O‘zbek xalqining urf-odatlari asrlar bo‘yi o‘zbeklar millatining tashkil etishida ishtirok etgan barcha qabilalar va elatlarning madaniy malakalari va an’analarining uyg‘unlashuvidagi murakkab jarayonlar oqibatida tarkib topgan. Ular o‘ta o‘ziga xos, yorqin va turli-tuman bo‘lib, urug‘chilik patriarxal munosabatlaridan kelib chiqadi. Urf-odatlarning ko‘pchiligi oilaviy hayotga oid bo‘lib, bolaning tug‘ilishi va tarbiyasi (beshik to‘yi, xatna qilish), nikoh (fotiha to‘yi, to‘y) bilan bog‘liq bo‘ladi. Ko‘pincha ular islom urf-odatlarining sehrgarlik amaliyoti bilan bog‘liq bo‘lgan undan ham qadimiyroq shakllarga uzviy kirib ketishini namoyon etadi.
Bugungi kunda to‘ylarni qisqartirish borasida keng ko‘lamda tizimli islohotlar olib borilmoqda. Bo‘lardan “Beshik to‘yi” – beshik to‘yi chaqaloqni birinchi marta beshikka solish bilan bog‘liq bo‘lgan, yurtimizda keng tarqalgan to‘y marosimlaridan biridir. Odatda bu to‘y chaqaloq tug‘ilishining 7, 9, 11- kunlari o‘tkaziladi.
Beshik va chaqaloq uchun barcha zarur anjomlar chaqaloq onasining qarindoshlari tomonidan beriladi. Dasturxonga non, shirinliklar va o‘yinchoqlar o‘rab tortiladi. Kuyovning ota-onasiga, uning bobo-buvilariga sovg‘alar tayyorlanadi. Qimmatbaho taqinchoqlar bilan bezatilgan beshik, dasturxonlar va sovg‘alar transport vositasiga qo‘yilib, mehmonlar bilan birgalikda, karnay-surnay va nog‘ora sadolari ostida chaqaloqning ota-onasi uyiga jo‘natiladi. An’anaga ko‘ra, olib kelingan beshikni avval chaqaloqning bobosi o‘ng yelkasiga qo‘yadi, keyin o‘g‘lining o‘ng yelkasiga uzatadi, u esa beshikni chaqaloqning onasiga beradi.
O‘tmishda mehmonlarning barcha niyatlari toza va yaxshi bo‘lishi uchun ular yuziga oq un surar edilar. Mehmonlar mehmonxonaga yasatilgan dasturxonga taklif etiladi va mehmonlar ovqatlanib, sozandalarni tinglab, bazm qilib o‘tirgan paytda qo‘shni xonada kampirlarning ishtirokida bolani yo‘rgaklash va beshikka solish marosimi o‘tkaziladi. Marosim oxirida mehmonlar bolani ko‘rish uchun oldiga kiradilar, unga sovg‘alarni beradi va beshikning ustiga parvarda yoki qand sepadilar. Shu bilan marosim tugab, mehmonlar uy-uylariga qaytadilar.
Ko‘rinishda bayram sifatida nishonlanadigan mazkur odatning bir qancha salbiy jihatlari bor. Beshik to‘yida hamma mehmon kutish tadbirlari bilan ovora bo‘lib yangi tuqqan ona bir chetta qolib ketadi. To‘y marosimi bilan bog‘liq xarajatlarning asosiy qismi kelinning ota-onasiga zimmasiga tushadi: qovurdoq, sarpo, kuyov to‘raning onasiga tilla buyum sovg‘a qilish kabi bid’at-xurofotlarning ham moddiy, ham ma’naviy mashaqqati.
Turli viloyatlarda marosim o‘zicha xususiyatlarga ega bo‘ladi va oilaning moddiy jihatdan baquvvatligi darajasiga bog‘liq bo‘ladi: o‘ziga to‘q oilalar odatda bu to‘yni katta ko‘lamda o‘tkazadi, bu esa ehtiyojmand oilalarda ham havas uyg‘otib, ularning kelajakdagi qiyinchiliklariga sabab bo‘ladi.
Chaqaloqni beshikka belash uchun alohida to‘y qilish diniy va milliy qadriyatlarimizga ziddir.
To‘y asosan nikoh marosimi uchun belgilangan va bunda ham isrofdan qaytarilgan. Nikoh to‘yi bir qo‘y so‘yish hisobiga o‘tkazish tavsiya qilingan.
Abdurahmon ibn Avf Rasululloh sallolohu alayhi vasallamdan to‘yni qanday qilish haqida so‘raganlarida, Rasululloh sallolohu alayhi vasallam: "Bitta qo‘y so‘ygin", deganlar. Men bir necha qo‘y so‘yishga qodirman, deb qayta-qayta so‘raganlarida, "Ey molinga Xudo baraka bergur, bitta qo‘y so‘ygin" deganlar. Ya’ni, molu dunyoying ko‘p bo‘lsa ham isrof etmasdan harajat qil demoqdalar.
Asosiy to‘y bo‘lmish nikohga bor-yo‘g‘i bir qo‘y so‘yish tavsiya qilingan ekan, beshik va boshqa nomdagi to‘ylardagi ortiqcha xarajatlar ayni isrofdir.
Alloh taolo isrofni butun insoniyatga xarom qildi. Isrofning kasofatini Qur’oni karimda bayon qilib berdi, Alloh taolo marhamat qiladi:"
“Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas", deb aytgan (A’rof, 31). Demak yeyish-ichish isrof emas, balki ortiqchasi isrofdir.
Alloh taolo Isro surasida marhamat etadi:
"Qo‘lingni bo‘yninga bog‘lab olma, shuningdek qo‘lingni ochib ham yuborma, shuni o‘rtasida bo‘l" (isro-29).
"Agar ehson qilsalar isrof etmaydilar, mumsiklik ham qilmaydilar, va shuning orasida bo‘ladilar" (Furqon surasi, 67).
Qur’oni karimda: "Qarindoshning haqqini ado et, miskin-bechoralar, yo‘lovchi-musofirlarga ham (muruvvat ko‘rsat). Lekin sira isrof etma, zero, isrof qiluvchilar Shaytonning "birodarlari"dir! - deyiladi. ("Isro" surasi, 26-oyat).
Rasululloh sallolohu alayhi vasallam : «Boylikda xam, faqirlikda xam, ibodatda xam o‘rtahol bo‘lish qanday yaxshidir» deyilgan (Abu Bakr Bazzor rivoyati). Rasululloh sallolohu alayhi vasallam : «Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-exson kilish bilan) xaqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l quymang! Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga o‘ta noshukr edi» - deyiladi. (Isro surasi, 26-27-oyatlar).
Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Seni ikki xislat – fahrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver», deganlar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Beshik to‘yi va boshqa shunga o‘xshash marosimlarni qisqartirish isrofdan saqlanishning ayni o‘zidir. Isrof ham moddiy, ham ma’naviy haloqat eshigidir. Dabdabozlik va isrofgarchilik millatni tubanlikka yetaklovchi oxiri faqat hasrat va nadomatdan iborat chohdir. Isrof bo‘lmasa fayz-baraka sobit bo‘ladi. Chunki hadisi sharifda: “Tejamkor kishi muhtojlik ko‘rmaydi” deyilgan.
Mehriniso SAIDJALOLOVA
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti
Axborot-resurs markazi mudirasi