Kecha, 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu farmonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot berilib, “Vaqf” xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari belgilab berilgan edi. Ko‘pchilikda “vaqf o‘zi nima?” degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Ushbu masala yuzasidan internet tarmog‘idagi ma’lumotlardan foydalanib ma’lumot berishga harakat qilamiz.
Tarix kitoblarida o‘tmishda maktab, madrasa, shifoxona va masjidlar uchun katta-katta vaqflar ajratilgani haqida yozilgan.
“Vaqf” so‘zi lug‘atlarda “tutib turish”, “to‘xtatish” ma’nolarida keladi. Vaqfning shar’iy ta’rifi borasida turli fikrlar bildirilgan. “Vaqf - narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir”. Ya’ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi uni vaqf etishda tayinlagan jihatga (masalan, talabalar, musofirlar, kambag‘allar kabi) sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida vaqf haqida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:
“Vaqf” so‘zi arabchadan olingan bo‘lib — musulmon mamlakatlarida davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulk. Vaqfnoma orqali rasmiylashtiriladi. Yer-suv, uy-joy, maktab, masjid, shifoxona va boshqalar vaqf mulki bo‘lishi mumkin. O‘z mulkini vaqfga topshirgan shaxs mazkur mulkka nisbatan egalik huquqini yo‘qotadi. Lekin uning o‘zi yoki oila a’zolari yoxud uchinchi bir shaxs vaqf mulkidan vaqfnomada qayd etilgan maqsadlarda foydalanilayotganligini aniqlash uchun vaqf mulkini boshqarish huquqini saqlab qolishi mumkin. O‘z mulkini vaqf mulki sifatida topshirgan shaxsning farzandlari yoki boshha avlodlari mazkur vaqf mulkidan keladigan daromadlardan nafaqa olib turishi mumkin. Vaqf mulkini shariat qonuni bo‘yicha davlat boshlig‘i yoki qozi nazorat qiladi. Bu tartib Sharqning ba’zi mamlakatlarida hozir ham amalda.
Prezident farmonida ham ushbu jihatga to‘xtalib o‘tilgan. “Vaqf” xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari sifatida masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yetuk olim va ulamolari qalamiga mansub diniy-ma’rifiy asarlarni chop etish va aholiga yetkazishga ko‘maklashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash keltirib o‘tilgan.
“Vaqf” xayriya jamoat fondiga fuqarolardan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘lari Fondning alohida hisob raqamida to‘planadi va yuqorida keltirib o‘tilgan xayrli ishlar uchun sarflanadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun ham keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan