Hazrati Alidan (ilm) olib,
undan eng ko‘p foydalangan olim – Muhammad ibn Hanafiydir.
Ibn Junayd
***
Muhammad ibn Hanafiy bilan akasi Hasan ibn Ali orasida negadir gap qochib, bir-biridan arazlab yurishdi. Muhammad ibn Hanafiy ota bir akasi Hasanga xat yozib, dilidagi gaplarini ochiq-oshkora shunday bayon etdi: “Alloh taolo mendan ko‘ra sizni fazilatli qildi... Sizning onangiz Fotima Muhammad ibn Abdulloh sollallohu alayhi vasallamning qizi, mening onam Bani hanifalik oddiy ayol, ona tomondan bobongiz Rasululloh alayhissalom bo‘ladi, mening ona tomondan bobom Ja’far ibn Qays. Agar sizga bu xatim yetib borsa, oldimga kelsangiz va men bilan yarashsangiz, har bir narsada mendan ko‘ra sizga afzallik bo‘ladi”.
Bu maktub Hasanga yetib borishi bilan ukasi oldiga shoshildi va gina-kuduratni unutib, u bilan yarashdi. Bu mohir, zakiy va xushxulqli adib Muhammad ibn Hanafiy kim bo‘ldi?
Keling, uning hayot qissasini avvalidan boshlay qolaylik.
***
Bu qissa Rasululloh alayhissalom hayotining oxirgi vaqtlariga to‘g‘ri keladi. Bir kuni Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Nabiy alayhissalom bilan birga o‘tirganida: “Yo Rasulalloh, agar sizdan keyin o‘g‘il farzand ko‘rsam, unga ismingizni qo‘ysam va kunyangiz bilan kunyalasam, nima deysiz?” deb maslahat so‘radi. U zot bu gapdan quvonib rozi bo‘ldilar.
Shundan keyin birin-ketin kunlar o‘tib, suvlar oqdi. Bu gap shu holicha qolib ketdi. Rasululloh alayhissalom rafiyqul a’loga rixlat etdilar. Shundan bir necha oylar o‘tib-o‘tmay, Hasan va Husaynning onasi Fotima ham u muborak zotga ergashib, bu dunyoni tark etdi.
Suyukli ayoli vafotidan keyin Hazrati Ali Bani hanifalik Ja’far ibn Qaysning qizi Xavlaga uylanib, ularga kuyov bo‘ldi. Bu ayoldan o‘g‘il farzand ko‘rdi, Payg‘ambarimiz ijozatlariga ko‘ra, uning otini Muhammad deb atadi va Abul Qosim degan nom bilan kunyaladi. Shunga qaramay, odamlar Hazrati Alining bu xotindan dunyoga kelgan o‘g‘lini Fotimai Zahrodan tug‘ilgan ikki o‘g‘li Hasan va Husayndan farqlash uchun Muhammad ibn Hanafiy deb atashda davom etdi. Shu tariqa mana shu nom tarix sahifalariga muhrlandi.
***
Muhammad ibn Hanafiy Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning xalifalik yillarining oxirgi paytlarida dunyoga keldi. U otasi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning bag‘rida o‘sib-ulg‘aydi, tarbiyalandi. U otasidan ilm oldi, ibodati va zuhdini o‘zlashtirdi. Hazrati Alidan aynan shu farzandiga baquvvatligi, qo‘rqmasligi va shijoati meros bo‘lib o‘tdi. Yana u otasidan fasohat va balog‘atni ham o‘zlashtirdi. Bu yigit jang maydonlarida harbiy mahorati va chapdastligi bilan dovruq qozonib, yig‘in va majlislarda minbar “chavondozi” bo‘lib tanildi. Tun borliqqa zulmat pardalarini yoyib, ko‘zlar uyquga ketgan mahalda kechaning ruhbon – ibodat qiluvchilaridan biriga aylandi.
