Hozirgi kunga kelib turli diniy oqim va firqalar “Ahli sunna val jamoa” musulmonlarini adashgan, kufr va shirkda ayblab, o'zlari haqligini iddao qilib, ularga qo'shilishni va haqiqiy Islomda bo'lishni iddao qilmoqdalar. Shulardan biri soxta “Salafiylik” oqimi a'zolaridir.
Bunday oqim va firqalar qanday nomlanmasin, ularning fikri va e'tiqodlari deyarli bir xil. O'zlariga ergashmaganlarni zalolatda, kufr diyorida istiqomat qiladi, hijrat qilish farz kabi botil da'volar bilan ba'zi bir savodi yo'q yoki dinga qiziqqan insonlarni miyasini zaharlab o'z saflariga qo'shishga harakat qilmoqdalar. Ular bu yo'lda har qanday yo'l bilan, hatto hozirgi kunda juda faollik bilan rivojlanayotgan aloqa vositalari, jumladan internet orqali ham keng targ'ibot ishlarini olib borishmoqda.
Avvalo, salafiylar kim va nima uchun ular o'zlarini “Salafiylar” deb nomlashmoqda? Shu haqida ma'lumotga ega bo'lsak.
«Salaf» so'zi arab tilida «avvalda o'tganlar, o'tmishda yashaganlar», «Salafiy» – «o'tmishda o'tgan ajdodlar yo'lidan boruvchi» ma'nolarini beradi.
Istilohda esa «Salaf» Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom taraflaridan maqtalgan, ilk hijriy uch asr avlodlari hisoblanadi. Shu davrda yashab o'tgan sahobalar, tobe'inlar va taba'a tobe'inlardan iborat olimlaru fozillar, mujtahid ulamolarini “salafi solihlar” deb ataladi. Abu Hanifa va boshqa o'rta asrlarda o'tgan mualliflar asarlarida bu so'z aynan mana shu ma'noda, ya'ni «as-salaf», «as-salaf as-solih» (o'tgan solih ajdodlar) shakllarida keladi.
Payg'ambarimiz alayhissalom o'zlarining muborak hadislarida: “Insonlarning eng yaxshisi mening asrdoshlarim. So'ngra ularga yaqin bo'lganlar (tobe'in)dir. So'ngra, ulardan yaqin bo'lganlar (taba'a tobe'in)dir. Ulardan keyin yolg'onchilik tarqab ketadi. Hatto biror kishiki, undan guvohlik so'ralmasada (yolg'ondan) guvohlik beraveradi, undan qasam ichishlik so'ralmasada (noo'rin) qasam ichaveradi” deganlar.
Shu hadisga binoan Islom olamida dastlabki uch asrda yashab o'tgan musulmon avlodlarini eng yaxshi solih insonlar deb e'tirof etiladi. Bugungi kunda mashhur to'rtala mazhab- Hanafiy, Molikiy, Shofi'iy va Hanbaliy mazhabi asoschilari va ularning ashoblari ayni yuqoridagi hadisda aytib o'tilgan avlod vakillari hisoblanadilar. Ulardan keyingi davr vakillarini. Olimlari, fozilu avliyolariga ham “salafi solih”, “salafiy” degan atama ishlatilmaydi.
So'nggi yillarda “salaf solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, musulmon jamiyatlarini ilk islom davri holatiga qaytarishni targ'ib qiluvchi mutaassib, soxta salafiylar paydo bo'lganini alohida qayd etish lozim.
Ular islomiy ahkom va fatvolarni har bir zamon taqozosiga qarab emas, balki hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni iddao qilgan oqimdir. Bu oqim arab va islom mamlakatlarida tarqalgan bo'lib, Makaziy Osiyoga ham kirib kelmoqda.
Bu oqim tarafdorlari islom dinining har bir zamon va har bir makonga moslasha olishini tan olmaydilar. O'n to'rt asrdan beri islomning zabardast olimlari, faqihu mujtahidlari, mo''tbar to'rtta mazhab sohiblari qabul qilgan fatvolarni tan olmaydilar va ularga qarshi chiqadilar.
Soxta salafiylikning asoschisi sifatida hijriy ettinchi asrning oxirlarida Suriyalik Ahmad ibn Taymiya boshchiligida, asosan ahli sunna imomi- Abu Muso al Ash'ariy (r.a) tomonidan talqin qilingan aqoidiy islohotlarni rad qilishlik bilan o'rtaga chiqganini ko'rishimiz mumkin. Ibn Taymiya umri davomida o'zining agressiv qarashlari tufayli to'rt marta qamoq jazosiga tortilgan va 1328 yilda qamoqxonada vafot etgan.
Soxta “salafiylar”ning fikricha, Rasulullohning muborak qabrlarini ziyorat qilish bid'at va zalolatdir (vaholanki ibn Taymiyagacha bo'lgan davr, ya'ni qarib sakkiz asrdan beri butun Islom olamida joriy bo'lgan eng ulug' ziyoratlardandir). Shuningdek Rasulullohning tug'ilgan kunlari, ya'ni mavlidi sharifni nishonlash ham bid'at va foydasizdir, yana Rasulullohdan qolgan asori atiqalarni saqlash, asrab avaylash esa go'yoki shirkdir. “Salafiylar”ning tasavvurida yuqoridagi kabi aziz va mo''tabar narsalar johiliyat davridagi bud-sanamlarga sig'inishdek tenglashtiriladi.
“Salafiylar”ning bu kabi qarashlari o'z davrida katta fitna va yangilik bo'lishiga qaramasdan, ularning tarafdorlari juda ko'p edi. Sababi, ibn Taymiyaning kuchli taqvo va ilm sohibi bo'lgan va hanbaliylik mazhabiga mansub oilada voyaga etgani bo'ldi. Shu sabab ham unga ergashganlar ko'p bo'ldi. Natijada uning adashuvini ko'pchilik payqamay qoldi. Uning fatvolari ko'pchilik muxlislari tomonidan qabul qilinardi. Oxiri esa uni “mujaddid”(dinni yangilovchi), “shayxul islom” degan laqablar bilan atay boshladilar. Aslida esa, Ibn Taymiya mujaddid ham, asl salafiy ham bo'lmagan. Uning keyingi paydo qilgan “salafiylik” mazhabi ham hech qanday salafi solihlarning yo'llariga to'g'ri kelmaydi. Balki, musulmonlar jamoasidan ajrab chiqgan adashgan bir kichik mutaassib oqim bo'lgan xolos.
Murodjon MIRSOATOV
Sirdaryo tuman “A. Yassaviy”
jome masjidi imom-xatibi
Iordaniya fatvo tashkiloti (Doiratul-ifto al-urduniyya) tomonidan savdo-sotiqda mahsulot qadog‘iga noto‘g‘ri ma’lumotlarni yozish va aslida yo‘q bo‘lgan xususiyatlarni da’vo qilishning hukmiga oid savolga oydinlik kiritildi. Unda ta’kidlanishicha, mazkur fatvo tashkilotiga quyidagicha savol kelib tushgan:
Savol: Biz bir mahsulot ishlab chiqarib sotamiz. Uning qadog‘iga kaloriya miqdorini “200 kkal atrofida” deb yozib qo‘ygan edik. Aslida esa uning kaloriyasi bundan ko‘proq. Biz shu holatida undan juda ko‘p miqdorda sotib yubordik. Shuni ham ta’kidlash kerakki, agar qadoqqa kaloriya miqdorini asl holicha ko‘proq qilib yozganimizda ham mahsulotning narxi o‘zgarmasdi. Shu qilgan ishimizning hukmi qanday bo‘ladi va endi nima qilishimiz kerak?
Ushbu savolga Iordaniya fatvo hay’ati ulamolari shunday javob berishgan:
“Javob: Allohga hamdlar bo‘lsin, Payg‘ambarimizga salovat va salomlar bo‘lsin!
