Cavol: Ba'zi vaqtlarda jamoatga kechikib kelib, takbir aytib, jamoatga qo'shilamiz. Shu holatda sanoni o'qiymizmi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Jamoat namoziga kech qolib qo'shilgan kishi agar imom jahriy qiroat qilayotgan paytda qo'shilsa, sanoni o'qimasdan sukut qilib turadi. Imom namozni tugatib salom bergandan so'ng imom bilan birga o'qiy olmagan rakatlarni o'qigani turganda sanoni o'qiydi.
Agar imom maxfiy qiroat qilayotgan bo'lsa, takbiri tahrimadan so'ng sanoni o'qiydi.
Agar birinchi rakatni topsa, lekin imom qiroatni boshlagan bo'lsa, sanoni o'qimay, jim turadi. Chunki sanoni o'qish sunnat, imomning qiroatiga quloq solish vojib sanaladi. Bu haqida “Fatovoi olamgiriya”da quyidagi ma'lumotlar keltirilgan: “Namozga kechikib kelgan shaxsga oid hukmlardan yana biri shuki, namozxon imom jahriy qiroat qilayotgan vaqtda qo'shilsa, sanoni o'qimaydi. Mazkur muqtadiy imomga yaqin yoki uzoqda bo'lsa ham, yoki imomning qiroatini eshitmaydigan kar bo'lsa ham sanoni o'qimay, jim turadi. Imom salom bergandan keyin ulgurmagan rakatlarini o'qish uchun turganda sanoni o'qib, ortidan a'uzuni aytadi.
Maxfiy qiroat qilinadigan namozlarda shunday holat bo'lib qolsa, iqtido qilgan rakatida sanoni o'qiydi.
Kishi birinchi rakatni topsa-yu, ammo imom fotihani o'qishni boshlagan bo'lsa, jim turadi.
Imomni ruku qilayotgan yoki sajda qilayotgan holda topsa qaraydi, agar sanoni o'qib ruku yoki sajdaga ulgura olishiga ko'zi etsa, tik turgan holda sanoni o'qiydi (keyin imomga iqtido qiladi). Agar ulgurishiga ko'zi etmasa sanoni o'qimasdan imomga iqtido qiladi.
Agar imomni qa'dada topsa, sanoni o'qimaydi, balki namozga kirishish uchun takbir aytadi, so'ngra egilish uchun takbir aytadi, so'ngra qa'daga o'tiradi. “Bahrur roiq”da shunday kelgan”.
Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi