Iordaniya hoshimiylar qirolligidagi Tafiliya texnika universitetining (TTU) arab adabiyoti fakulteti tashabbusi bilan “Qur’on mo‘jizasining yangi adabiy tadqiqotlari” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
“Al-arab al-yavm” xabariga ko‘ra, anjumanni kirish so‘zi bilan ochgan TTU rektori Muhammad Xayr Xuroniy: "Universitet professorlari talabalar uchun ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi intellektual rahbarlar va boshqaruvchilar hisoblanadi, Qur’on qissalari esa ularga hayotiy saboq beradi hamda fikr yuritishga undaydi”, degan.
Uch kun davom etgan konferensiyada “Dialog madaniyati”, “Qur’oni karim qissalarida ayol timsoli”, “Qur’oni karim qissalari xususiyati”, “Qur’oni karim qissalarida ramz” va “Qur’oni karim tafsirlarida Qur’on qissalari” kabi mavzular o‘rganildi.
Iroq universiteti professori Taha Keysi mazkur forum olimlar va tadqiqotchilar bilan uchrashish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lganini aytib, jumldan, shunday dedi: “Iordaniya universitetlari ilmiy konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish uchun ko‘p ishlarni amalga oshirmoqda”.
Eslatib o‘tamiz, konferensiyada ekspertlar va olimlar ishtirokida diniy, ijtimoiy va siyosiy mavzular bo‘yicha ilmiy munozaralar o‘tkazildi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati