«Kim o‘z do‘stiga maxfiy va’z qilsa, unga nasihat qilgan va uni ziynatlagan bo‘ladi. Kim o‘z do‘stiga oshkora va’z qilsa, uni sharmanda qilgan va ayblagan bo‘ladi».
Imomi Shofe’iy rahimahulloh ushbu so‘zlari bilan nasihat bilan sharmanda qilishning va samimiy munosabat bilan dashnom berishning orasidagi farqni bayon qilib berdilar.
Darhaqiqat, din nasihatdir (samimiyatdir). Lekin uning rioya qilish kerak bo‘lgan odoblari va bilish lozim bo‘lgan hududlari bor.
Eng avvalo, nasihat qilmoqchi bo‘lgan kishi ko‘rsatma berishda niyatini xolis qilmog‘i lozim. Zero, har bir nasihat bir xil emas. Har bir nasihatgo‘y ham samimiy va omonatdor emas. Shuningdek, har bir nasihat qilingan kishi o‘ziga yo‘naltirilgan ko‘rsatmani to‘g‘ri qabul qilib muvaffaqiyat qozonavermaydi.
Qanchadan-qancha oxirini o‘ylamay noto‘g‘ri shaklda berilgan nasihatlar aloqalarning uzilishiga, noittifoqlikka, hatto o‘zaro yovlashishga sabab bo‘lgan. Shuning uchun har bir musulmon nasihat qilishda samimiylik, xolislik va omonatdorlikka rioya qilishi, uni yo‘naltirayotgan birodariga maxfiylikni ta’minlashi, aytadigan so‘zlarini muloyimlik bilan gapirishi, nasihat qilish uchun munosib vaqt va joyni topishi lozim.
Nasihat qilishning turli uslublari, har xil yo‘nalishlari, shuningdek, turli maqsad va belgilab qo‘yilgan qonun-qoidalari bor. Eng muhimi shuki, nasihat qilishda har qanday g‘arazli maqsadlardan voz kechish, uning odoblari va qonun-qoilalariga rioya qilish, xususan, uning maxfiy bo‘lishini ta’minlash lozim.
Musa’ir rahmatullohi alayhga:
«Senga ayblaring haqida xabar bergan odamni yaxshi ko‘rasanmi?» – deyildi.
«Agar u bilan o‘zim yolg‘iz bo‘lsak, yaxshi ko‘raman. Agar odamlar orasida bo‘lsa, yo‘q», – dedi.
Alloh taolo ham qiyomat kuni bandaning ayblarini uning o‘ziga alohida aytadi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, Alloh qiyomat kuni bandani O‘ziga yaqinlashtiradi. Hattoki, yelkasini uning ustiga qo‘yadi va: «Bu gunohni bilasanmi, bu gunohni bilasanmi», deb gunohlarini sanaydi. U: «Ha, Robbim», deydi. Toki uni gunohlariga iqror qildirib bo‘lganidan so‘ng unga: «Ana o‘shalarni u dunyoda satr qildim, bugun esa seni mag‘firat qilaman», deydi», deganlar.
Agar nasihatni ko‘pchilik ichida qilishga to‘g‘ri kelib qolsa, bu borada ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan go‘zal namuna bor.
Rasululloh alayhissalom qavm ichida biron yomon ish yoki kamchilikni ko‘rsalar, buni dab-durustdan o‘sha odamning yuziga solmasdan, umumiy tarzda, falonchiga nima bo‘ldi, emas, balki odamlarga nima bo‘ldiki, shunday-shunday ishlarni qilmoqdalar, deb hammaga taalluqli qilib gapirardilar.
«Qavmlarga nima bo‘ldiki, bunday deydilar yoki qiladilar» (Imom Abu Dovud).
Shuningdek, ota o‘g‘liga, rahbar ko‘l ostidagi odamga, ustoz shogirdiga, tabib bemoriga, hamkasaba o‘zining kasbdoshiga, do‘st o‘zining do‘stiga nasihat qilishida farq bor.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, nasihat – bu bir insonni yaxshilikka yo‘llab qo‘yish, haqqa yetaklashdir. Kamchiliklarini go‘zal uslubda samimiylik bilan tuzatishdir. Toki uning qalbi nurlansin, xatolarini ko‘rsin va ularni ildizi bilan sug‘urib tashlasin. Shuningdek, har bir nasihat qiluvchida o‘ta ziyraklik, kuchli farosat va nihoyat, yuqori darajada zakiy bo‘lishi talab etiladi.
Alloh barcha mo‘minlarni o‘zi suygan va o‘zi rozi bo‘ladigan amallarga muvaffaq aylasin!
Avazxo‘ja BAHROMOV
“Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi