Avvalroq, O‘zbekiston Qur’on musobaqasining Respublika bosqichi Toshkent shahri Talabalar shaharchasidagi “Yoshlar markazi”da 21-24 aprel kunlari (yigitlar) va 25-26 aprel kunlari (ayol-qizlar) o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.
Musobaqa jarayonini onlayn namoyish etish uchun manzillar haqida ham ma’lumot bergan edik. Yirik inshootlarda katta hajmdagi monitorlar o‘rnatilib aholimiz uchun qulay sharoit yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi “Navro‘z” davlat qabullar uyida xotin-qzlar uchun onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan edi. Biroq aholi talabidan kelib chiqqan holda yanada yirikroq inshootda o‘tkazishga qaror qilindi. Endilikda xotin-qizlarimiz Musobaqani Toshkent shahri, Beruniy ko‘chasi, 41-uyda joylashgan "Xalq iste’mol tovarlarining ko‘rgazma-yarmarka savdosi Respublika markazi" MCHJ binosidan onlayn kuzatishlari mumkin. Mo‘ljal: "Beruniy" metro bekati.
O‘MI Matbuot xizmati
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurtida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun tashkil etilgan "Qur’oni karim va tajvid" o‘quv kursining navbatdagi bosqichi boshlandi.
Ta’kidlash joizki, bilim yurtida ushbu o‘quv kursi bir necha yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelmoqda. O‘tgan yillar davomida minglab tinglovchilar bu dargohda Qur’oni karimni to‘g‘ri o‘qish va tajvid ilmini o‘rganishga muvaffaq bo‘lishdi.
Davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlar, madrasa rahbariyati va ustozlarining tinimsiz sa’y-harakatlari natijasida mazkur muassasa Qur’on ilmini o‘rganuvchilar uchun ham yuksak darajadagi ilm maskaniga aylangan. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun alohida sharoitlar yaratilgani tahsinga sazovor.
Tinglovchilarga bilim yurti tomonidan "Muallimi soniy" va Qur’oni karim hadya qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati