Islom olimlaridan biri talabalari bilan birga qayoqqadir ketayotgan edi. Yo‘l bo‘yidagi uylarning biridan er-xotinning baqir-chaqir qilayotgani eshitildi. Ustoz talabalariga yuzlanib:
– Odamlar nega bir-biriga g‘azab bilan qichqiradi?.. – deb so‘radi.
Talabalardan biri:
– Odam jahli chiqqanda baqiradi-da, – dedi.
Shunda u muborak zot:
– Ammo jahlimizni chiqargan inson shundoqqina peshonamizda turgan choqda unga nega baqirib gapiramiz? Unga aytmoqchi bo‘lgan gaplarimizni pastroq ovozda aytishimiz va so‘zlashga katta kuch sarflashimiz mumkin bo‘la turib nega bo‘g‘zimizni yirtadigan darajada katta kuch sarflab baqiramiz? – deb yana so‘radi.
Talabalaridan sas chiqmagach, o‘zi tushuntira boshladi:
– Ikki inson bir-biridan g‘azablangani zahoti ularning qalblari bir-biridan uzoqlashadi. Shundan keyin ular uzoq masofadan bir-biriga ovozi eshitilsin uchun baqirishga majbur bo‘ladilar. Ularning g‘azabi qanchalik kuchaysa, o‘rtadagi masofa ham shuncha uzoqlashib boraveradi va ular yanada qattiqroq baqirib gapirishga majbur bo‘ladilar.
Xo‘p, ikki inson bir-birini sevsa-chi, unda nima bo‘ladi? Ular baqirish o‘rniga muloyim ohangda gaplashadi. Chunki qalblari bir-biriga juda ham yaqindir yoki oradagi masofaning o‘zi ham yo‘qdir.
Xo‘sh, ikki inson bir-birini juda ham qattiq sevsa nima bo‘ladi? U holda ularga so‘zlashishning keragi yo‘q. Shunchaki shivirlashadi, xolos. Negaki, ularning qalbi bir-biriga yanada yaqinlashgandir. Bora-bora ularning shivirlashiga ham ehtiyoj qolmaydi, bir-biriga qarab qo‘ysalar bas, shuning o‘zi yetarli bo‘ladi. Ikki insonning bir-biriga bo‘lgan haqiqiy sevgisining izhori ana shudir.
Yana bir ozdan so‘ng talabalariga qarata bunday dedi:
– Shunday ekan, biror sabab bilan bahslashib qolsangiz, qalblaringizning orasiga masofa kirishiga yo‘l qo‘ymang. Orangizga masofa olib kiradigan so‘zlardan uzoq bo‘ling, yo‘qsa, sizlarni uzoqlashtirib yuboradi u.
Demishlarki…
“Cabzavotchi baqirur, sarrof baqirmas,
Eskichi baqirur, antiqachi baqirmas...”
Fikri qiymatli bo‘lgan baqirmaydi, baqirgan o‘ylamaydi, o‘ylamagan g‘avg‘o qiladi.
Sasimizni emas, so‘zimizni yuksaltiraylik.
Rabbim bizni go‘zal so‘zli, hikmatli va nazokatli bandalaridan aylasin, inshoalloh!
Turkchadan Damin JUMAQUL tarjima qildi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati