Ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahlili diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyat samaradorligini oshirishni va malakali kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini yaratishni taqozo etmoqda.
Xalqimizga azal-azaldan xos bo‘lgan ma’rifatparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilatlar va qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining o‘rni va ishtirokini oshirish hamda 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Quyidagilar diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
“jaholatga qarshi ma’rifat” ulug‘vor g‘oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etish;
islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish;
dinni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadigan buzg‘unchi yot g‘oyalarning asl mohiyati va maqsadlari haqida aholining, ayniqsa, yoshlarning xabardorlik darajasini oshirish;
jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan g‘oyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish;
jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining daxldorlik hissi va ishtirokini yanada oshirish;
diniy-ma’rifiy tashkilotlarning moddiy-texnika ta’minotini mustahkamlash, soha vakillari mehnatini munosib rag‘batlantirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;
globallashuv sharoitida jamiyatimizdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va e’tiqod erkinligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan axborot-tahliliy faoliyatni kuchaytirish;
diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘unligini rivojlantirish asosida ta’lim sifatini oshirish, diniy-ma’rifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimini yaratish.
2. Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tuzilmasida 15 ta shtat birligidan iborat Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil etilsin.
Markaz Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning diniy mavzularga oid adabiyotlar, Internet va ommaviy axborot vositalari materiallarini chuqur tahlil qilish, diniy-ijtimoiy muhitning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish faoliyatini amalga oshiradigan axborot-tahliliy tuzilmasi hisoblanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining O‘zbekiston islom akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita muassisligidagi Qur’on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar (arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk va b.) va boshqa xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud bo‘lgan sohalar bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashga, o‘rta maxsus, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, malaka oshirish bosqichlarida uzluksiz ta’limning yaxlit tizimini tashkil etishga va ilmiy merosni chuqur tadqiq qilish va asrab-avaylashga, diniy va dunyoviy bilim berishga ixtisoslashgan yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;
respublikadagi barcha islom ta’lim muassasalari faoliyatini o‘quv-me’yoriy va o‘quv-uslubiy jihatdan ta’minlash hamda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
huquq va majburiyatlar bo‘yicha qayta tashkil etilayotgan O‘zbekiston islom akademiyasining hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetining huquqiy vorisi hisoblanadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bitiruvchilariga umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida sohaga tegishli fanlar bo‘yicha pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi PQ–2909-son “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 14-bandida belgilangan imtiyozlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga ham tatbiq etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilsin.
5. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari mintaqaviy filiallariga ega bo‘lgan Malaka oshirish markazi tashkil etilishi inobatga olinsin.
Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallarida imom-xatiblar, imom noiblari, diniy soha mutaxassislari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, oliy va o‘rta ta’lim muassasalarining sohaga tegishli pedagog kadrlari qayta tayyorgarlikdan o‘tadi va malaka oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilsin.
6. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi mamlakatimizda dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ajdodlarimizning islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan boy diniy-ilmiy merosini keng targ‘ib qiluvchi, diniy-ma’rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazuvchi asosiy media tuzilma sifatida shakllantirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda “Ziyo” media markazi ishini samarali tashkil etish maqsadida uni aloqa vositalari, keng qamrovli Internet tarmog‘i, zamonaviy telestudiya, televizion uskunalar jamlanmasi, kompyuter texnikalari, dasturiy ta’minot va boshqa texnika vositalari bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
“Ziyo” media markazi 2021 yilning 1 mayiga qadar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha respublikada ishlab chiqarilmaydigan, zamonaviy telestudiya tashkil etish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, kompyuter va server texnikasi, texnika vositalari, shuningdek, boshqa moddiy-texnika resurslarini olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) to‘lashdan ozod etilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining oliy diniy-ma’rifiy ta’lim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur o‘rgangan, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini puxta o‘zlashtirgan, hadisshunoslik sohasida ilmiy izlanishlar olib borish ko‘nikmasiga ega mutaxassislarni tayyorlash hamda hadislardagi ezgu umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish Hadis ilmi maktabining asosiy vazifalari etib belgilangani inobatga olinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilsin.
8. O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashi mazkur fondni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilganligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilganligi,2-ilovaga muvofiq ushbu jamoat fondining Vasiylik kengashi tarkibi ma’qullanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
“Vaqf” xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanganligi qayd etilsin:
fuqarolarning diniy, ma’naviy va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash;
masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish;
diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
islom ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz, zamonamizning yetuk olim va ulamolari qalamiga mansub diniy-ma’rifiy asarlarni chop etish va aholiga yetkazishga ko‘maklashish;
yurtimizdagi muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarning musulmon dunyosidagi nufuzini yanada oshirish, bu maskanlarga mahalliy va xorijiy fuqarolarning ziyoratlarini uyushtirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda O‘zbekiston musulmonlari idorasiga bir oy muddatda “Vaqf” xayriya jamoat fondining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tashkil etish, fuqarolardan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘lari sifatida tushadigan mablag‘lar Fondning alohida hisob raqamida to‘planishi, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan (shu jumladan, Internet tarmog‘i orqali onlayn kuzatish imkoniyatini yaratgan) holda mablag‘larning tushishi va sarflanishida to‘liq shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘mak bersin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda uch oy muddatda respublikadagi barcha muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarni o‘rganib chiqsin hamda ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 1 iyulga qadar o‘rganish natijalari asosida muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni “Vaqf” xayriya jamoat fondiga foydalanish uchun ijaraga berish huquqi bilan biriktirib berishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilsin.
Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar moddiy madaniy meros obyektlari hisoblanadi hamda ularning talab darajasida muhofaza qilinishi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan davlat nazorati o‘rnatiladi.
10. O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan ushbu idora tizimidagi diniy-ma’rifiy tashkilotlarda:
faoliyat yuritayotgan xodimlarga, shu jumladan imom-xatiblarga oylik ish haqi to‘lash;
faoliyat yuritayotgan uy-joyga muhtoj xodimlarni xizmat uy-joylari bilan ta’minlash;
ko‘p yillar davomida namunali faoliyat yuritayotgan, uy-joyga muhtoj imom-xatiblarga yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan uy-joylarni sotib olib, tekinga berish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyurtmasiga asosan idora tizimidagi diniy-ma’rifiy tashkilotlar xodimlariga xizmat uy-joylari va ularga sotib olib berish uchun yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan uy-joylarning ajratilishini ta’minlasin.
11. Belgilansinki, 2018 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ishlovchi:
o‘qituvchi, ilmiy xodim va mutaxassislarga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 3 baravar (Markaz xodimlariga – 4 baravar) miqdorda qo‘llaniladi;
pensionerlarga ularning ushbu tashkilotlardagi faoliyati yagona bo‘lgan taqdirda pensiyalari to‘liq to‘lanadi.
Mazkur bandning uchinchi xatboshisi barcha diniy-ma’rifiy tashkilotlar xodimlariga tatbiq etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Fanlar akademiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va keng jamoatchilikning islom ilm-fani va madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, mamlakatimiz dovrug‘ini jahon miqyosida keng yoyish ishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida “Imom Buxoriy” davlat mukofotini ta’sis etish haqidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur davlat mukofotini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Adliya vazirligi bilan birgalikda diniy-ma’rifiy sohada namunali faoliyat yuritayotgan, ijtimoiy-ma’naviy ishlarda alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan soha vakillarini rag‘batlantirish, shu jumladan davlat mukofotlariga taqdim etish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritib borsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita:
bir hafta muddatda qo‘mita faoliyatini takomillashtirish va uning yangilangan tuzilmasini tasdiqlash haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini;
Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda
bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari R.T.Kamilov va R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOЕV
Toshkent shahri, 2018 yil 16 aprel
«Nikoh» so‘zi, avval ham aytib o‘tganimizdek, lug‘atda «qo‘shilish», «jamlanish», «yaqinlashish» ma’nolarini anglatadi.
Shariatda esa: «Nikoh bahralanish egaligini hosil qiluvchi bog‘lanishdir».
Boshqa fiqhiy mazhablar ta’rifida: «Nikoh er-xotin orasida shar’iy yo‘l bilan huzurlanish halolligini ifoda qiluvchi va o‘sha huzurlanishni muboh qiluvchi aqddir».
Shayx Muhammad Abu Zahra quyidagi ta’rifni ixtiyor qilgan:
«Nikoh erkak va ayol orasidagi yaqinlikni, ikkisining o‘zaro hamkorligini ifoda qiluvchi hamda ikkisining huquq va majburiyatlarini chegaralovchi aqddir».
Nikohning shariatga kiritilishi hikmatlari:
1. Nikohdagi shaxs va uning jufti halolining haromdan saqlanishi.
2. Inson sulolasini inqirozga uchrab yo‘q bo‘lib ketishdan himoya qilish.
3. Naslu nasabning boqiy qolishi va muhofaza qilinishi.
4. Jamiyat qurishning asosi bo‘lgan oilani barpo qilish.
5. Oila va jamiyat a’zolari orasida o‘zaro aloqalarni o‘rnatish va ularni rivojlantirish.
Alloh taolo insonni tabiatan jamoatchilikda yashashga moyil qilib yaratgan. Inson zoti bu dunyoda yashar ekan, uning o‘ziga o‘xshash insonlar bilan aloqa qilishga hojati tushadi va busiz yashab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham turli insoniy aloqalar mavjud va ularsiz dunyo hayoti obod bo‘lmaydi.
Ammo barcha insoniy aloqalar ichida eng muqaddasi nikoh aloqasidir. Barcha insoniy aloqalar o‘z-o‘zidan o‘rnatilib va yuritilib ketaversa ham, nikoh aloqasi alohida e’tiborga sazovordir. Shuning uchun ham Alloh taoloning oxirgi va mukammal dini, Qiyomatgacha boqiy qoluvchi dini, barcha zamonlar va makonlarda insoniyatga ikki dunyo saodat yo‘lini ko‘rsatib beruvchi dini – Islom nikoh aloqasini insoniy aloqalar ichida eng e’tiborli va eng muqaddas aloqaga aylantirgan. Bu aloqa, Islom ta’limotiga binoan, Alloh taoloning amri bilan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan va mo‘min-musmonlarning guvohligi bilan quriladigan aloqaga aylantirilgan. Nikoh aloqasi haqida Qur’oni karimda oyatlar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ko‘plab ta’limotlar hamda Islom fiqhida qator hukmlar kelgan.
Mazkur muqaddas aloqaning mohiyatini, negizini va asosini ushbu bobda zikri kelayotgan «nikohlanish», bizning urfimizda «nikoh o‘qitish» deb ataladigan marosim tashkil etadi. Ba’zi odamlarning bilimsizligi va beparvoligi oqibatida aynan oila qurishning javhari bo‘lgan mana shu ishni unutib qo‘yadiganlar ham yo‘q emas.
Bundan bir necha yil avval ikki-uch kishi muhim savollari borligini aytib, oldimga kelishdi. Kirib, bir yaqinlari o‘g‘lini uylantirayotgani, hamma narsa tayyor bo‘lganida bola: «Nikoh o‘qilmasa bo‘lmaydi» deb turib olganini, ota-onasi esa: «Eskicha nikohning nima keragi bor?» degani va orada kelishmovchilik chiqqanini aytib, ulardan qay birlari haq ekanini so‘rashdi.
Ming afsuski, hozirgacha musulmonlar orasida nikohning asli, oila poydevori, haromni halol qiladigan, boshqalar uchun shunchaki odat bo‘lgan er-xotinlik aloqasini ibodat darajasiga ko‘taradigan asosiy omil bo‘lmish nikoh aqdiga unchalik ahamiyat bermaydigan, unga «eskicha odat» deb qaraydiganlar bor.
Bu o‘ta noxush holatga chek qo‘yishimiz kerak. Aynan shar’iy nikoh saodat manbai ekanini anglab yetishimiz va uni qadrlay bilishimiz lozim. Shariatning har bir musulmon uchun farz bo‘lgan ushbu hukmini yaxshilab o‘rganishimiz zarur.
Keling, bizda «nikoh o‘qitish» deyish odat tusiga aylanib qolgan «aqdi nikoh»ning shariatdagi hukmlarini diqqat bilan o‘rganib chiqaylik.
Shar’iy nikohning to‘g‘ri bo‘lishi shartlari:
1. Iyjob va qabul.
Nikoh tuguni iyjob va qabul ila bog‘lanadi.
Ya’ni er-xotinlik aloqasi nikohlanmoqchi bo‘lgan ikki tarafdan birining nikohlanish rag‘batini bildirishi va ikkinchisining o‘sha rag‘batni qabul qilishi ila yuzaga chiqadi.
«Iyjob» – aqdi nikohda ishtirok etadigan ikki tomonning biridan shu masalada rag‘bat sodir bo‘lganini anglatadigan narsa, «qabul» esa, ikkinchi tomondan ana shu rag‘batni qabul qilganini bildirish uchun sodir bo‘lgan narsadir.
Bizning voqeligimizda nikoh o‘qiyotgan domla kelindan «Falonchiga turmushga chiqishga rozimisiz?» deb so‘raganda kelinning «Ha» yoki «Roziman» deyishi iyjob bo‘ladi. Domla kuyovdan «Falonchini jufti halollikka qabul qildingizmi?» deb so‘raganda kuyovning «Qabul qildim» deyishi «qabul» bo‘ladi.
Shuningdek, bir erkak ayol kishiga: «Menga xotin bo‘lishga rozimisan?» desa, bu «iyjob» bo‘ladi. Ayol unga «Roziman», deb javob bersa, bu «qabul» bo‘ladi. Yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin.
Ba’zi vaqtlarda valiylar yoki vakillar orqali ham «iyjob-qabul» bo‘lishi mumkin.
Hanafiy mazhabida faqat iyjob va qabulgina nikohning rukni hisoblanadi.
Iyjob va qabul, ya’ni rozi-rizolikni alohida va jamoatchilik oldida so‘rashni joriy qilishda yoshlarga o‘z erklari bilan oila qurayotganliklarini yana bir bor namoyon qilish ma’nosi ham bordir. Agar ichkarida odamlarning xabarisiz qiyin-qistov bo‘layotgan bo‘lsa, yana bir imkon yaratib, ochig‘ini e’lon qilish uchun yigit va qizga fursat beriladi.
2. Iyjob va qabulda ishlatilgan iboralar abadiylikni ifoda qilishi shart.
Agar bu iboralar vaqtinchalikni ifoda qilsa, nikoh bog‘lanmaydi. Vaqtini tayin qilib «falon oyga, falon yilga nikohlandik» deyilsa, nikoh botil bo‘ladi. Shuning uchun ham muvaqqat nikoh va mut’a nikohi harom hisoblanadi.
Iyjob va qabulning lafzi «Nikohlanishga rozi bo‘ldim va nikohlandim» kabi o‘tgan zamon fe’li yoki «Menga nikohlan» deganda «Nikohlandim» deyish kabi buyruq va o‘tgan zamon fe’li ila ifoda etiladi.
Yoki bir taraf nikoh rag‘batini bildirganda ikkinchi taraf «Qabul qildim», desa ham, iyjob-qabul sobit bo‘ladi.
Nikoh va uylanish ma’nolari Qur’oni karimda kelganligi uchun mazkur ikki lafzni ishlatish afzaldir. Odatda «nikoh» va «uylanish» lafzlarining ishlatilishi hammaga ma’lum va mashhur.
3. Kelin-kuyov bir-birlarining iyjob va qabul haqidagi lafzlarini eshitishlari shart.
Chunki ovozi eshitilmagan shaxs g‘oyib shaxs bilan barobardir.
Shuningdek, kuyov-kelinning iyjob va qabul haqidagi lafzlarini o‘sha yerda hozir bo‘lgan guvohlar ham eshitishlari shart.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Valiysiz va ikki odil guvohsiz nikoh yo‘qdir», dedilar (Ahmad va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).
4. Valiyning bo‘lishi.
Valiyni hanafiy mazhabi «nikohning shartlaridan biri» desa ham, boshqa mazhablar «nikohning ruknlaridan biri» deganlar. Shunga binoan, «valiy» nikohning to‘g‘ri bo‘lishi unga bog‘liq shaxs bo‘ladi.
Odatda, ota yoki uning o‘rniga qolgan shaxs valiy bo‘ladi. Valiylar tartibi, ota yo‘q bo‘lsa, bobo, tug‘ishgan aka‑uka, ota bir aka-uka, ona bir aka-uka, amaki bo‘lib ketaveradi.
Hanafiy mazhabida: «Odam ajratishni bilmaydigan, aldanib qoladigan kishi ham valiy bo‘lmaydi», – deyilgan.
Valiy nikohda o‘zining o‘rniga vakil tayin qilishi joizdir.
5. Ikki adolatli guvoh.
Iyjob va qabulsiz nikoh bo‘lmaganidek, kamida ikki er kishi yoki bir er va ikki ayol kishi guvohligisiz ham nikoh bo‘lmaydi.
Yangi qurilgan oila jamiyatning yangi a’zosi bo‘ladi. Shuning uchun ham jamiyatning vakillari bo‘lmish guvohlar ularning halol-pok oila qurayotganlariga jamiyat nomidan shohid bo‘ladilar.
Shohidsiz nikoh bo‘lmaydi. Ana o‘sha guvohlar ikki shaxsning halol-pok yo‘l, nikoh yo‘li bilan oilaviy turmush qurishganiga shohid bo‘ladilar va buni boshqa kishilarga ham yetkazadilar. Shuningdek, er-xotin orasida nikoh masalasida da’volashuv bo‘lib qolsa, qozining oldida guvohlik ham beradilar. Ushbu e’tibordan nikoh guvohsiz bo‘lishi mumkin emas.
Nikohda guvohlar ikki er kishi bo‘lishi kerak. Hanafiy mazhabida ikki er kishi bo‘lmasa, bir er kishi va ikki ayol kishi bo‘lsa ham, bo‘laveradi. Ammo faqat ayol kishilarning yolg‘iz o‘zlarining guvohligi kifoya qilmaydi.
Guvohlarda quyidagi shartlar bo‘lishi lozim:
1. Aql. Majnun kishi guvoh hisoblanmaydi.
2. Balog‘atga yetganlik. Yosh bola guvoh hisoblanmaydi.
3. Hur. Qul guvoh bo‘lmaydi.
4. Musulmonlik. Nomusulmon kishi guvoh bo‘lmaydi.
5. Ikkala guvoh ham nikohlanuvchi ikki tomonning gaplarini eshitishlari kerak.
6. Guvoh adolatli (diniy jihatdan to‘liq, odil odam) bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi. Bo‘lmasa, adolati surishtirilmagan, yolg‘onchiligi, fosiqligi ma’lum bo‘lmagan kishi ham bo‘laveradi. Hanafiy mazhabida bu masala boshqa mazhablarga qaraganda bir oz kengroq olingan.
Nikoh ikki fosiqning huzurida ham to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin ularning guvohliklarining ta’siri da’vo paytida o‘tmaydi.
Fosiq – shariatga xilof ish qiladigan odam. Boshqa mazhablarda fosiqning guvohligi o‘tmaydi. Ammo Hanafiy mazhabida yuqorida zikr qilingan shart ila uning nikohdagi guvohligi qabul qilingan.
Nikoh ikki tarafning ikki o‘g‘li yoki bir tarafning ikki o‘g‘li huzurida ham to‘g‘ri bo‘ladi. Misol uchun, ajrashib ketgan er-xotin o‘zlarining ikki o‘g‘li guvohligida yoki birlarining ikki o‘g‘li huzurida qayta yarashsalar bo‘ladi.
Ularning guvohligi o‘zining yaqini foydasiga qabul qilinmaydi. Misol uchun, erning ikki o‘g‘li guvohligida nikoh qilindi. Keyin er-xotin orasida nizo chiqib, qoziga murojaat qilindi. Ikki o‘g‘ilning guvohligi otaning foydasiga qabul qilinmaydi. Ammo erning xuddi o‘sha o‘g‘illarining guvohligi xotinning foydasiga qabul qilinadi. Chunki ular bilan xotinning orasida qarobat – yaqin qarindoshlik yo‘q.
Nikoh ikki zimmiyning guvohligida to‘g‘ri bo‘ladi va ularning guvohligi musulmonning ziddiga o‘tmaydi.
Zimmiy – Islom davlati soyasida yashayotgan g‘ayridin shaxs. Agar musulmon odam zimmiy ayolga uylanayotgan bo‘lsa, ikki zimmiy erkakning guvohligida qilingan nikoh to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo keyinchalik mazkur er-xotinning orasida nizo chiqib qolsa va ishlari mahkamada ko‘riladigan bo‘lsa, zimmiylarning musulmonning ziddiga bergan guvohligi qabul qilinmaydi.
Agar vakil qiluvchining o‘zi hozir bo‘lsa, uning vakili guvoh bo‘la oladi. Shuningdek, balog‘atga yetgan, o‘ziga boshqa odam valiy qilingan qiz hozir bo‘lsa, uning valiysi ham guvoh bo‘la oladi.
Ammo vakil qiluvchi va valiy qiluvchi hozir bo‘lmasa, vakil ham, valiy ham guvoh bo‘la olmaydi. Chunki bu holatda ularning har biri aqdi nikohning bir tarafi bo‘ladi. Nikohdan o‘tuvchining o‘zi aqd paytida hozir bo‘lsa, uning o‘zi aqdning bevosita egasi bo‘ladi hamda vakil va valiyning guvoh bo‘lishlari imkoni tug‘iladi.
Xuddi shu nikoh aqdini bog‘lash paytida guvohlarning oldida nikohning asl va muhim amallaridan biri – mahr masalasini ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bizning hozirgi sharoitimiz shuni taqozo qiladi. Chunki mahr nimaligini bilmaydiganlarimiz bor. Agar nikoh o‘qiyotgan olim kishi bu masalani tushuntirib, amalga oshirib qo‘ymasa, bu o‘ta muhim narsa umuman esga kelmay, shariatning hukmlaridan biri poymol bo‘lishi, ikki tarafning gunohkor bo‘lishi hech gap emas.
Nikohga oid ma’lumotlarni turli munosabatlar bilan odamlarga bayon qilganimizda, jumladan, mahr masalasini tushuntirganimizda, «Biz oila qurganimizda bu kabi gaplar bo‘lmagan edi», «Mahr nimaligini bilmay, oila qurgan ekanmiz, endi nima bo‘ladi?» degan odamlar bo‘ldi. Ana shu e’tibordan, muhtaram ulamolarimiz nikoh o‘qish paytida ushbu masalani o‘rtaga tashlab, bayon qilib, hal etib qo‘yishlari juda yaxshi ish bo‘ladi.
"Baxtiyor oila" kitobidan