Abdulloh ibn Ummi Maktum ko‘zi ojiz kishi edi. Xuddi Bilol ibn Raboh kabi Rasulullohning muazzinlari bo‘lgan. Qur’oni karimning o‘n olti oyati u haqda tushirilgan.
Abdulloh ibn Ummi Maktum asli qurayshiylardan, Rasululloh bilan qarindoshligi bor, Xadicha onamizning tog‘avachchasi edi. Otasi Qays ibn Zoid va onasi Otika binti Abdulloh makkaliklarning hurmatli kishilaridan hisoblanardi. Onalari Otikaning Ummi Maktum deb atalishiga farzandi Abdullohning ko‘zi ojiz holatda tug‘ilgani sabab bo‘ldi (“ummi” – ona, “maktum” – berkitilgan ma’nosida).
Rasululloh insoniyatga so‘nggi payg‘ambar etib yuborilganlaridan keyin, Islom haqida ko‘proq bilishga boshqalar qatori Abdullohda ham qiziqish uyg‘ondi. Rasulullohning so‘zlarini tinglaganidan keyin Islom haq yo‘l ekanini bildi va musulmon bo‘ldi.
Abdullloh makkaliklarning ko‘p sitamlariga chidadi. U Rasulullohni juda yaxshi ko‘rar, ko‘p vaqtini Qur’oni karimni yod olishga sarflar edi.
Rasululloh Islomga chaqirishni birinchi bo‘lib Quraysh oqsoqollaridan boshladilar. Bir kuni Utba ibn Rabia, Shayba ibn Rabia, Abu Jahl, Umayya ibn Xalaf va Valid ibn Mug‘ira suhbatiga qo‘shilib, ularga Islom dini haqida gapirdilar, musulmon bo‘lishga chaqirdilar.
Shu payt Abdulloh ibn Ummi Maktum keldi-da: “Yo Rasululloh! Rabbingiz sizga bildirganlardan menga ham o‘rgating”, dedi. Rasululloh qoshlarini chimirib, yuzlarini burdilar-da, o‘girilib, yana Quraysh zodagonlariga gapirishda davom etdilar. Lekin bu Rasulullohning Abdulloh ibn Ummi Maktumni mensimaganlari emasdi. Bu yerda boshqa bir muhim sabab bor edi. Agar Makkaning ko‘zga ko‘ringan odamlari musulmon bo‘lsa, Islom dini kuchayar, Payg‘ambarimizning da’vati quvvatlanar edi.
Lekin Rasulullohning kutganlari bo‘lmadi, zodagonlar nasihatga quloq solishmadi. Suhbatdan so‘ng o‘rinlaridan turishlari bilan ko‘z oldilari qorong‘ilashdi, boshlarini qandaydir og‘ir narsa bosganday bo‘ldi. Bu vahiy kelganidan edi. Alloh taolo Abdulloh ibn Ummi Maktum sabab ushbu oyatlarni nozil qildi:
“(Muhammad) yuzini burishtirdi va yuz o‘girdi. Zero, uning huzuriga ko‘zi ojiz odam kelgan edi. (Ey Muhammad!) Siz qayerdan ham bilursiz, ehtimol u (Sizdan foydalanib, o‘z gunohlaridan) poklanar yoki eslatma olar-da, so‘ngra bu eslatma unga foyda berar?! Ammo (Sizni mashg‘ul qilgan) boy kimsaga esa, bas, Siz (e’tibor berib) mutasaddilik qilmoqdasiz. Holbuki, uning (o‘z kufridan) poklanmasligi Sizga zararli emas edi. Endi, oldingizga yugurgan holda (Allohdan) qo‘rqib kelgan kishi esa, bas, Siz undan chalg‘imoqdasiz. Yo‘q! (Bunday qilmang!) Albatta, ular (Qur’on oyatlari) ayni eslatmadir. Bas, kim xohlasa, (uni) yod etar. (U oyatlar Alloh nazdida) mukarram sahifalarda (ya’ni) qadri baland, pokiza (sahifalarda) kotib (farishta)lar qo‘llaridadir. (Ular) mukarram va itoatli zotdirlar” (Abasa, 1–16-oyatlar).
Rasululloh xato qilganlarini angladilar. Shu ondan boshlab Abdulloh ibn Ummi Maktumga hurmatlari yanada oshdi. Uni ko‘rganlarida to‘rdan joy beradigan, ahvolini surishtirib, dalda va yordamlarini ayamaydigan bo‘ldilar.
Abdulloh ibn Ummi Maktum va Mus’ab ibn Umayr Madinaga birinchi kelgan sahobalar edi. Ular Yasribga kelishlari bilanoq insonlarga dinimizning asl mohiyatini tushuntirishga, Qur’oni karimni o‘rgatishga kirishishdi. Ular tufayli yasribliklar birin-ketin musulmon bo‘la boshlashdi.
Rasululloh Madinaga yetib kelganlaridan keyin Abdulloh ibn Ummi Maktumni Bilol ibn Raboh qatori musulmonlar uchun muazzin etib tayinladilar. Ikkovlari har kuni besh mahal jamoatni namozga chaqiradigan, najot sari chorlaydigan bo‘lishdi. Bilol azon aytsa, Abdulloh namozga iqomat tushirar, ba’zida o‘rin almashishar edi.
Ramazon oyida esa boshqacharoq yo‘l tutishardi. Bilol ibn Raboh tunda azon aytib, odamlarni saharlikka uyg‘otsa, Abdulloh ibn Ummi Maktum tongni kutib turar, tong otgach, insonlarni bundan xabardor qilar edi. Hamma saharlik qilishdan to‘xtab, masjid sari oshiqardi. Rasululloh Ramazon kunlari sahobalariga: “Bilol kechasi azon aytadi. Siz to Abdulloh ibn Ummi Maktumning azonini eshitguningizcha yeb-ichavering”, der edilar. Ibn Ummi Maktum ko‘zi ojiz bo‘lgani sabab boshqa sahobalar unga: “Tong otdi, tong otdi. Azon ayting”, demagunicha azon aytmas edi.
Rasululloh safarga chiqqanlarida Abdulloh ibn Ummi Maktumni Madinaga noib qilib ketishga odatlangan edilar. Hatto Makka fathida ham aynan shu kishi Madina voliyi bo‘lib qoldi. Bu hol Payg‘ambarimizning Abdullohga yuksak hurmatlari ifodasi edi.
Ziyovuddinxon MAQSUDOV
tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati