Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

U haqda 16 ta oyat nozil bo‘lgan sahobiyni bilasizmi?

18.04.2018   6430   5 min.
U haqda 16 ta oyat nozil bo‘lgan sahobiyni bilasizmi?

Abdulloh ibn Ummi Maktum ko‘zi ojiz kishi edi. Xuddi Bilol ibn Raboh  kabi Rasulullohning  muazzinlari bo‘lgan. Qur’oni karimning o‘n olti oyati u haqda tushirilgan.

Abdulloh ibn Ummi Maktum asli qurayshiylardan, Rasululloh  bilan qarindoshligi bor, Xadicha onamizning tog‘avachchasi edi. Otasi Qays ibn Zoid va onasi Otika binti Abdulloh makkaliklarning hurmatli kishilaridan hisoblanardi. Onalari Otikaning Ummi Maktum deb atalishiga farzandi Abdullohning ko‘zi ojiz holatda tug‘ilgani sabab bo‘ldi (“ummi” – ona, “maktum” – berkitilgan ma’nosida).

Rasululloh  insoniyatga so‘nggi payg‘ambar etib yuborilganlaridan keyin, Islom haqida ko‘proq bilishga boshqalar qatori Abdullohda ham qiziqish uyg‘ondi. Rasulullohning  so‘zlarini tinglaganidan keyin Islom haq yo‘l ekanini bildi va musulmon bo‘ldi.

Abdullloh makkaliklarning ko‘p sitamlariga chidadi. U Rasulullohni  juda yaxshi ko‘rar, ko‘p vaqtini Qur’oni karimni yod olishga sarflar edi.

Rasululloh  Islomga chaqirishni birinchi bo‘lib Quraysh oqsoqollaridan boshladilar. Bir kuni Utba ibn Rabia, Shayba ibn Rabia, Abu Jahl, Umayya ibn Xalaf va Valid ibn Mug‘ira suhbatiga qo‘shilib, ularga Islom dini haqida gapirdilar, musulmon bo‘lishga chaqirdilar.

Shu payt Abdulloh ibn Ummi Maktum  keldi-da: “Yo Rasululloh! Rabbingiz sizga bildirganlardan menga ham o‘rgating”, dedi. Rasululloh  qoshlarini chimirib, yuzlarini burdilar-da, o‘girilib, yana Quraysh zodagonlariga gapirishda davom etdilar. Lekin bu Rasulullohning  Abdulloh ibn Ummi Maktumni mensimaganlari emasdi. Bu yerda boshqa bir muhim sabab bor edi. Agar Makkaning ko‘zga ko‘ringan odamlari musulmon bo‘lsa, Islom dini kuchayar, Payg‘ambarimizning  da’vati quvvatlanar edi.

Lekin Rasulullohning  kutganlari bo‘lmadi, zodagonlar nasihatga quloq solishmadi. Suhbatdan so‘ng o‘rinlaridan turishlari bilan ko‘z oldilari qorong‘ilashdi, boshlarini qandaydir og‘ir narsa bosganday bo‘ldi. Bu vahiy kelganidan edi. Alloh taolo Abdulloh ibn Ummi Maktum  sabab ushbu oyatlarni nozil qildi:

“(Muhammad) yuzini burishtirdi va yuz o‘girdi. Zero, uning huzuriga ko‘zi ojiz odam kelgan edi. (Ey Muhammad!) Siz qayerdan ham bilursiz, ehtimol u (Sizdan foydalanib, o‘z gunohlaridan) poklanar yoki eslatma olar-da, so‘ngra bu eslatma unga foyda berar?! Ammo (Sizni mashg‘ul qilgan) boy kimsaga esa, bas, Siz (e’tibor berib) mutasaddilik qilmoqdasiz. Holbuki, uning (o‘z kufridan) poklanmasligi Sizga zararli emas edi. Endi, oldingizga yugurgan holda (Allohdan) qo‘rqib kelgan kishi esa, bas, Siz undan chalg‘imoqdasiz. Yo‘q! (Bunday qilmang!) Albatta, ular (Qur’on oyatlari) ayni eslatmadir. Bas, kim xohlasa, (uni) yod etar. (U oyatlar Alloh nazdida) mukarram sahifalarda (ya’ni) qadri baland, pokiza (sahifalarda) kotib (farishta)lar qo‘llaridadir. (Ular) mukarram va itoatli zotdirlar” (Abasa, 1–16-oyatlar).

Rasululloh  xato qilganlarini angladilar. Shu ondan boshlab Abdulloh ibn Ummi Maktumga hurmatlari yanada oshdi. Uni ko‘rganlarida to‘rdan joy beradigan, ahvolini surishtirib, dalda va yordamlarini ayamaydigan bo‘ldilar.

Abdulloh ibn Ummi Maktum va Mus’ab ibn Umayr  Madinaga birinchi kelgan sahobalar edi. Ular Yasribga kelishlari bilanoq insonlarga dinimizning asl mohiyatini tushuntirishga, Qur’oni karimni o‘rgatishga kirishishdi. Ular tufayli yasribliklar birin-ketin musulmon bo‘la boshlashdi.

Rasululloh  Madinaga yetib kelganlaridan keyin Abdulloh ibn Ummi Maktumni Bilol ibn Raboh  qatori musulmonlar uchun muazzin etib tayinladilar. Ikkovlari har kuni besh mahal jamoatni namozga chaqiradigan, najot sari chorlaydigan bo‘lishdi. Bilol  azon aytsa, Abdulloh  namozga iqomat tushirar, ba’zida o‘rin almashishar edi.

Ramazon oyida esa boshqacharoq yo‘l tutishardi. Bilol ibn Raboh  tunda azon aytib, odamlarni saharlikka uyg‘otsa, Abdulloh ibn Ummi Maktum  tongni kutib turar, tong otgach, insonlarni bundan xabardor qilar edi. Hamma saharlik qilishdan to‘xtab, masjid sari oshiqardi. Rasululloh  Ramazon kunlari sahobalariga: “Bilol kechasi azon aytadi. Siz to Abdulloh ibn Ummi Maktumning azonini eshitguningizcha yeb-ichavering”, der edilar. Ibn Ummi Maktum  ko‘zi ojiz bo‘lgani sabab boshqa sahobalar unga: “Tong otdi, tong otdi. Azon ayting”, demagunicha azon aytmas edi.

Rasululloh  safarga chiqqanlarida Abdulloh ibn Ummi Maktumni Madinaga noib qilib ketishga odatlangan edilar. Hatto Makka fathida ham aynan shu kishi Madina voliyi bo‘lib qoldi. Bu hol Payg‘ambarimizning  Abdullohga yuksak hurmatlari ifodasi edi.

Ziyovuddinxon MAQSUDOV

tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘tayotgan har kuningga shukr qil

6.01.2025   320   1 min.
O‘tayotgan har kuningga shukr qil

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ajoyib bir ramziy qissa bor. Bir kishi xotini bilan tovuq yeb o‘tirgan edi, eshik taqillab qoldi. Xotini borib qarasa, tilanchi ekan. Xotin tilanchiga yeb turgan ovqatidan berishni xohlagan edi, eri jerkib tashlab: «Tilanchini eshik oldidan haydab yubor», dedi. Xotin uni haydab yubordi. Keyinchalik er-xotin orasiga sovuqlik tushib, er xotinini taloq qildi. So‘ngra boshqa bir kishi kelib, sovchi qo‘ydi va o‘sha xotinga uylandi. Kunlarning birida xotin keyingi eri bilan tovuq yeb o‘tirgan edi, eshik taqillab qoldi. Xotin eshikni ochish uchun borsa, tilanchi ekan. Xotin tilanchini ko‘rgach, qiyin ahvolga tushib qoldi. Eri: «Eshikni taqillatgan kim ekan?» desa, xotin: «Avvalgi erim» dedi. Shunda keyingi eri: «Bir necha yil avvalgi eshiging tagiga kelgan tilanchi ham men edim», dedi.

Al-Jabbor sifatiga ega Alloh bandasini O‘zi iroda qilgan narsasiga yo‘llaydi. Bir banda u narsani xohlasa ham, boshqasi bu narsani xohlasa ham, Alloh xohlaganini amalga oshiradi. Shunday bo‘lgach, har bir o‘tayotgan kuningga shukr qil.

Anvar Tursunov

Maqolalar