Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashining 2018 yil 22 yanvardagi 1-sonli majlis bayoni ijrosi yuzasidan joriy yilning may oyi davomida “Hadisi sharif bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi.
Tanlovda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari talabalari, yosh imom-xatiblar hamda hadis ilmiga qiziqishi bo‘lgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolar 2018 yilning
20-25 aprel kunlari mobaynida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti, Toshkent shahri va viloyatlar vakilliklarida ro‘yxatga olinadi.
Tanlovning birinchi bosqichi 2018 yilning 1-5 may kunlari davomida viloyatlar kesimida o‘tkaziladi.
Tanlovda ishtirok etish shartlari.
Tanlovda diniy ta’lim muassasalari talabalari, yosh imom-xatiblar hamda hadis ilmiga qiziqishi bo‘lgan kamida 40 ta hadisni (arabcha matni bilan) yoddan bilgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov uchta shartdan iborat bo‘ladi:
- Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatini yoritib berish;
- berilgan hadisni sharhlab berish (hadisni tarjima qilish va undan olinadigan foydalarini bayon qilish);
- hadisni arab tilidagi matnini roviylari bilan yoddan aytib (berilgan boblar bo‘yicha bittadan hadis aytish) berish.
Tanlovning Respublika bosqichini o‘tkazish vaqti qo‘shimcha e’lon qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati