BAAda dunyoning eng zo‘r xattotlari o‘rtasida har yili o‘tkaziladigan sakkizinchi ko‘rgazma davom etmoqda. Unda turli mamlakatlardan kelgan xattotlarning besh yuzdan ortiq ishlari namoyish etilmoqda. Bu yilgi namoyishlar “Mohiyat” mavzusida bo‘lib o‘tmoqda.
Amirlik Madaniyat va axborot departamenti raisi Abdulloh al-Uvaysning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rgazmani bunday nomlanishidan maqsad, zamonaviy texnologiyalar asrida xattotlik san’atining ko‘p asrlik sinoatini ochishdan iboratdir.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan xattotlik namunalarini 2 iyunga qadar “Sharja yuragi” tarixiy majmuasining bir qancha maydonlarida – Xattotlik markazi, Arab xattotlik va manzarali san’at markazi, “Dar Al-Nadwa” Madaniyat markazi va boshqlarda tomosha qilish mumkin.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Payg‘ambarlar qissasidagi eng go‘zal hissiyot – ularning ham biz kabi inson bo‘lganliklaridir. Alloh taolo bizga iymon inson tabiatini o‘zgartirmasligini, balki uni tarbiya qilishini anglatishni xohlayapti. Iymon shahvatlarni vayron qilmaydi, balki ularni tartibga soladi!
Nuh alayhissalom o‘g‘illarining cho‘kayotganidan qiynaldi. Otalik tuyg‘usi bilan o‘g‘lini himoyasi uchun Allohga munojot qildi. Ammo Robbi bundan qaytargach, to‘xtadi. Muso alayhissalom sehrgarlar arqon va asolarini tashlaganida qo‘rqdi. U kishining iymoni zaif emas edi. Ammo u kishi ham inson edi. Insonligiga borib qo‘rqdi. Alloh bilan roz aytib qavmi oldiga qaytganida ularning buzoqqa ibodat qilayotganini ko‘rib g‘azablandi. Qo‘lidan Tavrot lavhlari tushib ketdi. Zero, ba’zi bir holatlar insonni insonlik chegarasidan chiqarib yuboradi!
Olamlarning sayyidi bo‘lmish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham boshqa payg‘ambar birodarlari kabi bashar edilar. Inson ekanliklarini aytishdan uyalmas edilar. Insonlik nuqson emas. Aksincha, ana shu jihatning o‘z mo‘jiza bo‘ladi. Hislaring bilan, tashvishlaring bilan, mahzunliging bilan, qayg‘ung bilan insonligingcha qolib, so‘ngra olamni o‘zgartirishga harakat qilishing mo‘jizadir!
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga dedilar:
«Men ham insonman. Mening huzurimga xusumatlashib kelasizlar. Ehtimol ba’zingiz boshqangizdan dalil keltirishda mohirroq bo‘lar. Men eshitganimga ko‘ra uning foydasiga hukm chiqaraman. Men kimga bir haqni hukm qilsam, demak, unga do‘zaxdan bir parchani kesib beribman. Istasa uni olsin, istamasa tashlasin!».
Qozining huzuriga xusumatlashib kelgan ikki kishining biri ehtimol gapga usta bo‘lib, boshqasi ojiz bo‘ladi. Qozi gapga usta insonning chiroyli dalil keltirgani uchun uning daliliga qarab uning foydasiga hukm chiqaradi. Endi Savol: Qozining hukmi halolmi yoki harom?
Allohga qasamki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning chiqargan hukmlari kishiga birodarining haqqini yeyishni halol qilib bermaydi. Qozining hukmini qo‘yavering!
Bugungi musulmonlar mubtalo bo‘lgan narsalardan biri shuki, kishilar halolni qiladilar, ammo haromdan saqlanmaydilar. Avvalgilar dinni halolni qilishdan ko‘ra ko‘proq haromdan saqlanishda deb bilishar edi!
Molik ibn Dinor rohimahulloh aytadi: «Kishining yuz ming dirham sadaqa qilganidan, harom bo‘lgan bir dirhamni tark qilgani yaxshiroqdir!».
Halolni yaxshi ham, yomon ham, solih ham, osiy ham qilaveradi. Ammo haromdan faqatgina qalbi Alloh uchun xolis bo‘lganlargina qaytadi.
Yolg‘onchi va xiyonatkor savdogar yetimni kafillikka olishi mumkin. Bu ulug‘ ish. Ammo uning xiyonatdan va yolg‘ondan saqlanishi, kishilarning molini harom yo‘l bilan yeyishdan saqlanishi bundan ham ulug‘roq ishdir. Chunki Alloh taolo pokiza Zotdir. Pokiza narsalarni qabul qiladi!
Tungi bar sohibi bo‘lgan kishi masjid ochganidan, uning qurilishiga hissasini qo‘shganidan gapiradi. Ammo uning o‘z tungi barini yopishi Alloh uchun masjid bino qilganidan suyukliroqdir!
Nasha yoki mast qiluvchi ichimliklar sotadigan kishi Ramazonda iftorlik qilib berganini gapiradi. Aslida uning nasha va aroq sotishni tark qilishi Ramazonda iftorlik qilib berganidan yaxshiroqdir!
Toat maqtalgan bo‘lsa-da, haqiqiy amaliy iymon toatda emas, gunohlardan saqlanishdadir!
Abdulqodir Polvonov