***
Otasi g‘ayrat-shijoat bilan kirishgan janglarga ana shu suyukli farzandini yonida birga olib bordi, akalari Hasan va Husayn ko‘tara olmagan jang og‘irliklari va mashaqqatlari shu o‘g‘li zimmasiga tushdi. Kerakli o‘rinda otasiga nayza va ba’zan qanot bo‘ldi. Bir kuni unga: “Otangga nima bo‘ldiki, akalaring Hasan va Husaynni qoldirib, nega seni halokat sari boshlaydi, seni qiyinchiliklarga majburlaydi?”, deb qolishdi. Bunga Muhammad ibn Hanafiy fahm-farosat bilan shunday deb javob berdi: “Bunday qilishlariga sabab shuki, akalarim otamning ko‘zlari o‘rnida, men otamning qo‘llari o‘rnidaman. U kishi qo‘llari bilan ko‘zlarini himoya qiladi”.
***
Ali ibn Abu Tolib bilan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhumo o‘rtasida nizo tegirmoni aylangan Siffiyn jangida Muhammad ibn Hanafiy otasining bayrog‘ini ko‘tarib maydonga kirdi. Harb tegirmoni har ikki tarafdan odamlarini beshafqat yanchib tashlardi. Buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgan Muhammad ibn Hanafiy shunday aytib beradi: Siffiyn jangida otam bilan birga edim. Biz Muoviya qo‘shini bilan to‘qnashdik. Jang qildik. Jang qattiq va ayovsiz ketayotganini ko‘rib: “Bizdan ham, ulardan ham hech kim qolmasa kerak”, deb qattiq qo‘rquvga tushdim. Shundan keyin ozgina o‘tmay, orqamdan bir kishining: “Ey musulmonlar jamoasi, Allohdan hazir bo‘linglar, Allohdan hazir bo‘linglar, ey musulmonlar jamoasi, ayollar va bolalarga yordam beradigan kim bor, din va obro‘-e’tiborni himoya etadigan kim bor, Rum va Daylam uchun kim bor? Ey musulmonlar jamoasi... Allohdan hazir bo‘linglar, Allohdan hazir bo‘linglar, musulmonlarni qatl etmanglar, ey musulmonlr jamoasi”, deb qichqirayotganidan qattiq ta’sirlandim. Shu kundan keyin biron musulmonga qilichimni aslo ko‘tarmaslikka ichimda ahd qildim”.
***
Shundan keyin Ali rizvonullohi alayh zolim jinoyatchi qo‘li bilan shahid qilindi (Abdurahmon ibn Muljam qo‘li). Xalifalik boshqaruvi Muoviya ibn Abu Sufyonga o‘tdi. Muhammad ibn Hanafiy birdamlikka darz ketmasligi, ittifoqni saqlash, islom va musulmonlar izzati uchun bay’at berdi. Muoviya roziyallohu anhu bu bay’at chinligi va sidqidildan berilganini bilib, bay’at sohibiga qattiq ishonch bildirdi. Shuning uchun Muhammad ibn Hanafiyni ziyorat qilishini so‘rab huzuriga chaqirib turardi. Damashqda bir necha marta va aksar sababsiz uni ziyorat qildi.
***
Shulardan biri shunday bo‘lib o‘tdi. Rum podshohi Muoviyaga xat jo‘natib unda: “Bizda podshohlar bir-birlariga odam jo‘natib, bir-birlaridagi g‘aroyib narsalarni tuhfa qilib turadi. O‘zaro mamlakatlaridagi ajoyib narsalar bilan musobaqa uyushtiradi. O‘rtamizda shunday ishlarga ruxsat berasizmi?”, deydi.
Muoviya bu ish ma’qul ekanini yozib yuborib, unga ruxsat berdi. Rum podshohi darhol o‘zining ajoyib va zabardast yigitlaridan ikkisini Muoviya huzuriga jo‘natdi: birining bo‘yi haddan ortiq uzun, yana biri tengi yo‘q baquvvat. Biri o‘rmonda tarvaqaylab o‘sgan daraxtga yoki qurilgan bahaybat imoratga o‘xshardi. Ikkinchisi quvvatda tengi yo‘q kuchli, yovvoyi hayvondek chayir va epchil edi. Shu ikkovi orqali bir xatni ham jo‘natib, unda shunday degan edi: “Mana shu ikki odamimga mamlakatingda uzun bo‘yda va kuch-quvvatda teng keladigan kishi bormi?”
Buni kutmagan Muoviya taraddudga tushdi va oldiga Amr ibn Osni chaqirib maslahat undan so‘radi:
– Uzun odamiga bas keladigan va uni yo‘lda qoldiradigan odamimiz bor. Buning tengi Qays ibn Sa’d ibn U’boda. Ammo baquvvati haqida fikringga muhtojman, – dedi.
Amr Muoviyaga:
– Bizda bu ishga munosib ikki kishi bor. Lekin ikkisi ham sizga raqib bo‘lishgan. Biri Muhammad ibn Hanafiy va yana birisi Abdulloh ibn Zubayr, – dedi.
Muoviya uning muddaosini tushunib:
– Muhammad ibn Hanafiy so‘zimizni yerda qoldirmaydi, – dedi.
Amr dedi:
– Lekin qadri ulug‘ va obro‘-e’tibori yuksak bo‘la turib odamlarning ko‘zi oldida rumlik bilan kuch sinashishga rozi bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi? – dedi. Shunda Muoviya o‘ylanib qolib:
– U bunga va bundan ko‘prog‘iga ham rozi bo‘ladi. Agar shu ishda islomga azizlikni ko‘rsa, – dedi to‘liq ishonch bilan.
***
Shundan keyin Muoviya Qays ibn Sa’dni va Muhammad ibn Hanafiyni huzuriga chaqirdi. Ikki rumlik ishtirokidagi yig‘in tugagach, Qays ibn Sa’d o‘rnidan turib, shalvorini yechdi-da, uni rumlikka irg‘itib, uni bir kiyib ko‘r-chi, degandek ishora qildi. Rumlik shalvorni kiymoqchi bo‘lib, ichiga kirib yuqoriga tortganda ko‘kragiga qadar ichiga kirib ketdi. Odamlarning kulgusiga qolib, izza bo‘ldi. Birinchi bas boylashish shu bilan tugadi. Musulmonlar g‘olib bo‘ldi.
Muhammad ibn Hanafiy o‘rnidan turdi-da tarjimonga qarab: “Rumlikka ayt, agar o‘tirishni xohlasa, men tik turaman. Yo men tik turay, yo u o‘tirsin. Agar xohlasa, u tik tursin, men o‘tirib kuch sinashaylik”, dedi. Rumlikka o‘tirib kuch sinashish ma’qul bo‘ldi. Muhammad ibn Hanafiy uning qo‘lidan tutib, ko‘targanda rumlik uni o‘tirg‘izishga kuchi yetmadi. Rumlik norozi holda afti bujmaydi. U bu kurashdan qoniqmay boshqadan kuch sinashishga undab, bu gal o‘zi tik turib, Muhammadning o‘tirishini tanladi. Muhammad qo‘li bilan rumlikni o‘ziga qarab bir tortgan edi, bilagi yelkasidan chiqib ketayozdi va yerga bukchayib oldi. Ikki rumlik ham o‘z mamlakatiga mag‘lub va bosh egik holda qaytishga majbur bo‘ldi.
***
Kunlar birin-ketin o‘taverdi. Muoviya bilan o‘g‘li Yazid ham Allohning huzuriga yo‘l olishdi. Bani Umayyaning boshqaruvi Abdumalik ibn Marvonga o‘tdi. U o‘zini musulmonlarga xalifa deb e’lon qildi. Shom ahli Abdumalik ibn Marvonga, Hijoz va Iroq ahli Abdulloh ibn Zubayrga bay’at berdi. Bu ikkisi o‘ziga bay’at bermaganni bay’atga undab, odamlarga o‘zining xalifa bo‘lishga loyiq va munosib ekanini da’vo qila boshladi. Shu tariqa musulmonlar safiga ikkinchi marta darz yetdi.
Abdulloh ibn Zubayr Muhammad ibn Hanafiydan Hijoz ahli bay’at bergandek bay’at berishini talab qildi. Lekin u bay’at beruvchi zimmaga ko‘p haqlar yuklashini, uning mas’uliyati va javobgarligi borligini yashirib o‘tirmadi. Shulardan biri o‘zi bay’at bergan kishini deb qilichini qinidan chiqarish va uning raqibi bilan urushishdir. Bunda bay’at beruvchiga ijtihod etgan musulmonlardan boshqa dushman yo‘q. Ular u bay’at bergan kishidan boshqasiga bay’at berganlar. Uzoq yillar o‘zi qatnashgan jangdagi hazin, ulug‘vor va dag‘al ovoz Muhammad qulog‘idan ketmadi: “Ey musulmonlar jamoasi, Allohdan hazir bo‘linglar, Allohdan hazir bo‘linglar, ey musulmonlar jamoasi, ayollar va bolalarga yordam beradigan kim bor, din va obro‘-e’tiborni himoya etadigan uchun kim bor, Rum va Daylam uchun kim bor?”. Ha, Muhammad buni aslo unuta olmadi. U Abdulloh ibn Zubayrga: “Albatta, sen bu ishda mening biron maqsadim va niyatim yo‘qlgini juda yaxshi bilasan. Men musulmonlardan biriman. Agar musulmonlar seni yoki Abdumalikni tanlasa, musulmonlar tanlagan kishiga bay’at beraman. Ammo hozircha senga va na unga bay’at bera olmayman”, dedi. Abdulloh ba’zan u bilan yaxshi muomalada bo‘lib, yumshoqlik qilar, ba’zan qo‘pollik bilan do‘q-po‘pisaga o‘tardi. Biroq bunday muomala Muhammad ibn Hanafiyning fikrini o‘zgartira olmadi.
***
Lekin Muhammad ibn Hanafiy tutgan yo‘lni ma’qul topganlar uning ortidan ergashdi. Uning fikri ma’qul tushib, fitnadan chetlanishni afzal ko‘rgan kishilar soni yetti mingga yetib bordi. Ular yonajak fitna oloviga o‘zlari tarafidan o‘tin qalashdan bosh tortganlar edi. Muhammad ibn Hanafiyga ergashuvchilar soni ko‘payib borgan sari Abdulloh ibn Zubayr unga qahr-g‘azabini oshirar va bay’atni talab qilib, unga qattiq tazyiq o‘tkazardi. Ammo ularning bay’at berishidan umid uzgach, Muhammad Hanafiyni, Bani hoshimlik tarafdorlari va boshqalarni Makkadagi bir daraga qamab, ular ustidan nazorat qilib turuvchi posbonlar qo‘ydi. Abdulloh ibn Zubayr ularni bu holga solib: “Allohga qasamki, yo menga bay’at berasizlar, yo ustingizdan o‘t qo‘yaman”, deb tahdid qildi.
Shu tariqa o‘ziga qo‘shilmagan bu guruhni hibs qilib, ularga o‘tin to‘platdi va uylarini devorlari tepasiga qadar yetgunicha o‘tin bilan o‘rab qo‘ydi. Agar o‘tinga o‘t qo‘yilsa, hammalari yonib kulga aylanardi. Ana shu vaqtda Muhammad ibn Hanafiy ergashgan bir guruh uning oldiga kelib: “Bizga ruxsat bersang, Ibn Zubayrni qatl etib, odamlarni uning zulmidan xalos etamiz”, dedi. Muhammad ibn Hanafiy ularning maqsadini tushunib: “Biz o‘zimizni chetga olgan fitna olovini o‘z qo‘limiz bilan yoqamizmi?! Allohga qasamki, Rasululloh alayhissalom as'hoblari va sahobasi o‘g‘illaridan bo‘lgan bir kishini qatl qilamizmi?! Aslo, yo‘q. Alloh va Rasulini g‘azablantiradigan bu ishni qilmaymiz”, dedi.
***
Abdulmalik ibn Marvonga Muhammad ibn Hanafiy va uning tarafdorlari boshdan kechirayotgan bu azob-uqubat xabari yetib borgach, ularni o‘ziga og‘dirib olish uchun qulay fursat kelganini bilib, undan foydalanmoqchi bo‘ldi. Tezda Muhammad ibn Hanafiyga elchi orqali xat yozib jo‘natdi va unda fikrini shunday bayon etdi: “Menga yetib kelishicha, Ibn Zubayr sen bilan tarafdorlaringni qiynayotgan ekan, rahm-shafqatni unutib, sening izzat-obro‘yingga yarasha ish qilmabdi. Mana bu Shom shahri qachon kelsang, har doim senga ochiq. Agar tarfdorlaring bilan birga kelmoqchi bo‘lsang ham, marhamat, sizlarni quchoq ochib kutib olamiz. Kelinglar, shahar ahli bilan birga yashayveringlar. Bizning haqingizni tanigan, fazlingizni munosib taqdirlagan va silai rahmni qiluvchilardan ekanimizgatezda ishonch hosil qilasizlar. Inshoalloh”.
***
Bu taklif ma’qul tushib, Muhammad ibn Hanafiy bilan tarafdorlari Shom diyori tomon yo‘l olishdi. Ular “Ubla” degan joyga yetib kelib, u yerda o‘rnashishdi. Bu joyning qavmi ularni iliq kutib olib, yaxshi qo‘shnichilik muomalasini qilishdi. Ayniqsa, Muhammad ibn Hanafiyning ibodati va zuhdining chinligini ko‘rib, uni yaxshi ko‘rishar va hurmat-ehtirom ko‘rsatishardi. Muhammad ibn Hanafiy ularni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarardi. Marosimlarini qoim etib, firqa va xusumatlarini isloh qilardi. Odamlarning bir-birlariga zulm qilishiga yo‘l qo‘yib qo‘ymasdi. Bu narsa Abdulmalik ibn Marvonga yetib borgach, bu ish unga og‘ir botdi va xos kishilari bilan maslahatlashib oldi. Ular: “O‘z mulkingda unga imkon berib qo‘yganingni ko‘rib turibmiz. Uning holi ko‘rib turganingdek. Yo u senga bay’at bersin, yo kelgan joyiga qaytib ketsin”, deyishdi.
Abdulmalik unga shunday deb xat yozib yubordi: “Sen mening shahrimga kelib, uning bir chetiga tushding. Men bilan Abdulloh bin Zubayr o‘rtamizda ne bo‘lganidan yaxshi xabaring bor. Musulmonlar seni yaxshi tanib, hurmat qilishadi. Menga bay’at bersang, bu yerda turishinggga ruxsat beraman. Agar taklifimga rozi bo‘lsang, kechagina “Qalzam” degan joydan kelgan yuzta kemani ichidagi mollari va odamlari bilan qo‘shib olgin. Yana senga bir million dirham ham beraman, bunisi o‘zingga. Farzandlaring, yaqinlaring, yordam beruvchilar va tarafdorlaring ham o‘z ulushlarini oladi. Agar taklifimdan bosh tortsang, mening hukmim o‘tmaydigan joyga ketaver”.
Bu xatni o‘qib, Muhammad ibn Hanafiy shunday deb xat yozdi: “Muhammad ibn Hanafiydan Abdulmalik ibn Marvonga. Senga salom bo‘lsinki, Allohdan O‘zga iloh yo‘q, deb hamd aytaman. Ammo ba’d... ehtimol, siz mendan bekorga xavfsirayotgandirsiz. Bu ishga (bay’at)munosabatim qandayligini yaxshi bilasiz, deb o‘ylayman. Allohga qasamki, agar bir qishloq ahlidan tashqari butun ummat menga qarshi to‘plansa, albatta, bu bay’atni qabul qila olmayman va shuni deb ular bilan jang qilmayman. Agar Makkaga borsam, Abdulloh ibn Zubayr ham bay’at berishimni talab qiladi. Agar bosh tortsam, menga yomon muomalada bo‘lishi aniq. Shundan keyin Shom diyoriga kelishimga rozi bo‘lib xat yozdingiz. Sultonlik markazidan uzoq, oddiy va tinch yashash uchun bu joylarga keldik. Xatingizda nima demoqchi bo‘lganingizni tushundim. Inshoalloh, biz bu yerdan qaytib ketamiz”.
***
Muhammad ibn Hanafiy odamlari va oila ahli bilan Shom shahridan qaytib keldi. Ilgari o‘zi majburan chiqarilib, ko‘chishga undalgan joyga tusha boshladi. Shuncha sarson-sargardonliklar unga kifoya qilmagandek, shuncha g‘am-tashvishlar unga yetarli bo‘lmagandek edi. Alloh taolo uni qattiqroq, og‘irroq imtihon va g‘am-tashvishlar bilan sinayotgandek edi. Bunga o‘ziga ergashgan jamoa ichida dinida zaiflik va uzoqni ko‘ra bilmaslik sabab bo‘ldi. Shunga o‘xshaganlar albatta, Rasululloh alayhissalom Ali bilan uning ahli qalbida ko‘p ilm sirlari, din qoidalari va shariat xazinalari joylanganlik xabarini berdi. Albatta, u zot ahli baytni boshqalar xabardor qilinmagan narsa bilan alohida ajratdi.
Har qanday ziyrak, omil va ilmli kishi bu so‘z o‘z zimnida saqlagan og‘ishni, islom va musulmonlarga qarshi xatar va zararlar borligini idrok etadi. Bas, shunday vaqtda Muhammad Hanafiy odamlarni to‘plab, Alloh azza va jallaga hamd va Nabiy sallallohu alayhi vasallamga salavot aytgandan so‘ng ularga qarata shunday dedi:
– Ba’zi odamlar ahli baytda Rasululloh xoslab bergan va boshqa birontani xabardor qilmagan alohida ilm bor deb da’vo qilmoqda. Allohga qasamki, biz Rasululloh alayhissalomdan mana bu lavh (Mus'hafga ishora qilib)dan narsani meros qilib olmadik. Albatta, kim bizda Allohning kitobidagidan boshqa ilmni bor deb da’vo qilsa, yolg‘on aytibdi.
***
Muhammad ibn Hanafiyga ergashganlardan ba’zi birlari uni olqishlab: “Assalomu alayka, ey Mahdiy”, deyishardi. Bunday maqtovni eshitib Muhammad bin Hanafiy unga tuzatish kiritdi: “Ha, men yaxshilikka yo‘l ko‘rsatuvchi Mahdiyman. Sizlar unga yo‘llanuvchilarsiz, inshoalloh. Agar sizlardan birontangiz menga salom bersa, meni ismim bilan atasin. Assalomu alayka, ey Muhammad deb aytsin”.
***
Muhammad ibn Hanafiy bilan qaytib kelganlar joylashgan yerdagi og‘irchilik va mashaqqat uzoqqa bormadi. Alloh taolo Abdulloh ibn Zubayr ishini Hajjoj ibn Saqafiy tufayli hal etishni xohladi. Hamma odamlar Abdulmalik ibn Marvonga bay’at berishdi. Muhammad ibn Hanafiy Abdulmalikka shunday deb maktub jo‘natdi: “Amiral mo‘minin Abdulmalik ibn Marvonga Muhammad ibn Alidan. Ammo ba’d... albatta men bu ish (xalifalik) sizga o‘tganini va odamlar sizga bay’at berayotganini ko‘rgach, men ham ulardan biri bo‘ldim va Hijozdagi voliyingizga bay’at berdim. Bay’atim deb sizga mana shu xatni yozib yuborayapman. Assalomu alayka”.
Abdulmalik ibn Marvon bu xatni as'hoblariga o‘qib bergach, ular: “Agar u bizga qarshi chiqishni va biron muammoni istaganida albatta bu uning qo‘lidan kelardi va sen unga qarshi chora topolmas eding... unga ahdni, miysoqni, omonlikni, Alloh va Uning Rasulini deb u bilan as'hoblarini bezovta qilmaslikni va xotirjam bo‘lishini yozib yuboring”.
Shunday deb bitilgan maktub jo‘natilib, Hajjojga uni ehtirom qilishni, hurmatini joyiga qo‘yib, norozi qiladigan ishdan tiyilishni tayinlandi. Lekin Muhammad bin Hanafiy undan keyin uzoq yashamadi. Alloh taolo uni rozi bo‘lgan va undan rozi bo‘lingan holda o‘z huzuriga oldi.
***
Alloh taolo Muhammad ibn Hanafiyning qabrini nurga to‘ldirsin va uning ruhini jannatga kiritsin. U yer yuzida fasod bo‘lishini va odamlar orasida shon-shuhrat qozonishni xohlamagan kishilardan edi.
Bobomurod Erali nashrga tayyorlagan
“Tobe’inlar hayoti” kitobidan olindi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati