Islom – insonni ma’naviy kamolot sari yetaklaydigan, uning ruhiyatini poklab, qalbini sayqallaydigan dindir. Qur’oni karim va hadisi shariflar asrlar osha bashariyat duch kelayotgan muammolarning yechimini topishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Muqaddas dinimizning ushbu ikki mo‘tabar manbasi zamirida yashiringan hikmatlar, yechimlarni anglash anglash, ulardan to‘g‘ri xulosalar chiqarish insondan keng dunyoqarash, muayyan bilim hamda tafakkur talab etadi.
Hammamiz har kuni, har qadamda duch keladigan, ayrim hollarda tortishuv, bahs-munozaralarga ham sabab bo‘ladigan masalalardan biri, – bu, shubhasiz, iste’molchilar huquqlaridir. Barchamiz – iste’molchimiz. Shunday ekan, iste’molchi sifatida qanday huquqlarga egamiz? Majburiyatlarimiz nimalardan iborat?
Ushbu masalaga islomning munosabati xususidagi ba’zi savollar bilan O‘zA muxbiri Tolibjon Nizomov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz MANSUR hazratlariga murojaat qildi:
– Assalomu alaykum, Shayx hazratlari! Muqaddas dinimizda iste’molchilar huquqlari to‘g‘risida nimalar deyilgan? Shular haqida to‘xtalsangiz.
– Bismillahir rohmanir rohiym. Alhamdu lillahi robbil olamiyn, vassolatu vassalamu ala ashrofil anbiyoi val mursaliyn. Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsin. So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda juda katta o‘zgarishlar, ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, diniy va milliy qadriyatlarimizga davlat tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor hammani birdek xushnud etmoqda.
Ana shunday ijobiy o‘zgarishlardan biri bugungi suhbatimiz mavzusi – iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘lib, bu borada ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotirki, bu muqaddas dinimiz ko‘rsatmalariga hamohangdir. Dinimizning asosiy manbai – Qur’oni karimda ham ayni masalaga oid bir necha oyatlar bor. Ular bandalarni o‘zaro munosabatlarda, savdo-sotiq va tijorat ishlarida halol hamda pok bo‘lishga chaqiradi.
Bu dunyoning o‘tkinchi boyliklari, hoyu havas uchun bir-birini aldash, insoniylikni unutib, birovlarning mol-mulkiga ko‘z olaytirish yoki botil yo‘llar bilan boylikka ruju qo‘yish dinimizda qat’iy taqiqlangan.
Qur’oni karimda: “(Ey insonlar! Muomalada) vaznda adolat o‘rnatingiz va tarozida ziyonkorlik qilmangiz!” (ar-Rahmon surasi, 9-oyat).
Islom dini ta’limoti xalqimizning ongu shuuriga singib ketganki, bejizga ota-bobolarimiz: “Birovning haqiga xiyonat qilma”, deya yoshligimizdan qulog‘imizga quymagan. Halollikda, poklikda juda katta gap bor. Tarixga nazar tashlasak, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Alisher Navoiydek ajdodlarimizning buyuk mutafakkir bo‘lib yetishishi zamirida halollik, poklik mujassam, desak aslo xato bo‘lmaydi.
– Hazrat, ba’zan bozorga tushsak sotuvchilar mijozim bo‘lib qolsin, degan maqsadda xaridimizga 50-100 gramm qo‘shib beradi. Shu mumkinmi?
– Shu haqda mendan juda ko‘p so‘rashadi. Ba’zan ayrim kishilar: “Mahsulot xarid qilayotganimizda: “Mana, sizga og‘irroq qilib beryapman”, deb meva yoki boshqa mahsulotdan bir-ikki dona taroziga qo‘shib yuborishadi. Bu halolmi?, deb so‘rashadi Bu savolga ulamolarimiz: “Yo‘q, tarozini to‘g‘ri tortsin. Mahsulotni tortib bo‘lgandan so‘ng: “Bu – mendan hadya”, deb qo‘shmoqchi bo‘lgan narsasini bersin!”, deyishadi. Demak, agar ortiqcha narsasini taroziga qo‘yib bersa – harom.
E’tibor bering-a, ulamolar birovning haqidan hazir bo‘lishga, har bir narsani rozi-rizochilik bilan olishga o‘rgatyapti.
“Biror xalqning turmush tarzini bilmoqchi bo‘lsang, bozrolariga boq”, degan naql bor. Bu naql zamirida ikki narsa mujassam. Avvalo, bozorlar to‘kin-sochinlikni ifodalovchi markazlardir. Shu bilan birga, bozorlar orqali o‘sha xalqning halolligi va pokligi, olijanobligini bilib olish mumkin.
Alloh taolo bozorlarda adolatni o‘rnatish uchun alohida sura nozil qilgan. Bu sura “Mutaffifun” – “urib qoluvchilar” degan ma’noni anglatadi. Ya’ni tarozi va o‘lchovdan urib qolib, xaridor haqiga xiyonat qiluvchilar haqida.
Qur’oni karimda: “(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir” (Mutaffifun surasi, 1–3-oyatlar).
Oyatda “holiga voy” deya ta’kidlangan toifadagi odamlarga bu dunyoda ham, oxiratda ham juda katta jazo borligini unutmaslik kerak.
Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) “Mutaffifun” surasi nozil bo‘lganidan so‘ng bozorga borib, barcha odamlarni o‘zlariga qaratib mazkur oyatlarni baland ovozda o‘qib berganlar. Mufassirlar aytishadiki, shundan beri imoni butun, vijdoni bor savdogar tijoratiga aslo yolg‘on va xiyonat aralashtirmaydi.
“Sihohi sitta”, ya’ni “Olti ishonchli to‘plam” hadis kitoblarida (bular safi yana kengayib, 9 ta bo‘ldi) ham savdo-sotiqa oid sahih hadislar bor. Fiqh – islom huquqshunosligiga oid asarlarda ham alohida bir bob (bay’) borki, u to‘lig‘icha savdo-sotiqqa bag‘ishlangan.
– Iste’molchi sifatida menga juda qiziq tuyuladi: har gal ro‘zg‘orga ul-bul xarid qilish maqsadida bozorga borsam, sotuvchi hali “pochin” qilmagan bo‘lsa, mahsulotni arzonroqqa sotib, olgan pulini mahsulot ustiga “urib-urib” qo‘yadi. Shu ish joizmi?
– Tilimizga juda ko‘p xorijiy so‘zlar kirib qolganki, ular ishlatilaverib o‘zbekchalashib ketgandek, go‘yo. Shulardan biri, siz aytganingizdek, “pochin” so‘zidir. Asli “pochinyat” bo‘lgan bu so‘zning o‘zbek tilida juda ham chiroyli ekvivalenti bor – “bay’ boylash”. Qanday chiroyli-a! Shunday so‘zlarni iste’molga kiritishimiz kerak.
Agar sotuvchi hali “ba’y boylamagan” bo‘lsa, u bilan tortishib, mahsulotini arzonroq olishda hech qanday monelik yo‘q. Lekin olingan pulni mahsulotlarning ustiga urib qo‘yish irimdan boshqa narsa emas. Dinimiz esa irim-sirimni qattiq qoralaydi.
– Hazrat, to‘g‘ri aytdingiz. Ba’zida shunday holatlarni kuzatamizki, ayrim odamlar o‘zi foydalangan elektr energiyasi, tabiiy gaz yoki suvning pulini to‘lashdan bosh tortadi. Yana shundaylar ham borki, ular hisoblagichlarni orqaga aylantirmoqchi bo‘lishadi. Dinimizda shu haqda ham biror yechim bormi?
– Insonlarning bir-birida haqi bo‘ladi: qarz, oldi-berdi, omonat va hokazo. Dinimizda qarz va omonatni o‘z vaqtida, zarar yetkazmasdan egasiga qaytarish ta’kidlangan. Shunga o‘xshash davlatning o‘z fuqarolarida haqi bo‘ladi. Masalan, davlat tomonidan yetkazib berilayotgan elektr energiya, tabiiy, gaz, ichimlik suvi va boshqa mahsulotlarning haqini o‘z vaqtida to‘lab borish zarur. Chunonchi, bu ham xuddi birovning haqiga rioya qilgandek gap. Unutmasligimiz kerakki, biz to‘layotgan mablag‘lar aslida xalqning haqi. Demak, biz unga xiyonat qilmasligimiz kerak. Foydalangan mahsulotlarimizning haqqini o‘z vaqtida to‘lab, yuzimiz yorug‘ bo‘lib yuraylik.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Buxgalteriya bo‘limi mudiri o‘rinbosari Burxon Nazarovning padari buzrukvorlari Baxtiyor hoji otaning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilgan marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin.
Haq taolo marhumning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhum otaxonning yaqinlariga, xususan, Burxon Nazarovga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun peshin namozidan so‘ng poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi "Katta Qozirobod" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz