Bugun, 16 aprel kuni Toshkent shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan "Imom Termiziy ilmiy merosining Islom tamadduni rivojidagi ahamiyati" nomli ilmiy seminar o‘z ishini boshlaydi.
Ushbu seminarni tashkil etishda Saudiya Arabistoni Informatsiya va arab-rus tadqiqotlari markazi ham ishtirok etmoqda. Ilmiy seminar Qur’oni karim tilovati bilan boshlanib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Uvatov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupovlar ishtirok etadilar.
Seminarda xorijlik mutaxassislardan Informatsiya va arab-rus tadqiqotlari markazi raisi doktor Majid ibn Abdulaziz at-Turkiy, Majlis ash-Sho‘ro sobiq a’zosi, hadisshunos olim Shayx Doktor Folih ibn Muhammad as-Sag‘iyr va boshqalar ishtirok etmoqdalar.
Seminar to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni portalimizda yoritib boramiz. "Muslim.uz"ni kuzatishda davom eting!
O‘MI Matbuot xizmati
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati