Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

Qiyomat arafasida...

16.04.2018   6314   6 min.
Qiyomat arafasida...

Birinchi sur chalinishi yaqinlashganda, Alloh taolo ipakdan ham muloyimroq bo‘lgan yoqimli shabada yuboradi. O‘sha shabada qalbida zarracha iymoni bor kishiga yetib borib, uning ruhini qabz qiladi. Chunki qiyomat faqat insonlarning eng yomonlari ustida qoim bo‘ladi.

Keyin Alloh taolo Isrofil alayhissalomga birinchi surni chalishni amr qiladi. Shundan keyin Yer yuzidagi barcha tirik jon vafot etib yerga yiqiladi. Dunyo shu holatda qirq yil turadi. Barcha narsa tuproq ostida bo‘ladi. Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:

 

وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الْجِبَالِ فَقُلْ يَنْسِفُهَا رَبِّي نَسْفًا 

“(Ey, Muhammad!) Ular Sizdan tog‘lar (qiyomatda nima bo‘lishi) haqida so‘rasalar, bas, ayting: “Parvardigorim ularni (chang-to‘zon kabi) sochib yuborur”.

 

فَيَذَرُهَا قَاعًا صَفْصَفًا 

“So‘ngra (Yerni) tep-tekis qilib qo‘yar”.

 

لَا تَرَى فِيهَا عِوَجًا وَلَا أَمْتًا 

“Unda na egrilik (pastlik) va na balandlikni ko‘rasiz” (Toha surasi, 105-107-oyatlar).

Alloh taolo boshqa oyatlarda bunday deb marhamat qilgan:

 

يَوْمَ تُبَدَّلُ الْأَرْضُ غَيْرَ الْأَرْضِ وَالسَّمَوَاتُ وَبَرَزُوا لِلَّهِ الْوَاحِدِ الْقَهَّارِ 

“Bu Yer boshqa Yerga va osmonlar (o‘zga osmonlarga) almashtiriladigan hamda (barcha odamlar) yolg‘iz va g‘olib Allohga ro‘baro‘ bo‘ladigan Kunda (qiyomatda intiqom oluvchi)dir” (Ibrohim surasi, 48-oyat).

Dunyoda hech kim qolmaganida, bu Yer boshqa Yerga va osmonlar (o‘zga osmonlarga) almashtiriladigan Kunda Alloh taolo (O‘zi bilib tursa-da): “Ey o‘lim farishtasi, xalqlardan kim qoldi?” deb so‘raydi. Insonlar vafot etgan, jinlar vafot etgan, farishtalar vafot etgan bo‘ladi.

Alloh taoloning:

 

كُلُّ نَفْسٍ ذَائِقَةُ الْمَوْتِ

“Har bir jon o‘lim (achchig‘i)ni totuvchidir” (Oli Imron surasi, 185) oyati nozil bo‘lganda, farishtalar “Biz nafslar emasmiz, balki pokiza ruhlarmiz” degan ekanlar. Shunda Alloh taoloning:

 كُلُّ مَنْ عَلَيْهَا فَانٍ 

“(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir” (Ar-Rohman surasi, 26) oyati nozil bo‘lgan. Shunda farishtalar: “Biz Yer ahli emasmiz. Biz osmonda yashovchilarmiz” deyishgan ekan. Keyin Alloh taoloning:

كُلُّ شَيْءٍ هَالِكٌ إِلَّا وَجْهَهُ لَهُ الْحُكْمُ وَإِلَيْهِ تُرْجَعُونَ

“Uning “yuzi”dan boshqa barcha narsa halok bo‘luvchidir. Hukm Unikidir va (barchangiz) Uning huzurigagina qaytarilursiz” (Qasos surasi, 88) oyati nozil bo‘lganda, farishtalar Allohga sajda qilgan hollarida yiqildilar va “Boqiylik yolg‘iz Uniki bo‘lgan Zot Pokdir!” dedilar. Natijada farishtalar ham vafot etdilar. Yer yuzidagi insonlar, qushlar, osmondagi farishtalar va barcha jonzotlar vafot etdilar. Faqat Alloh va Uning O‘zi xohlagan bandalari qoldi.

Alloh taolo (O‘zi bilib tursa-da) o‘lim farishtasidan: “Ey o‘lim farishtasi, xalqlardan kim qoldi?” deb so‘raydi”. O‘lim farishtasi: “Ey Rabbim, faqat Jabroil, Mikoil, Isrofil va zaif, ojiz bandang bo‘lmish men huzuringdaman” deydi. Alloh taolo o‘lim farishtasiga: “Hoy o‘lim farishtasi, Jabroilning ruhini qabz qil!” deb amr qiladi. U Jabroilning ruhini qabz qiladi.  

Alloh taolo (O‘zi bilib tursa-da) o‘lim farishtasidan: “Ey o‘lim farishtasi, xalqlardan kim qoldi?” deb so‘raydi”. O‘lim farishtasi: “Ey Rabbim, faqat Mikoil, Isrofil va zaif, ojiz bandang bo‘lmish men huzuringdaman” deydi. Alloh taolo o‘lim farishtasiga: “Hoy o‘lim farishtasi, Mikoilning ruhini qabz qil!” deb amr qiladi. U Mikoilning ruhini qabz qiladi.  

Alloh taolo o‘lim farishtasiga: “Hoy o‘lim farishtasi, Isrofilning ruhini qabz qil!” deb amr qiladi. U Isrofilning ruhini qabz qiladi.

Keyin Jabbor jalla jalaluhu (O‘zi bilib tursa-da) o‘lim farishtasidan: “Ey o‘lim farishtasi, xalqlardan kim qoldi?” deb so‘raydi”. O‘lim farishtasi: “Bandalaringdan faqat zaif, ojiz bandang bo‘lmish men qoldim. Huzuringdaman” deydi. Shunda Alloh taolo unga: “Vafot et, hoy o‘lim farishtasi!” deb amr qiladi. O‘lim farishtasi vafot etadi. Vafot etayotgan chog‘ida o‘lim achchig‘ini totadi va: “Izzating va Jalolingga qasamki, agar o‘lim mastligi shunaqa achchiq va og‘ir bo‘lishini bilganimda, bandalarning jonlarini olishni menga topshirmasligingni Sendan so‘ragan va bu gapim uchun afv etishingni o‘tingan bo‘lardim” deydi. Shunday qilib o‘lim farishtasi ham vafot etadi.

Keyin Alloh taolo vayronaga aylangan dunyoga nazar soladi. Quyosh o‘rab qo‘yilgan, yulduzlar o‘z joylaridan to‘kilgan, tog‘lar o‘z joylaridan jildirilgan, dengizlar kuydirilgan, osmon Yer ustidan sidirib olingan, jannat taqvodorlarga yaqin qilingan, do‘zax kofirlar uchun qizdirilgan.

Alloh taolo bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgan dunyoga nazar soladi va “Ey dunyo, gullaring qani, daraxtlaring qani, dengizlaring qani, qasrlaring qani, podshohlar qani, podshohlarning o‘g‘illari qani, zolimlar qani, zolimlarning o‘g‘illari qani, Mening yaxshiligimni ko‘rib, ne’matimdan bahramand bo‘lib, Mendan boshqaga ibodat qilganlar qani?!” deb so‘raydi.

Keyin Alloh taolo:

 

لِمَنِ الْمُلْكُ الْيَوْمَ لِلَّهِ الْوَاحِدِ الْقَهَّارِ

“Bugun podshohlik kimnikidir?” (deb so‘rab O‘zi aytur:) “Vohid (yagona) va Qahhor (g‘olib) Allohnikidir” (G‘ofir surasi, 16-oyat).

 

 

 

Mav’izalar asosida Nozimjon Iminjonov tayyorladi

O‘MI Mabuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

“JUMADAN JUMAGACHA” (10.01.2025)

11.01.2025   11945   1 min.

00:00 Anons
00:48 Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
01:11 Qur’on va tajvid markaziga tashrif
01:44 Qo‘shko‘pirdagi "Islom bobo" masjidi foydalanishga topshirildi 
02:28 Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi
02:42 Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shaharlarida 
02:58 Imkoniyati cheklanganlar uchun navbatdagi ma’rifiy  suhbat
03:24 To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi 
04:01 Otinoyilar ishtirokida tanlov o‘tkazildi 
04:22 Qishki ta’til davrida o‘tkazilgan malaka oshirish o‘quv seminari nihoyasiga yetdi


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Videolavhalar