Islom – ilmu ma’rifatga yetaklovchi muqaddas din. Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgan ilk oyatlarida bunday amr qiladi: “O‘qing ( ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Rabbingiz esa karamli zotdir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o‘rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi” (Alaq surasi 1-5 oyatlar).
Ushbu oyat mazmunidan bildikki, islomning ilk boshlanishi ilm olishga targ‘ib qilish bilan yuzaga kelgan. Shunday ekan, islom – ilm manbai deb aytishga xaqlimiz. Zumar surasining 9-oyatida “...Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!...” deb marhamat qilingan. Albatta, ularning teng bo‘lmasligi hammaga ayon. Chunki ilm insonni ma’naviyatga, ma’rifatga yetaklab darajasini yuksaklarga ko‘taradigan yagona manbadir. Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, balki ilmni meros qilib qoldirganlar”, deb marhamat qilganlar.
Demak, islom dinida ilm har qanday boylikdan ustun keladigan bebaho durdonadir. Islom misoli bir qaynab turgan buloq bo‘lsa, ilm undan otilib chiqayotgan zilol suv zarralaridir. Kimgaki ana shu suvdan ichish nasib qilgan bo‘lsa, dunyo va oxiratda uning darajasi baland bo‘ladi.
Tarixdan ma’lumki, bizning bobakalonlarimiz islom dini asosida fanlarni chuqur o‘zlashtirib ilm cho‘qqisida baland parvoz qilganlar. Hozirgacha va hatto qiyomatgacha insoniyatni lol qoldiradigan darajadagi ilm, fan yutuqlariga erishganlar. Bugunlik kunda ham yurtimizda olib borilayotgan odilona siyosat xalqimizning ilmga bo‘lgan qiziqishini kundan kunga oshirib inson manfaatini yuqori darajaga olib chiqishga qaratilgan.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16 aprel kuni qabul qilingan “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni taminlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Farmondagi islom ilm-fani va madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, mamlakatimiz davrug‘ini jahon miqiyosida keng yoyish ishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan shaxslarni rag‘barlantirish maqsadida “Imom Buxoriy” davlat mukofatini ta’sis etish haqidagi bandi, yurtdoshlarimizning o‘z ustida yanada mas’uliyat bilan ishlab O‘zbekistonimizning dunyo sahnasidagi o‘rnini balandlarga ko‘taradi, inshoalloh.
Yana bir bandida diniy-ma’rifiy sohada namunali faoliyat yuritayotgan, ijtimoiy-ma’naviy ishlarda alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan soha vakillarini rag‘barlantirish, shu jumladan, davlat mukofotlariga taqdim etish masalasi aytilgani islom dinining tinchlik, do‘stlik, ilmu fanni targ‘ib qiluvchi xaq din ekanini yana bir bor tasdiqlaganidir.
Islom yaxshilikni, savob ishni, ezgulikni qo‘llab-quvvatlaydi. Farmonning yana bir bandida Hadis ilmi maktabini tashkil etilishi hamda Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini o‘rganish, hadisshunos mutaxasislarni tayyorlash Hadis ilmi maktabining asosiy vazifalari etib belgilanganligi yurtimizdan yana Imom Buxoriy izidan boradigan muhaddislar yetishib chiqishiga poydevordir.
Ibroxim surasining 7-oyatida Alloh taolo: “Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan) ne’matlarimga shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yunoshukrlik qilsangizlar, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, deb marxamat qilgan. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, tinchlik-xotirjamlik, tez suratda rivojlanish – buning bari Allohning bizga bergan in’omlaridir.
Shunday ekan, hammamiz jam bo‘lib yurtboshimiz chiqarayotgan farmoni oliylarni hayotimizga tadbiq etib shukronalar qilishimiz eng to‘g‘ri yo‘ldir. Ahmad va Muslim rivoyat qilgan hadisda: “Kimki biror kishini yaxshi ishga da’vat qilsa, unga o‘sha yaxshilikni bajarganning savobi beriladi”, deyilgan. Zero, yaxshilikka dalolat qilish musulmon bandaning har kuni qilishi lozim bo‘lgan ishlaridandir.
Alloh taolo hammamizga savob ishlarda bardavom bo‘lib, inoq-ittifoq, ahillikda hayot kechirishimizni nasib qilsin.
Zayniddin ESHONQULOV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.
Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...
Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan