بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي اَنْزَلَ الْقُرْآنَ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى أَشْرَفِ الاَنْبِيَاءِ وَالْمُرْسَلِيْنَ
وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِيْنَ
أمَّا بَعْدُ
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.
Hurmatli mehmonlar, muhtaram hay’at a’zolari, qori-qoriyalarimiz, musobaqani to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib borayotgan qalbi Qur’onga oshno aziz yurtdoshlar!
Bugun, barchamiz uchun nihoyatda qutlug‘ kun, katta xursandchilik ayyomi. Yurtimiz uzra yaxshiliklar, ilohiy rahmatlar yog‘ilib turgan damlarda Siz azizlar bilan O‘zbekiston Qur’on musobaqasi Respublika bosqichining ochilish marosimida jamlanib turibmiz. Ushbu musobaqaning yakuniy bosqichi «Rasululloh oyi» deya ta’rif berilgan Sha’bon oyida bo‘lib o‘tishida ham o‘ziga xos hikmat bor. Chunki, bu oy Qur’on nozil bo‘lgan oyga tayyorgarlik ko‘rish, Kalomullohni ko‘proq tilovat qilish, takrorlash oyi hisoblanadi. Bu esa, albatta, musobaqa fayziga fayz qo‘shadi, inshoalloh.
Xabaringiz bor, Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan boshlangan Qur’oni karim musobaqasi mo‘min-musulmonlarimiz ko‘pdan beri intiqib kutgan quvonchu shodliklarni olib keldi. Qalbda mamnunlik, ko‘zda yosh ila qilingan duolar, huzurbaxsh tilovatlar sabab yurtimizga fayzu barakalar yog‘ildi.
Quvonarlisi, ushbu musobaqaning ilk yilidayoq ishtirokchilar soni besh yarim ming nafardan oshdi. Aslida, olimu ulamo, qoriyu qurrolarga beshik bo‘lgan, din va dunyo ilmlari bilan Islom tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan allomalar zaminida, ularning soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin, kelgusi yilda bu raqam bir necha baravarga oshadi, inshoalloh.
Xalqimizning Qur’onga bo‘lgan muhabbati naqadar yuksak ekanini musobaqaning tuman-shahar, viloyat bosqichlarida guvohi bo‘ldik. Qishning sovuq kunlarida ham Qur’onga muhabbatli xalqimiz to‘p-to‘p bo‘lib musobaqani tomosha qilishga kelishdi. Chillaning sovug‘i avjiga chiqqan kunlarida ham tashqarida turib bo‘lsa-da, musobaqani kuzatishdi. Bu Allohning kalomiga bo‘lgan muhabbatning naqadar kuchli ekaniga dalolatdir.
Musobaqa o‘tkazilayotgan joylarga borib, kuzata olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yurtdoshlarimiz uchun ham sharoitlar tashkil etildi. Ular televideniye va internet saytlari orqali uylaridan turib ilohiy, fayzli onlardan bahramand bo‘lishdi.
O‘z navbatida, hududlardagi viloyat hokimliklari va mutasaddi tashkilotlar musobaqa ishlariga yaqindan ko‘mak berib, ishtirokchilarni tabriklab, tomoshabinlar uchun barcha shart-sharoitlarni hozir qilib berishdi. Bu – viloyat rahbarlarining aholi ma’naviyatiga, ma’rifatiga eksak e’tibor qaratayotgan-laridan dalolatdir. Ayni paytda ham Respublikamiz bo‘ylab, bir necha hududlarda ushbu musobaqani to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rish imkoni hozirlangani ming-minglab mo‘min-musulmonlarimizni cheksiz xursand qilmoqda.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Mo‘min-musulmon kishi uchun Haq taoloning kalomini o‘qish yoki uni tinglashdanda rohatbaxsh narsa bo‘lmaydi. Qur’oni karim insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan, aql yurgizib, tafakkur qilib, hidoyatga chorlaydigan muqaddas kitobdir. Inson Qur’oni karim oyatlarini yod olgani yoki eshitgani sari ruhi yengillashib, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lib boraveradi.
Alloh taolo Qur’on o‘quvchi va eshituvlarni maqtab, bunday marhamat qiladi:
إِنَّ الَّذِينَ يَتْلُونَ كِتَابَ اللَّهِ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَأَنْفَقُوا مِمَّا رَزَقْنَاهُمْ سِرًّا وَعَلَانِيَةً يَرْجُونَ تِجَارَةً لَنْ تَبُورَ لِيُوَفِّيَهُمْ أُجُورَهُمْ وَيَزِيدَهُمْ مِنْ فَضْلِهِ إِنَّهُ غَفُورٌ شَكُورٌ
«Allohning kitobini tilovat qiladigan, namozni barkamol ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora ehson qiladigan zotlar sira kasod bo‘lmaydigan tijoratdan (ajru savob bo‘lishidan) umidvordirlar. Zero (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O‘z fazlini ularga yanada ziyoda qilur. Albatta, U mag‘firatli va o‘ta shukr qiluvchidir» (Fotir, 29–30).
Zero, Qur’on o‘qilganda, mo‘min-musulmon banda butun vujudi bilan Kalomullohga some bo‘ladi. O‘qilayotgan oyatlar haqida tafakkur qiladi. Ana shunda ulug‘ ajru savoblarga erishadi. Bu haqida A’rof surasining 204-oyatida bunday deyiladi:
وَإِذَا قُرِئَ الْقُرْآَنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَأَنْصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
“Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!”.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam ham Qur’oni karimni o‘qigan, yod olgan kishilarni insonlarning eng yaxshisi deb ta’riflaydilar. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qiladilar:
خَيْرُكُمْ مَنْ تَعَلَّمَ الْقُرْآنَ وَعَلَّمَهُ
“Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, so‘ng uni boshqalarga ham o‘rgatuvchilardir” (Imom Buxoriy).
Yana bir hadisi sharifda:
مَنِ اسْتَمَعَ إِلَى آيَةٍ مِنْ كِتَابِ اللَّهِ تَعَالَى كُتِبَتْ لَهُ حَسَنَةٌ مُضَاعَفَةٌ
وَمَنْ تَلاَهَا كَانَتْ لَهُ نُوراً يَوْمَ الْقِيَامَةِ
“Kim Alloh taoloning Kitobidan bir oyatni eshitsa, unga ikki hissa ko‘p savob yoziladi. Kimda-kim Qur’onni tilovat qilsa, qiyomat kuni uning uchun yorituvchi nur porlaydi” (Imom Ahmad va Imom Bayhaqiy).
Qur’oni karim kalimalari ostidagi o‘ta teran ma’no-mazmun, hikmat borligi, har qanday inson Qur’oni karimning o‘ta ta’sirli oyatlarini eshitgan paytda, beixtiyor unga quloq tutib qolishi, butun vujudi bilan berilib tinglashi – bularning barchasi ushbu ulug‘ kitob butun olamlarning yaratuvchisi bo‘lmish Alloh taboraka va taoloning so‘zi ekaniga yana bir bor amin bo‘ladi.
Qadrli mehmonlar, musobaqamizni to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib borayotgan aziz Qur’on muxlislari!
Muhtaram Prezidentimiz 2017 yil 1 sentyabr kuni “Hazrati Imom” majmuasiga qilgan tashriflari chog‘ida Qur’on musobaqasini dastlab tuman, shahar va viloyat bosqichini so‘ngra Respublika bosqichini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edilar. Shunga muvofiq, bu yilgi musobaqa o‘zgacha ruhda, ko‘tarinki kayfiyatda, ommaviy tarzda o‘tkazildi. Buni barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘ldik. Bu bejizga emas, albatta. Chunki Qur’oni karimni yodlash, tinglash va anglashda hikmat ko‘p. Davlatimiz rahbari ta’birlari bilan aytganda: “Qur’onni eshitish, eshita olish yuksak ma’naviyat, ma’rifat. Qur’on hech qachon yomonlikka da’vat qilmaydi. Agar, Qur’oni karimni eshita olsak, eshittira olsak bu muvaffaqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi”.
Mana shunday ishlarning uzviy davomi sifatida shu yil 13 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda Qur’oni karim tilovati musobaqasining yakuniy Respublika bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi majlisida Bosh vazir janoblari tomonidan juda ham muhim vazifalar va topshiriqlar belgilab berildi. Hozirda barcha mutasaddi tashkilotlar Qur’on musobaqasini eng yuqori saviyada o‘tkazish uchun juda ko‘p xizmatlar qilishmoqda.
Ayniqsa, Diniy idoramizning doimiy hamkori bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkiloti musobaqani o‘tkazishda yaqindan hamkorlik qilish taklifi bilan chiqqani bizni quvontirdi. Biz ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildik. Yoshlar ittifoqi tashkiloti g‘oliblarini qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash kabi eng ulug‘ savobli ishlarni o‘z zimmasiga oldi, buning uchun albatta tashakkur aytamiz.
Fursatdan foydalanib, barcha tashkilotlar rahbarlariga, mutaxassislariga, ishchi-xodimlariga, barcha-barchaga va o‘zining sarmoyasi bilan hissa qo‘shgan saxovatpesha kishilarga katta minnatdorlik bildiramiz. Ularning el-yurt saodati, dinimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borayotgan fidokorona mehnatlarida ulkan zafarlar ato etishini Yaratgan Haq taolodan so‘raymiz. Alloh taboraka va taolo olib borayotgan ishlarida O‘zi madadkor bo‘lib, O‘zining hifzu himoyasida asrasin.
Qur’on tilovati paytida va undan keyin duolar qabul bo‘lishidan umid qilinishi borasida hadis kelgan. Bugun qalbi quvonchga to‘lgan mo‘min-musulmon yurtdoshlarimiz mana shunday fayzu barakotli kunlarda qo‘llarini baralla duoga ko‘tarib, uning shukronasi uchun Parvardigorimizga hamdu sanolar aytishmoqda. Bu ishga tashabbuskor bo‘lgan Davlatimiz rahbari, barcha mutasaddilar haqlariga duolar qilishmoqda. Yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun duolar qilmoqdalar.
Albatta, ushbu xayrli va fazilatli musobaqa, duolar sababidan jonajon O‘zbekistonimizga yaxshiliklar, barakalar yog‘ilib, kunlarimiz bundan-da nurafshon, hayotimiz yanada farovon bo‘ladi, inshoalloh.
Respublika bosqichiga yetib kelgunga qadar, ming-minglab yigit-qizlarimiz orasidan tuman-shahar va viloyat bosqchilarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, yakuniy bosqichda ishtirok etayotgan qoriyu qoriyalarimizga muvaffaqiyatlar, zafarlar tilab qolamiz. Alloh yuzlarini yorug‘, ishtiroklarini oson qilsin!
O‘zbekistonda ommaviy tarzda o‘tkazilayotgan birinchi Qur’oni karim tilovati musobaqasining Respublika bosqichini ochiq deb e’lon qilaman.
O‘MI Matbuot xizmati
Nuqtayi nazar
Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. 2174 ta islomiy va 198 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatapti. So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda jami 130 ta – 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 102 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Joriy yil 25 fevral kuni qabul qilingan qonun asosida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilyapti.
Mazkur hujjat vijdon erkinligiga bo‘lgan huquq va O‘zbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsip va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
2017 yilga qadar mamlakatimizda 3 ta oliy (1 ta islomiy, 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Bugun esa 16 ta diniy ta’lim muassasasi bor, ularning 6 tasi oliy o‘quv yurtidir.
Mazkur sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni nafaqat diniy-ma’rifiy soha, balki keng jamoatchilik tomonidan ham mamnuniyat bilan kutib olindi.
Sodiq Toshboyev,
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 25 aprel, 84-son