Oylar ichida shundaylari borki, unda qilingan iltijo, toat-ibodat va yaxshi amallarning darajasi boshqa paytdagiga qaraganda yuqoriroq bo‘ladi. Shunday fazilatli oylardan biri Sha’bon oyi, uning boshqa oylar ichida o‘ziga xos o‘rni bor. Bu oyda kechgan eng muhim tarixiy hodisalardan biri qiblaning o‘zgartirilishi voqeasidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkada turganlarida qibla Baytul Maqdis tomonda edi. Madinaga hijrat qilganlaridan keyin qibla yana bobolari Ibrohim (a.s.)ning qiblasi – Ka’ba tomonga o‘zgarishini ishtiyoq ila kutgan edilar. Hijratning birinchi yili, Sha’bon oyining 15-kunida qibla Quddusi sharifdan Ka’baga o‘zgartirilgan. Bu to‘g‘rida Alloh taolo marhamat qiladi: “Goho yuzingizni (vahiy kutib) osmon bo‘ylab o‘girib turishingizni ko‘rayapmiz. (Xotirjam bo‘ling) Sizni o‘zingiz rozi bo‘ladigan qiblaga (Ka’baga) yuzingizni o‘girtiramiz. Yuzingizni Masjidi Harom (Ka’ba) tomonga buring! (Ey mo‘minlar, sizlar ham) qayerda bo‘lsangiz, yuzlaringizni o‘sha tarafga buring!..” (Baqara, 144).
Sha’bon oyi ulug‘ va fazilatli ekaniga dalillar ko‘p. Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilar: «Alloh taolo o‘n ikki oy ichidan Rajab oyini o‘zi uchun tanlab olgan. Shuning uchun “Allohning oyi” deyiladi. Kim bu oyni ulug‘lab, hurmatini joyiga keltirsa, Alloh taolo uni jannati naimga kiritib, yana O‘z roziligini ato etadi. Sha’bon oyi “Rasululloh oyi” ham deyiladi. Kim bu oyni ulug‘lab, hurmatini bajo keltirsa, Qiyomat kuni unga jannatdan joyni o‘zim tayyorlab turaman. Ramazon oyi esa ummatlarim oyidir. Kim bu oyni ulug‘lab, hurmatini joyiga qo‘ysa, gunohlardan o‘zini tiysa, kunduz ro‘zador, kechalari bedor, birovlarga beozor holda ro‘za oyini tamomlasa, barcha gunohlari mag‘firat qilinadi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sha’bon oyida Payg‘ambarimiz (s.a.v) haqlariga ko‘pdan – ko‘p salovot va salomlar yuborishsak bu muqaddas sha’bon oyini jonlantirgan bo‘lamiz. Bunday insonlar uchun Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Qarang, mening bandalarim Rasulimning oyiga qanday hurmat ko‘rsatayaptilar. Izzatim haqqi, men ham ularni afv etdim”.
Payg‘ambarimiz (s.a.v)ga ko‘plab salovot va salomlar yuborishlikning fazilati xususida Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Haqiqatki, Alloh va uning farishtalari u Payg‘ambarga salovotu salomlar aytdilar. Ey iymon keltirganlar, siz ham Unga salovot va salom ayting” (Axzob, 56).
Sha’bon oyi 14-kunining quyosh botgan vaqtidan 15-kunining quyosh botgan vaqtigacha eng ulug‘ ayyomlardan hisoblanadi. Bu kecha “Baroat kechasi” deyiladi. Bu kechada bir yil ichida bo‘lajak ishlar haqida qazoyu hukm berilishi, ajal va umrlar belgilanishi, amal sahifalari Alloh taolo huzuriga ko‘tarilib namoyish etilishi kabi hodisalar bo‘lishi kitoblarimizda bayon qilingan. Shu kuni Alloh taoloning rahmat va mag‘firati yer yuziga muttasil yog‘ilib turadi. Bu kechada Haq taolo to subh vaqtigacha ushbu tarzda nido qilar ekan: “Istig‘for aytuvchilar bormi, gunohlarini kechsam; biror balo yoki musibatga mubtalo bo‘lganlar bormi, najot so‘rasalar, ofiyat baxsh etsam; rizqu ro‘z so‘raganlar bormi, rizqini ziyoda qilsam”.
Boshqa hadisda esa Usoma ibn Zayd (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh (s.a.v.)ga: “Yo Rasululloh, men bironta oyda Sha’bondagidek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim”, dedim. U zot (a.s.): “Bu shunday oyki, odamlar Rajab bilan Ramazon o‘rtasida undan g‘aflatda qolishadi. Bu oyda amallar olamlar Xojasiga ko‘tariladi. Shunday ekan, men amalimni o‘zimni ro‘zador holimda ko‘tarilishini yaxshi ko‘raman”, deb aytdilar» (Imom Nasoiy).
Alloh taolo barchalarimizga Sha’bon oyi kechasini g‘animat bilib, uni ro‘za va toat-ibodat bilan o‘tkazishni nasib qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Hayotda shunday sohalar borki, ularni mukammal egallash uchun butun umr o‘qib-izlanish lozim. Ana shunday kasblardan biri imom-xatiblikdir. Kimdir bu kasb egalariga oson tutishi mumkin. Lekin yetuk imom bo‘lish uchun to‘rt yil madrasa, to‘rt yil diniy oliy ta’lim dargohida o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Chunki imom o‘zi uchun ham jamoat uchun Alloh oldida burchli bo‘lsa, el oldidiga javobgarlik ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat va xalq ishonchini oqlashning birdan bir yo‘li ilm va taqvodir.
So‘nggi yillarda ilm-fanning barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy xususan, shariat, fiqh, aqoid kabi ilmlarni o‘rganish uchun keng yo‘llar ochildi. Bu borada Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Moturidiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf maktabi, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etilishi o‘z samarasini berib kelayotir. Chunki imom-xatiblarning madrasa va oliy ta’lim dargohida olgan bilimlarini mustahkamlash, ularni yanada chuqurlashtirish, yangi zamonaviy diniy masalalarni keng o‘rganishda mazkur maktablar muhim ahamiyat kasb etyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bu maktablar imom-xatiblarni chin ma’noda sohaning yetuk egasiga aylanishiga zamin bo‘layotir.
Ayni kunda Farg‘ona viloyatidagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabida yigirmadan ortiq vodiylik imom-xatiblar o‘z ish joylaridan uzilmagan holda diniy bilimlarini yana mustahkamlab, fiqh ilmini chuqurroq o‘rganmoqdalar. Ularga tajribali imom-xatiblar Ubaydulloh domla Abdullayev, Ibrohimjon domla Qodirov va Ahmadxon domla Nizomovlar ustoz-shogird an’anasi asosida ta’lim bermoqdalar. Shu kunga qadar tinglovchilar mazkur ustozlar ko‘magida “Muxtasarul-viqoya”, “Alfiqhul-akbar” kitoblari o‘qib tugatishdi. Ayni vaqtda “Kanzul-daqoiq” va Mulla Aliy Qorining “Alfiqhul-akbar”ga yozgan “Sharhul fiqhil Akbar” kitoblari mutolaa qilinib, asarlar batafsil o‘ranilmoqda. Ushbu asarlar Ahli sunna val jamoa aqidasi asosida mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri aqida hamda dinimiz ta’limotlariga amal qilishda vasatiy tarzda yurishlarida asosiy manbalardir.
Ta’kidlash joizki, imom-xatiblarning mazkur ilm dargohida olayotgan bilim va malakalari faoliyatlari uchun nihoyatda manfaatli bo‘lmoqda. Zero, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, mo‘min-musulmonlarga Ahli sunna val-jamoa va Hanafiy fiqhi asosida islom ta’limotlarini yetkazish, dolzarb mavzularda chiqish qilish, maqolalar yozishda bu dargohdan olinayotgan ilmiy va hayotiy tajribalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, turli uchrashuvlar va mahallalarda olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham mazkur ilmiy maktabda hosil qilingan bilim va ko‘nikmalar asqotmoqda. Imom-xatiblar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvida ham mazkur maktab tinglovchilari o‘zini har tomonlama namoyon etayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga maktab tinglovchilarining bir qanchasi ilmiy izlanishlarda davom etib, o‘z tadqiqotlari bilan dinimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Ma’lumki, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida fiqh maktabi shakllanib, buyuk allomalar yetishib chiqdi. Birgina Burhoniddin Marg‘inoniy islom xuquqshunosligi borasida beqiyos asarlar ta’lif etgani barchaga ma’lum. Bugun u kishining “al-Hidoya” asari butun musulmon olamida mashhur bo‘lib, islom huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, mukammal asar sifatida tan olingan.
Bugun ham mazkur an’analar qayta tiklanib, yurtimiz yana ilmu ma’rifat, olim ulamolar diyoriga aylanayotgani quvonarli holdir.
Rahmatulloh JALILOV,
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot kotibi
(Hidoyat jurnali, 12-son)