“Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil qilindi
17.04.2018
5739
1 min.
Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni fondga foydalanish uchun ijaraga berish tartibi ham belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinganini xabar bergan edik.
Farmon bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil qilindi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- fuqarolarning diniy, ma’naviy va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash;
- masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
- tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish;
- diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
- masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
- islom ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz, zamonamizning yetuk olim va ulamolari qalamiga mansub diniy-ma’rifiy asarlarni chop etish va aholiga yetkazishga ko‘maklashish;
- yurtimizdagi muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarning musulmon dunyosidagi nufuzini yanada oshirish, bu maskanlarga mahalliy va xorijiy fuqarolarning ziyoratlarini uyushtirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish;
- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash.
Vazirlar Mahkamasiga 2018 yil 1 iyulga qadar o‘rganish natijalari asosida muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni “Vaqf” xayriya jamoat fondiga foydalanish uchun ijaraga berish huquqi bilan biriktirib berishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilish topshirildi.
O‘MI Matbuot xizmati
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING