Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Sha’bon oyi muborak!

17.04.2018   17729   4 min.
Sha’bon oyi muborak!

Oylar ichida shundaylari borki, unda qilingan iltijo, toat-ibodat va yaxshi amallarning darajasi boshqa paytdagiga qaraganda yuqoriroq bo‘ladi. Shunday fazilatli oylardan biri Sha’bon oyi, uning boshqa oylar ichida o‘ziga xos o‘rni bor. Bu oyda kechgan eng muhim tarixiy hodisalardan biri qiblaning o‘zgartirilishi voqeasidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkada turganlarida qibla Baytul Maqdis tomonda edi. Madinaga hijrat qilganlaridan keyin qibla yana bobolari Ibrohim (a.s.)ning qiblasi – Ka’ba tomonga o‘zgarishini ishtiyoq ila kutgan edilar. Hijratning birinchi yili, Sha’bon oyining 15-kunida qibla Quddusi sharifdan Ka’baga o‘zgartirilgan. Bu to‘g‘rida Alloh taolo marhamat qiladi: “Goho yuzingizni (vahiy kutib) osmon bo‘ylab o‘girib turishingizni ko‘rayapmiz. (Xotirjam bo‘ling) Sizni o‘zingiz rozi bo‘ladigan qiblaga (Ka’baga) yuzingizni o‘girtiramiz. Yuzingizni Masjidi Harom (Ka’ba) tomonga buring! (Ey mo‘minlar, sizlar ham) qayerda bo‘lsangiz, yuzlaringizni o‘sha tarafga buring!..” (Baqara, 144).

Sha’bon oyi ulug‘ va fazilatli ekaniga dalillar ko‘p. Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilar: «Alloh taolo o‘n ikki oy ichidan Rajab oyini o‘zi uchun tanlab olgan. Shuning uchun “Allohning oyi” deyiladi. Kim bu oyni ulug‘lab, hurmatini joyiga keltirsa, Alloh taolo uni jannati naimga kiritib, yana O‘z roziligini ato etadi. Sha’bon oyi “Rasululloh oyi” ham deyiladi. Kim bu oyni ulug‘lab, hurmatini bajo keltirsa, Qiyomat kuni unga jannatdan joyni o‘zim tayyorlab turaman. Ramazon oyi esa ummatlarim oyidir. Kim bu oyni ulug‘lab, hurmatini joyiga qo‘ysa, gunohlardan o‘zini tiysa, kunduz ro‘zador, kechalari bedor, birovlarga beozor holda ro‘za oyini tamomlasa, barcha gunohlari mag‘firat qilinadi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sha’bon oyida Payg‘ambarimiz (s.a.v) haqlariga ko‘pdan – ko‘p salovot va salomlar yuborishsak bu muqaddas sha’bon oyini jonlantirgan bo‘lamiz. Bunday insonlar uchun Alloh taolo  shunday marhamat qiladi: “Qarang, mening bandalarim Rasulimning oyiga qanday hurmat ko‘rsatayaptilar. Izzatim haqqi, men ham ularni afv etdim”.

Payg‘ambarimiz (s.a.v)ga ko‘plab salovot va salomlar yuborishlikning fazilati xususida Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Haqiqatki, Alloh va uning farishtalari u Payg‘ambarga salovotu salomlar aytdilar. Ey iymon keltirganlar, siz ham Unga salovot va salom ayting” (Axzob, 56).

Sha’bon oyi 14-kunining quyosh botgan vaqtidan 15-kunining quyosh botgan vaqtigacha eng ulug‘ ayyomlardan hisoblanadi. Bu kecha “Baroat kechasi” deyiladi. Bu kechada bir yil ichida bo‘lajak ishlar haqida qazoyu hukm berilishi, ajal va umrlar belgilanishi, amal sahifalari Alloh taolo huzuriga ko‘tarilib namoyish etilishi kabi hodisalar bo‘lishi kitoblarimizda bayon qilingan. Shu kuni Alloh taoloning rahmat va mag‘firati yer yuziga muttasil yog‘ilib turadi. Bu kechada Haq taolo to subh vaqtigacha ushbu tarzda nido qilar ekan: “Istig‘for aytuvchilar bormi, gunohlarini kechsam; biror balo yoki musibatga mubtalo bo‘lganlar bormi, najot so‘rasalar, ofiyat baxsh etsam; rizqu ro‘z so‘raganlar bormi, rizqini ziyoda qilsam”.

Boshqa hadisda esa Usoma ibn Zayd (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh (s.a.v.)ga: “Yo Rasululloh, men bironta oyda Sha’bondagidek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim”, dedim. U zot (a.s.): “Bu shunday oyki, odamlar Rajab bilan Ramazon o‘rtasida undan g‘aflatda qolishadi. Bu oyda amallar olamlar Xojasiga ko‘tariladi. Shunday ekan, men amalimni o‘zimni ro‘zador holimda ko‘tarilishini yaxshi ko‘raman”, deb aytdilar» (Imom Nasoiy).

Alloh taolo barchalarimizga Sha’bon oyi kechasini g‘animat bilib, uni ro‘za va toat-ibodat bilan o‘tkazishni nasib qilsin!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Biz kimlarning vorislari edik?

20.12.2024   5946   6 min.
Biz kimlarning vorislari edik?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Kishilik tarixini kuzatsak, kishi har bir zamon va jamiyatning salohiyati, ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanishini bilib olamiz. Musulmonlar ham Allohning buyruqlari va Uning Rasuli ko‘rsatmalariga amal qilib, ilmu irfonni o‘rgangan, ma’rifatga talpingan davrlarida qo‘llari uzun, tillari o‘tkir, martaba-maqomlari baland bo‘lgan. Aksincha, ilm-fandan yuz o‘girib, loqaydlik va tanballik tufayli jaholatga yuz burishganida qo‘llaridan nusrat, saltanat, sarvat ketgan, o‘zlari xo‘rlanishgan.

Ilm insonga nima foyda-yu, nima zarar ekanini bildiradi, kishi orzu-maqsadlariga faqat ilm orqali yetishadi. Ilmu irfondan yuz o‘girgan yoki ilm olishga layoqati past bo‘lgan jamiyat esa hamisha kimgadir yukunib yashashga mahkum bo‘ldi. Zero, Alloh taolo ham Qur’oni Karimda: «...Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!» (Zumar surasi, 9-oyat) deb bu borada aniq mezonni belgilab berdi.

Azal-azaldan bu yurtning nuri butun dunyoga taralib, porlab turgani sir emas. Masalan, Imom Buxoriyni kim bilmaydi? Imom Termiziyni, imom Dorimiyni-chi? Yoki Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mu’iyn Nasafiy kabi ulug‘ zotlarni kim e’tirof etmaydi? Bu ulug‘ imomlarning ilmiy meroslari asrlar davomida ushbu zaminning buyuk tarixidan dalolat berib kelmoqda. Butun Islom olami Buxoro so‘zini eshitganda cheksiz hurmat bajo keltirishi hammamizga ma’lum. Bunday ehtirom, avvalo buyuk vatandoshimiz – Imom Buxoriy hazratlari, qolaversa, yurtimizda yetishib chiqqan ulamolar sharofatidan.

Movarounnahr diyori har bir asrda Islom olamiga buyuk allomalarni, dunyo tan olgan olimlarni yetkazib bergani tarixiy haqiqat. Masalan, hijriy II asrda atoqli fiqh olimi Abu Hafs Kabir Buxoriy va ulug‘ muhaddis Abdulloh ibn Muborak yashab o‘tishgan bo‘lsa, keyingi asr Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va Abu Iyso Termiziylarning davri bo‘ldi. To‘rtinchi asrda Abu Mansur Moturidiy, beshinchi yuzyillikda Abul Mu’in Nasafiy, oltinchi asrda Abul Qosim Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Alouddin Kosoniy, yettinchi asrda Abul Barakot Nasafiy kabi ulug‘ Islom olimlari yetishib chiqdi.

Ilm-fanning boshqa sohalarini olib ko‘rsak, bu boradagi yutuqlar ham ilg‘or bo‘lgan. Masalan, Kosinuslar teoremasini birinchi bo‘lib Abu Rayhon Beruniy kashf qilgan bo‘lsa-da, olti yuz yildan keyin Ovrupada fransuz olimi Veitga nisbat berildi. Paleontologiya va sedimentologiya sohasida ilk marta tajriba o‘tkazib, bu bo‘yicha kitob ham yozgan Abu Ali ibn Sino bo‘lsa-da, Albertga «Buyuk Albert» unvoni berildi.

Birgina tibbiyot sohasida yurtimizdan chiqqan ulug‘ olim va hakim Abu Ali ibn Sinoni butun dunyo zamonaviy meditsinaning otasi deb tan olgani, uning tibbiyotga oid «Al-Qonun» kabi shoh asari XVI asrgacha G‘arbdagi barcha tibbiyot dorilfununlarida darslik qilib o‘qitilgani, zamonaviy tibbiyot juda ko‘p jabhada Ibn Sinodan o‘rganganini gapirib o‘tirmaymiz. Chunki bu dalillarni Sharqu G‘arbda hamma juda yaxshi biladi.

Ulug‘ vatandoshimiz Muso Muhammad Xorazmiy birinchi bo‘lib algebra faniga asos solgan, «algebra» istilohi uning «Al-jabr val-muqobala» risolasidan olingan, olimning nomi esa «algoritm» shaklida fanga kirgan, uning arifmetikaga oid risolasi XII asrdayoq Ispaniyada tarjima qilinib, shu asosda darslik yozilgan. Yana bir ulug‘ olimimiz Ahmad Farg‘oniy falakshunoslikning (astronomiya) otasi sanaladi, uning «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum» kitobi XII asrda Ovrupa tillariga tarjima qilinib, «Alfraganus» degan lotincha nom bilan bir necha asr mobaynida G‘arb universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Dunyoda birinchi hisoblash markazi Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek rahbarligida qurilgan. XV asrda Mirzo Ulug‘bekning mashhur rasadxonasida ishlagan G‘iyosiddin Jamshid Koshiy birinchi bo‘lib o‘nli kasrlarni kashf etgan. Ovrupada esa undan 175 yil keyin Simon Stevin bunday sonlar haqida ilk fikrlarini ommaga taqdim etdi.

Yana bir atoqli qomusiy olimimiz Abu Rayhon Beruniy Xristofor Kolumbdan ancha oldin ummon ortida noma’lum qit’a borligini aytgan, Galileydan 600 yil avval Yerning aylanishini isbotlab va izohlab bergan, birinchi globusni yasagan, Yer bilan Oy o‘rtasidagi masofani o‘lchagan, konuslar teoremasini fransuz olimi Ventdan 500 yil oldin kashf etgan.

IX asrning 1-yarmida xalifa Ma’mun tomonidan Bag‘dodda tashkil etilgan «Bayt-ul hikma» («Bilim uyi») deb atalgan akademiyaga ham marvlik Abu Ali Yahyo ibn Mansurdan keyin Muhammad Xorazmiy rahbarlik kilgan edi. Bu davrda Xorazmiy nasabi shu darajada mashhur bo‘lib ketdiki, kimning Xorazmiy nasablik shogirdi bo‘lsa, obro‘ hisoblanar edi.

Endi shu joyda ozgina bugungi kunimizga nazar tashlaylik. Bugungi kunda ilm olish uchun hech qanday monelik yo‘q, aksincha, chorlov bor, imkoniyat bor. Ammo bizda rag‘bat yo‘q, ixlos sust, g‘ayrat-harakat yetishmayapti. Qanchalab vaqtimizni behuda amallarga, nomaqbul o‘tirishlarga, noshar’iy marosimlarga sarflab yuboryapmiz. Ilm olishga, hech bo‘lmasa, dunyo hayajon bilan voqif bo‘layotgan xabar-ma’lumotlar bilan tanishib qo‘yishga esa vaqt-imkon «topa olmayapmiz». Yaqin o‘tmishimizdagi oila dasturxoni ustida xonadon kattasining ertalab va kechqurunlari ilmiy-axloqiy mavzularda ixchamgina ma’rifiy suhbat qilgani, tojir, hunarmand va ziroatchilar uzoq qish oqshomlarida bir ustoz etagini tutib, ilm majlislari tashkil etishgani, yoshlarning ilm talabida hatto qo‘shni yurtlardagi ustozlarnikiga qatnashgani kabi holatlar bugun erish tuyuladigan bo‘lib qoldi.

Kundalik tashvishlarni bir chekkaga surib turib, o‘tmish va bugunimizni qiyoslab ko‘raylik. Kecha kim edik, kimlarning vorislarimiz degan savolni berish bilan birga unga yechimni izlaylik. Ajab emaski, shunda insoniyat tamaddunida o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lgan ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish bilan bir qatorda dunyo peshqadamlariga aylansak.

Mahmud Mahkam