Islom dinida savdo-sotiq va o‘zaro muomalalarda yolg‘on gapirish va aldash qat’iyan harom qilingan. Alloh taolo marhamat qiladi:
وَالَّذِينَ هُمْ لِأَمَانَاتِهِمْ وَعَهْدِهِمْ رَاعُونَ
«Ular (ya’ni, mo‘minlar) o‘zlariga ishonilgan omonatlarga va (o‘zgalarga) bergan ahdu paymonlariga rioya qilguvchi kishilardir» (Mo‘minun surasi, 8-oyat).
Boshqa oyatda esa:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ
«Ey, iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar», deyilgan (Tavba surasi, 119-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَنْ غَشَّنَا فَلَيْسَ مِنَّا (رواه مسلم)
«Kim bizni aldasa, bizdan emas» (Imom Muslim rivoyati).
Tovarga unda aslida yo‘q bo‘lgan sifatlarni nisbat berish (masalan, qadoqqa noto‘g‘ri ma’lumot yozish) yolg‘on va firibgarlik hisoblanadi. Arzimas dunyoviy manfaatlarni deb yolg‘on gapirish va aldashning haromligi hech kimga sir emas. Iordaniya Fatvo kengashining 101-sonli qarorida shunday deyiladi:
“Musulmon kishi xoh tojir bo‘lsin, xoh savdo vakili yoki boshqa vazifada bo‘lsin, barcha so‘zlarida rostgo‘y bo‘lishi, o‘zi reklama qilayotgan va sotayotgan har qanday mahsulot haqidagi haqiqatni doim ochiq bayon qilishi shart. Qanday holat bo‘lmasin, yolg‘on gapirish va odamlarni chalg‘itish haromdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlaridek: «Rostgo‘ylikni lozim tutinglar, chunki rostgo‘ylik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapiraversa va rostgo‘ylikni istashda bardavom bo‘laversa, Allohning huzurida «siddiqlardan» deb yoziladi. Sizlar yolg‘ondan hazir bo‘linglar, chunki yolg‘on fujurga boshlaydi. Fujur esa do‘zaxga boshlaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa va yolg‘onchilikni istashda bardavom bo‘laversa, Allohning huzurida «kazzoblardan» deb yoziladi» (Muttafaqun alayh). Va yana shunday deganlar: «Kim bizni aldasa, bizdan emas» (Imom Muslim rivoyati). Va yana: «Musulmon musulmonning birodaridir. Musulmon kishi o‘z birodariga biror aybli narsani sotsa, albatta, uni bayon qilishi shartdir» (Imom Ibn Moja rivoyati)”.
Savdo-sotiqda bilib-bilmay yolg‘on va firibgarlikka yo‘l qo‘ygan kishi zudlik bilan Alloh taologa chin dildan tavba qilishi vojibdir. Buning uchun darhol mazkur noto‘g‘ri ishni to‘xtatib, mahsulot qadog‘idagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni to‘g‘rilash, xaridorlarni bu holatdan xabardor qilish, bunday ishga qaytmaslikka qat’iy qaror qilish va qilgan ishiga pushaymon bo‘lib, Allohdan ko‘p mag‘firat so‘rash hamda yaxshi amallarni ko‘paytirish lozim bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, modomiki mahsulotning narxi undagi noto‘g‘ri ma’lumot sababli oshmagan ekan (ya’ni kaloriyasi boshqacha yozilganda ham narx bir xil bo‘lsa), foydaning qaysidir qismini ajratib tashlash talab etilmaydi. Chunki o‘rtada qaytarilishi kerak bo‘lgan farq yo‘q. Biroq, topilgan daromadni poklash va ko‘ngilni xotirjam qilish maqsadida yaxshilik yo‘llariga sadaqa qilib yuborish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa qilib aytganda, sotilayotgan mahsulotda aslida yo‘q bo‘lgan sifatlarni bor deb da’vo qilish haromdir. Bu Islomda taqiqlangan yolg‘on va aldov sanaladi. Bunday ishga qo‘l urgan kimsa darhol chin tavbaga shoshilishi lozim, daromadni poklash uchun esa sadaqa qilishi maqsadga muvofi bo‘ladi. Vallohu a’lam”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi