Yurtimizda ajib o‘zgarishlar zamoni kechyapti. Har tongda quvonchli bir xabar eshitamiz.Har kuni ishxonaga kelganda kompyuterni yoqib Internetga kirganda xalqimiz hayotiga doir ajoyib bir yangilikni ko‘rib qalbimiz sevinchga to‘ladi.
Bu o‘zgarishlar, nafaqat xalqimizni, balki xorijlik siyosatchilarni ham mamnun etmoqda. Jumladan, AQSHning eng ko‘p adadli gazetalaridan biri “The New York Times” gazetasida o‘tgan hafta O‘zbekiston haqida chop etilgan katta maqolada “Janob Mirziyoyev o‘zgarishlarni boshlab berdi va endi AQSH hamda Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan bog‘liq har qanday munosabatlarni, u xoh investitsiya, xoh taraqqiyot dasturlari bo‘lsin, mamlakatda inson huquqlari ahvolining yanada yaxshilanishi bilan bog‘lashi nihoyatda muhimdir”, deyiladi.
Taniqli iqtisodchi, Rossiya Fanlar akademiyasi xodimi Yelena Kuzmina esa O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi asosiy “nyusmeyker”ga aylanganini ta’kidladi. Mintaqada bugun kuzatilayotgan deyarli barcha jarayonda O‘zbekistonning hissasi mavjud. Respublikadagi ichki va tashqi islohotlar hozirgi kunda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgani, mamlakat ichki siyosati hamda iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar uning tashqi siyosatini samarali tarzda hayotga tatbiq qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratayotganini ta’kidladi.
Ma’rifat – xaloskor
Ushbu yuksalishlar jarayonida Islom dinimizga davlatimiz rahbarining alohida e’tibor qaratayotgani xalqimizni behad mamnun qilayotir.
Ayniqsa, o‘tgan kuni muhtaram Prezidentimiz chiqargan “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni elimizning diniy ma’rifatga bo‘lgan ishtiyoqini qondirish, yoshlarimizning ilm olish borasidagi ehtiyojini ta’minlash va diniy soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi yana bir qadam bo‘lib, diniy-ma’rifiy ishlar salmog‘ini yanada yuqoriga ko‘taradi. Ushbu farmon matbuotda e’lon qilinganda uni katta xursandchilik bilan qarshi oldik. Xususan, diniy sohada xizmat qilayotgan masjid imom-xatiblari, xodimlari, madrasa mudarrislari va diniy-ilmiy markazlar ilmiy tadqiqotchilariga berilgan imkoniyatlar quvonchimizga katta quvonch qo‘shdi.
Mazkur farmonning birinchi bandida “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan ulug‘vor g‘oya asosida Islom dinining asl mohiyatini, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar qadriyatlarimiz ifodasi ekanini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etish masalasi ta’kidlangan.
Binobarin, yer yuzida insoniyat necha ming yilliklar davomida hayot kechirayotgan bo‘lsa, har doim ezgulik va yovuzlik, jaholat va ma’rifat o‘rtasida kurash davom etib kelayotir. Maboda, ajdodlar jaholatga qarshi jaholat bilan kurashganida yer yuzidagi hayot allaqachon barbod bo‘lgan bo‘lar edi. Tinchliksevarlik, insonparvarlik fazilatlari azaliy diniy qadriyatlarimiz bo‘lgani tufayli millatimiz tarix sahnasida o‘z o‘rniga ega millat sifatida qadr topib kelgan. Bugun Prezidentimiz yuritayotgan siyosatning asosiy g‘oyasi shu bo‘lgani tufayli ham barcha davlatlar rahbarlari va yirik siyosiy arboblar Yurtboshimizga iliq munosabatda bo‘lishga intilmoqdalar.
Xalqaro islom akademiyasi – bilim xazinasi bo‘lajak
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil etilishi va unda respublikadagi barcha islom ta’lim muassasalari faoliyatini o‘quv-uslubiy jihatdan ta’minlash amalga oshirilishi ilmiy tadqiqot ishlarining stixiyali ravishda emas, balki tizimli davom etishiga munosib sharoit yaratadi. Farmonda aytilganidek, bunda islomiy ilmlarning barchasi qamrab olinadi. Xorijiy tillar nafaqat puxta o‘rgatiladi, balki o‘sha tillarda fundamental ilmiy ishlar ham yoziladi. Bu dargohda yetishgan kadrlar birgina O‘zbekistonning kadri emas, Islom dinining malakali mutaxassisi bo‘ladi. Ular dunyoning istalgan davlatlarida o‘z sohalari bo‘yicha o‘rgangan tillariga qarab bemalol ishlab ketaveradilar. Chunki xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud bo‘lgan sohalar bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashga, o‘rta maxsus, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, malaka oshirish bosqichlarida uzluksiz ta’limning yaxlit tizimini tashkil etishga va ilmiy merosni chuqur tadqiq qilish va asrab-avaylashga, diniy va dunyoviy bilim berishga ixtisoslashgan yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi bu dargoh.
Xalqaro islom akademiyasi tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari mintaqaviy filiallarida imom-xatiblar, imom noiblarining malaka oshirishi esa ularning o‘zlari ustida muntazam ishlashi, ilmini muttasil boyitib borishiga, mamlakatimizda va dunyoda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy voqealardan, ilmiy yangiliklardan xabardor bo‘lib borishiga, dunyoqarashining boyishiga xizmat qiladi.
Hadis – Qur’on tafsiri
Islom dinining mohiyati, Qur’on ilmining asosi hadisi sharifda o‘z ifodasini topgan. Demak, hadislarda insoniyatning o‘tmishi, buguni, ertasi mufassal bayon etilgan. Shu jihatdan, Hadis ilmi maktabining tashkil etilishi malakali hadisshunos mutaxassislarni tayyorlashda katta ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda hadis ilmining shakllanishiga marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Hadis va hayot” kitobi asos bo‘lgan esa-da, bu muhim sohaga yetarlicha e’tibor qaratilgani yo‘q edi.
Hadis ilmi maktabi fiqh, aqida va boshqa barcha ilmlarning takomiliga xizmat qiladi, inshoalloh.
Vaqf – Allohning mulki
Vaqf masalasi mudhish istibdod yillariga qadar har doim ajdodlarimiz e’tiborda bo‘lib kelgan. Tarixda hatto shunday davrlar bo‘lganki, xalqning farovonligi, mamlakat ma’murligi, obodonchilik ishlarida davlat ajratgan mablag‘dan vaqfdan ajratilgan mablag‘lar ko‘p bo‘lgan.
Vaqf ishlariga mas’uliyat bilan yondashgan hazrat Navoiy “Vaqfnoma” degan asar ham yozgan. O‘sha asarni o‘qisangiz, Hirotda va yon-atrofida qurilgan inshootlar, solingan ko‘priklar, ochilgan masjid-madrasalar, maqbaralar, shifoxonalar, hammomlar... Alisher Navoiy vaqf uchun ajratgan mablag‘ hisobidan qurilganiga guvoh bo‘lasiz.
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari etib:
masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash;
diniy ta’lim muassasalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
masjidlar xodimlarini, xususan, imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan ushbu idora tizimidagi diniy-ma’rifiy tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarga, shu jumladan, imom-xatiblarga oylik ish haqi to‘lash;
faoliyat yuritayotgan uy-joyga muhtoj xodimlarni xizmat uy-joylari bilan ta’minlash kabi masalalar belgilandi.
Buni eshitib yurtimizda xursand bo‘lmagan odam qolmadi. Chunki shu vaqtga qadar imom-xatiblar, ularning noiblari va masjidlarning boshqa xodimlariga qaratilayotgan e’tibor o‘ziga yarasha edi. Endi esa Allohning uyining ana shu xizmatchilari munosib maosh oladilar, muhtojlariga zaruriy miqdorda yordam ko‘rsatiladi, uy-joyga ehtiyojmandlari boshpana bilan ta’minlanadi. Ular esa ilmini yanada boyitish, elimizga yanada ko‘proq manfaat yetkazish harakatida bo‘ladilar.
Moddiy manfaatdorlik oshadi – ilm olish yuksaladi
Shayx Sa’diy hazratlari aytadiki, qadimda o‘tgan odil podishohlardan biriga donishmand vaziri bunday maslahat bergan ekan: “Podshohim, zohidga hech narsa bermang, u ibodat bilan mashg‘ul bo‘lsin, olimga pul bering, u ilmini boyitishga sarflasin”.
Darhaqiqat, inson risoladagidek bilim olishi uchun moddiy mablag‘ga kuchli ehtiyoji bor. Kunduzlari talabalarga dars berib kechalari tirikchilik uchun birovlarning nomidan yengil-yelpi kitoblar yozadigan olim bilan kunduzlari dars berib tunlar yangi asarlarni o‘qib-o‘rgangan, o‘zining nomidan fundamental asarlar yozgan olim o‘rtasida farq bo‘ladi, albatta.
Farmonda ustozlarning ana shu manfaatdorligi e’tiborga olinib, 2018 yilning 1 iyulidan boshlab Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ishlovchi o‘qituvchi, ilmiy xodim va mutaxassislarga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 3 baravar (Markaz xodimlariga – 4 baravar) miqdorda qo‘llaniladigan bo‘ldi.
Ana endi bilim olish va ilm o‘rgatish – yuksalish va ravnaq topish zamoni keldi.
Farmonga o‘ta donishmandlik bilan kiritilgan bandlardan birida pensionerlarga ularning ushbu tashkilotlardagi faoliyati yagona bo‘lgan taqdirda pensiyalari to‘liq to‘lanishi masalasidir. Chunki ahli ilmlar aynan shu yoshga yetganda pishib-yetiladi va haqiqiy olimu donishmandga aylanadi. Ularni ana shunday meva beradigan yoshga yetgan choqda pensiyaga kuzatib yuborishdan yurtimiz ilmi ko‘p narsa yutqazadi. Ilm sarflangani sayin ko‘paygani kabi olimlar ham tajriba o‘tagani sayin sermahsul bo‘lib boradi.
Ko‘plar orzu qilgan mukofot
Saxovatli yurtimizda olimlarni, san’atkorlarni va boshqa soha ustalarini rag‘batlantiradigan mukofotlar bisyor. Masalan, tibbiy fanlar uchun Beruniy mukofoti, Adabiyot ahli uchun Navoiy mukofoti va hokazolar. Ushbu mukofotlar bilan taqdirlangan olim va ijodkorlarni hurmat qilib, ularga havas qilamiz. Ammo butun umrini Islom ilmiga bag‘ishlagan, hisobsiz kitoblar nashr ettirgan, ma’ruzalari bilan insonlar qalbini yoritgan diniy ulamolarimizni benihoya hurmat qilamiz. Ular bilan bir davrada o‘tirib qolganimizdan faxrlanamiz. Har kuni hayotimizda ulardan o‘rgangan ilmlardan foydalanamiz. Diniy idora tizimida juda ko‘p yillar mehnat qilgan e’zozli va e’tiborli olimlarimizning birortasining davlat mukofotini qo‘yaturing, birorta medal bilan taqdirlanmaganini hech xayolimizga keltirganmidik? Bu zotlarning hech mukofotlanmaganini Prezident farmonidan keyin payqab qolmadikmi!
Prezidentimizning Farmonida ana shu masalaga alohida e’tibor qaratilib, Islom ilm-fani va madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, mamlakatimiz dovrug‘ini jahon miqyosida keng yoyish ishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida “Imom Buxoriy” davlat mukofotini ta’sis etildi.
Olimga ham e’tibor qaratilsa, ilm yo‘lida chekkan zahmatlari, bajargan ishlari uchun rag‘batlantirib qo‘yilsa, uning ko‘ngli o‘sadi, ishiga muhabbati yanada ziyoda bo‘ladi, yangi-yangi asarlar yozishga g‘ayrati ortadi. Bundan esa xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz yutadi. Zotan, Prezidentimizning istagi ham shu emasmi o‘zi!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Albatta, Navoiy merosining qirralari va ufqlari g‘oyatda keng. Ammo asosiy jihati bu zot musulmon mutafakkiri bo‘lib, o‘z borlig‘ini va haqiqatini mana shunda ko‘rganligidir. Islom haqiqatlari uning butun merosiga mazmuniga singdirib yuborilganidan tashqari, bevosita din ilmlariga bag‘ishlangan asarlari ham yetarlicha. Jumladan, qirq hadis sharhiga bag‘ishlangan “Arba’in” risolasi ham shular jumlasidandir. O‘tmishda ko‘plab olimlar qirq hadis bitish va uni sharhlashga katta e’tibor qaratishgan va bu ish an’anaga aylangan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ayrim hadislarning birida shunday deyiladi:
“Kim ummatim uchun ularning dini borasidagi qirq hadisni saqlab yetkazsa, Alloh uni qiyomat kunida faqih va olim qilib tiriltiradi” (Imom Doraqutniy va boshqalar Mu’oz va Ibn Abbos roziyallohu anhumlardan rivoyat qilgan) (Suyutiy. Jam’ al-javome’. 21368-raqam).
Ta’kidlanidek, Abdurahmon Jomiyning “Chihil hadis” (Qirq hadis)ini Alisher Navoiy turkiyga tarjima qilgan. Shoirning niyati, asar muqaddimasida ta’kidlanganidek, “forsiydonlar idrok aylagan” qirq hadis mohiyatidan turkiyzabonlarni ham bahramand qilish edi. Bu hadislarni she’rga solishda esa barcha shoirlar ularning oson tushunilishini, yodda saqlanilishini ham nazarda tutganlar:
Forsiydonlar aylabon idrok,
Oriy (xoli) erdi bu naf’din atrok (turklar).
Istadimki, bu xalq ham bori
Bo‘lmag‘aylar bu naf’din oriy.
Navoiy o‘z asarini hadisi sharifning barcha uchun bo‘lgan ulkan ahamiyati haqidagi quyidagi go‘zal bayt va ma’nolar bilan boshlaydi:
Hamd angakim, kalomi xayrmaol
Qildi elga rasulidin irsol.
Ul rasuleki, ham kalomi fasih
Elga tegurdi, ham hadisi sahih,
To ulus jahldin xalos bo‘lub,
Ilm xilvatgahiga xos bo‘lub,
Chun tamug‘din (do‘zaxdan) najot topqaylar,
Uchmaq (jannat) ichra hayot topqaylar.
Jalla zikruh zihe ilohi rafi’,
Azza kadruh zihe rasuli shafi’.
Ana shu hadislar orasida Imom Termiziyning “Sunan” asarida keltirilgan bir qator hadislar ham o‘rin olganligi diqqatga sazovor. Jumladan, uning ilk hadisi shunday boshlanadi:
“Lo yu’minu ahadukum hatta yuhibbu li-axihi mo yuhibbu li-nafsihi”.
“Sizlardan hech biringiz toki o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsasini birodari uchun ham yaxshi ko‘rmagunicha mo‘min bo‘lmas”.
Ushbu hadisni Imom Buxoriy, Muslim, Nasaiy, Ibn Moja, Dorimiy va boshqalar bilan bir qatorda Imom Termiziy ham rivoyat qilgan bo‘lib, sahoba Anas roziyallohu anhudan naql etgan ushbu hadis haqida o‘zining “Sunan”ida (2515-raqam) deydi: “Bu sahih hadisdir”.
Alisher Navoiy ushbu ulug‘ hadisni shunday sharhlaydi:
Mo‘min ermastur, ulki iymondin
Ro‘zgorida yuz safo ko‘rgay,
Toki qardoshiga ravo ko‘rmas –
Har nekim o‘ziga ravo ko‘rgay.
Ikkinchi hadis ham boshqa ishonchli manbalar qatori Imom Termiziy “Sunan”idan joy olgan va uni sahoba Mu’oz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan (2521-raqam):
Man a’to lillahi va man’a lillahi va ahabba lillahi va abg‘aza lillahi faqadistakmala iymanahu.
“Kim Alloh uchun bersa, Alloh uchun man’ qilsa, Alloh uchun yaxshi ko‘rib, Alloh uchun yomon ko‘rsa, darhaqiqat, iymonini kamolga yetkazibdi”.
Imom Termiziy rivoyatida: “Alloh uchun nikohlansa...” degan ziyoda ham bor. Navoiy keltirgan ayni lafz esa Imom Abu Dovud “Sunan”ida uchraydi va Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilingan (Suyutiy. Jam’ al-javome’, 20166-raqam).
Demak, kishi oldi-berdi, yaxshi va yomon ko‘rish masalalarida o‘z havoyi nafsiga ma’qul bo‘lgan yo‘ldan borib, uni o‘lchov qilib olishi kishini adashtiradi, aksincha bu borada Haqning haqiqat mezonini o‘lchov qilganda yutuqqa erishadi, iymoni o‘shanda kamolotga yetgan hisoblanadi. Shulardan kelib chiqib, Navoiy deydi:
Kimgakim hubbu bug‘zu man’u ato
Haq uchun bo‘ldi jazm bil oni,
Kim erur tengri lutfidin komil
Ahli imon qoshida iymoni.
Uchinchi hadis ham Imom Termiziy “Sunan”ida mavjud bo‘lib, sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan (2627-raqam):
al-Muslimu man salimal-muslimuna min yadihi va lisonihi.
“Musulmon – qo‘li va tilidan musulmonlar salomat bo‘lgan kishidir”. Hadisning davomida deyiladi: “val-Mo‘min man aminahun-nas min ’ala dimaihim va amvalihim” – “Mo‘min esa odamlar undan qonlari va molu dunyolari borasida emin bo‘lgan kishidir”.
Ushbu hadisdan kelib chiqadiki, mo‘min-musulmonlik faqat da’vo qilish bilan bo‘lmaydi, balki uning samarasi ham lozim bo‘lib, bu uning nechog‘lik kamolot yetganiga bog‘liq. Ushbu dastlabki uch hadisda aynan shunga urg‘u berilgani iymon va Islom kishida faqat rasm-rusum sifatida qolib ketmasdan, balki uning haqiqati kishida namoyon bo‘lishi, shunda avvalo o‘zi, qolaversa boshqalar ham bu iymonidan bahra topishiga e’tibor qaratilmoqda. Zero, kishi birgina kalima bilan mo‘min-musulmon bo‘lishi mumkin, ammo uning haqqini butun umri davomida ado etishga doim urinishi lozim. Jumladan, birinchi uch hadisi sharifda kelgan ma’nolarga ko‘ra, o‘ziga ravo ko‘rganni birovga ravo ko‘rishi, oldi-berdi, yaxshi va yomon ko‘rish masalasida nafs xohishiga emas, haqiqatga ergashishi, odamlardan qo‘li va tili bilan yetadigan ozorlarini tiyishi shular jumlasidandir. Hatto Navoiy uchinchi hadis sharhida deydi:
Kim musulmonlig‘ aylasa da’vo,
Chin emas gar fido qilur jonlar.
Ul musulmondururki, solimdur.
Tiliyu ilgidin musulmonlar.
Demak, kishi hatto jonini fido qilguday bo‘lsa ham odamlarga ozor beruvchi va tajovuz qiluvchi bo‘lsa, iymon kamolotidan mahrum bo‘lishi mumkin. Chunki boshqa hadislarda kelganidek, odamlar orasidagi haqlar qiyomatda kechilmaydi va zulm ko‘rgan kishiga zulm qilganning savob amallaridan olib beriladi yoki zulm ko‘rganning gunohlaridan olinib, zulm qilganning bo‘yniga qo‘yiladi. Natijada hasrati ulkan bo‘ladi.
E’tiborli jihati, Navoiy ushbu hadislarning ishonchliligiga ham urg‘u berib, deydi:
O‘qug‘onda Buxoriyu Muslim
Qirq so‘z borcha shubhadin solim.
Ya’ni bu qirq hadis Imom Buxoriy va Muslim hamda shu kabi ulug‘ Imomlarning mo‘tabar hadis manbalaridan terib olinganki, ular shubhalardan salomatdir. Shuning uchun:
Bu kun o‘lsa hadislarga muti’,
Tongla bo‘lg‘ay muhaddis anga shafi’.
Ya’ni inson bunday ulug‘ so‘zlardagi yetuk va asl ma’nolarga bu dunyodagi tirikligida astoydil itoat etmog‘i kerakki, shoyadki buning sababidan ertaga qiyomat kunida ularni aytuvchi kishi – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shafoatlariga muyassar bo‘lsa va ikki dunyo g‘amidan najot topsa.
Bu rivoyatlarda kelgan ma’nolar inson hayoti uchun asosiy qadriyat va o‘lchovlar sifatida shakllanishi qanchalik muhimligi ko‘rinib turibdi. Navoiy bobomizning bularni nazmga solishlari esa uni bizga yanada yaqinroq qilishga xizmat qiladi va ma’nolarni teranroq anglashimizga sabab bo‘ladi.
Foydalanilgan manbalar:
Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. al-Jome’ al-kabir. VI. – Bayrut: Dor al-g‘arb al-islomiy, 1998. Birinchi nashr.
Jaloliddin Abulfazl Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy Qohiriy. Jam’ al-javomi’ al-ma’ruf bi-jami’ al-kabir. XXIV. – Azhar: Dor as-sa’oda lit-tiba’a, 2005. Yangi nashr.
Alisher Navoiy. Arba’in. Matnni nashrga tayyorlovchi Suyima G‘aniyeva. – Toshkent: Fan, 2000. – 32 b.
Jo‘rabek Cho‘tmatov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
katta ilmiy xodimi (PhD)