Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Yanvar, 2025   |   2 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:23
Shom
17:08
Xufton
18:27
Bismillah
01 Yanvar, 2025, 2 Rajab, 1446

“Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil qilindi

17.04.2018   5857   1 min.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil qilindi

Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni fondga foydalanish uchun ijaraga berish tartibi ham belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinganini xabar bergan edik.
 
Farmon bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil qilindi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
 

  • fuqarolarning diniy, ma’naviy va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash;
  • masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
  • tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish;
  • diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
  • masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
  • islom ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz, zamonamizning yetuk olim va ulamolari qalamiga mansub diniy-ma’rifiy asarlarni chop etish va aholiga yetkazishga ko‘maklashish;
  • yurtimizdagi muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarning musulmon dunyosidagi nufuzini yanada oshirish, bu maskanlarga mahalliy va xorijiy fuqarolarning ziyoratlarini uyushtirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash.

 
Vazirlar Mahkamasiga 2018 yil 1 iyulga qadar o‘rganish natijalari asosida muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni “Vaqf” xayriya jamoat fondiga foydalanish uchun ijaraga berish huquqi bilan biriktirib berishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilish topshirildi.

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

"Imom Abdulaziz Shamsul aimma Halvoiy" yodgorlik majmuasi ochildi

26.12.2024   2936   4 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida imom Abdulaziz «Shamsul aimma Halvoiy» yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Majmuaning ochilish marosimida samarqandlik taniqli olimlar, din namoyandalari, ziyolilar va nuroniylar ishtirok etdi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat bo‘limi rahbari o‘rinbosari Xayrullo Sattorov, manbashunos olim Komilxon Kattayev so‘zga chiqib, imom Shamsul aimma hazratlarining hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbirda ushbu muborak maskanni obod qilishda o‘z hissasini qo‘shgan barcha fidoyilar, usta-quruvchilar, ma’rifatli tadbirkorlarga mahalla ahli nomidan minnatdorlik bildirildi.

«Shamsul aimma» unvoni bilan shuhrat topgan Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Halvoiy yetuk faqihlarimizdan biridir. Abu Sa’d Sam’oniy qalamiga mansub «Nasabnoma» kitobining buxorolik olimlar qismida yozilishicha, Halvoiyning otasi halvo pishirib, sotib tirikchilik qilib yurgani uchun u kishiga ota kasbi bilan nisbat berilgan.

Halvoiyning tug‘ilishi bilan bog‘liq ma’lumot biror-bir manbada kelmagani bois tug‘ilish sanasi hozircha ma’lum emas. Ota tomonidan ajdodlar silsilasi Payg‘ambarimizning jiyanlari va kuyovlari Ali ibn Abu Tolibga bog‘lanadi.

Abdulhay Laknaviyning «Favoid al-bahiyya fit-tarojima al-hanafiyya» kitobida qayd etilishicha, iroqlik ko‘pgina faqihlar unvon tanlashda kasb-hunar, qabila yoki biror joy nomiga nisbat berish bilan «Jassos» (suvoqchi), «Quduriy» (qozonchi) kabi soddagina taxalluslar olishgan.

Qoraxoniylar poytaxtini O‘zgandan Samarqandga ko‘chirgach, Halvoiy Keshga surgun qilinadi. U kishi qolgan umrini shu yerda o‘tkazadi. Abdulaziz Halvoiy taxminan 1058 yili Keshda vafot etadi. U kishining jasadi Buxoroga olib kelinib dafn qilinadi. «Men u zotning qabrlarini ziyorat qildim», deydi «Nasabnoma» asari muallifi Abu Sa’d Sam’oniy.

Chor Rusiyasi davrida Kalobod mozori buzilib, o‘rni uy-joy uchun yer maydoni sifatida ajratib berilgan. Halvoiyning qabri ham yangi bunyod etilgan uylar ichida qolgani sababli 2004 yili turbati Buxoro shahrining Samarqand ko‘chasidagi «Shoh Axsi» yodgorligiga ko‘chirildi. Shu joyda u zotning shogirdlaridan biri Bakr Zaranjariyning qabri ham bor.

Halvoiyning «Shamsul aimma» deb ulug‘lanadigan ulamo darajasiga yetishida ustozlarining xizmatlari katta bo‘lgan. Abdulhay Laknaviy Abdulaziz Halvoiyning fiqh ilmidan ustozlari silsilasi Abu Hanifaga borib yetishi haqida ma’lumot beradi. Halvoiydan Saraxsiy (1010–1093), Abul Usr Pazdaviy (1010–1089), Abul Yusr Pazdaviy (1030–1099), Bakr ibn Muhammad Zaranjariy (1035–1118) kabilar saboq olib, zamonasining yetuk faqih olimlari bo‘lib yetishishgan.

Hozirgacha olimning biror bir kitobi qo‘lyozma yoki toshbosma shaklida topilmagan bo‘lsa-da, u kishi qalamiga mansub asarlarning nomi bizga ma’lum. Abu Sa’d Sam’oniyning «Nasabnoma», Hoji Xalifa Chalabining «Kashfuz Zunun», Hofiz Abdul Qodir Qurayshiyning «al-Javohir al-Muziyya fit-tabaqot al-hanafiyya», Shamsuddin Zahabiyning «Siyaru a’lom an-nubalo» kitoblarida Halvoiyning asarlari haqida ma’lumotlar berilgan. U kishi «al-Mabsut», «an-Navodir», «Favoid», «Sharh al-adab al-Qodili Abi Yusuf», «Sharh al-adab al-Qodi lil-Xassof» kabi kitoblar yozgan.

Hanafiy mazhabi ulamolari mazhab faqihlarini salohiyati, ilmiy layoqatiga qarab yetti tabaqaga ajratadilar. Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Muxtasar al-viqoya»ga sharh sifatida yozgan «Kifoya» nomli kitobida Xassof, Tahoviylar bilan bir qatorda Halvoiy, Saraxsiy, Pazdaviy va Qozixonlarni uchinchi tabaqa vakillari sirasida zikr qiladi. Ushbu tabaqa vakillari mazhab sohibidan rivoyat qilinmagan masalalarda ijtihod qiladigan mujtahid faqihlar bo‘lishgan.

Allomaning fatvolari ko‘plab mo‘tabar kitoblarda, xususan, «Fatavoi Olamgiriya», «Fatavoi Qozixon», «Muhiti Saraxsiy», «Kofiy», «Zaxira» va «Jomi’ al-maboniy lil-masaili sharhi fiqhi Kaydoniy» kabi asarlarda keltirilgan.