faylni ochadi, undagi havolaga kiradi. Havolada karta ma'lumotlaringizni kiritishingiz kerak bo'ladi. Ba'zilar kartaga tegishli shaxsiy ma'lumotlarini kiritishadi, soddaligidan hatto telefoniga kelgan KOD raqamlarini ham kiritadi. Bu esa o'sha zahotiyoq firibgarlarning kartangizdagi bor pullaringizni echib olishlariga turtki bo'ladi.
Agar kartangizda pul yo'q bo'lsa, firibgarlar mablag' tushadigan paytni kutadi. Shu bois, plastik kartangiz ma'lumotlarini bilmasdan notanish havolaga kiritgan bo'lsangiz, darhol bankka murojaat qilib, kartani bloklashingizga to'g'ri keladi.
Firibgarlarning iziga telegram orqali tushib bo'lmaydi. Faqat karta o'tkazmalari orqali ularni topish mumkin xolos. Agar shu kabi holatga duch kelsangiz albatta, ichki ishlar vazirligining kiberjinoyatga qarshi kurashish bo'limiga yoki “102” raqamlariga murojaat qiling.
Darhaqiqat, Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko'ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat etkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmanglar”(Hujurot surasi, 6-oyat).
Oyati karimada Alloh taolo “fosiq xabar keltirsa, aniqlab” xabarning sobitligini tekshirib ko'rishga amr qilmoqda. Afsuski ushbu oyatga amal qilmaslik oqibati katta musibatlarga sabab bo'ladi. Bir xabar kelishi bilanoq, surishtirmay, biror ish qilinsa, keyin xabarning yolg'onligi yoki xatoligi ayon bo'lsa, haqiqatdan afsus-nadomatga sabab bo'ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo “bir qavmga bilmasdan musibat etkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmanglar”, demoqda.
Shu ma'noda tanishingiz va yaqinlarizdan telegram orqali keladigan fayllarni yuklab olishga shoshilmang va zinhor telefon raqamingizga kelgan sms kodlar yoki boshqa shaxsiy raqamlarni shubhali joylarga kiritmang.
Alloh taolo barchamizni ziyrak va farosatli mo'min-musulmonlardan qilsin, bilib-bilmasdan boshqalarga ozor berib qo'yishdan saqlasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistoni Podshohligi Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi tomonidan 45-xalqaro Qur’on musobaqasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston nomidan Shukurbek qori Shuxratbekov va Dostonbek qori Sodiqov qatnashmoqda.
Ma’lumot o‘rnida Shukurbek Shuxratbekov “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining 3-kurs, Dostonbek Sodiqov “Sayyid Muhiyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtining 1-kurs talabasi sanaladi.
Alloh taolo ikki hamyurt qorimizni yuzlarini yorug‘ qilib, muvaffaqiyat va zafar ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati