Alloh taolo Qur’oni Karimda Muso alayhissalom davrida Misrda rahbarlik qilgan kimsani Fir’avn deb atagan. Ya’ni o‘sha paytda Misrda rahbarlik qilganlarni umumiy ravishda fir’avnlar deb atagan.
Alloh taolo marhamat qiladi:
وَنَادَى فِرْعَوْنُ فِي قَوْمِهِ قَالَ يَا قَوْمِ أَلَيْسَ لِي مُلْكُ مِصْرَ وَهَذِهِ الْأَنْهَارُ تَجْرِي مِن تَحْتِي أَفَلَا تُبْصِرُونَ
“Fir’avn o‘z qavmiga: “Ey qavmim! Misr mulki va mana bu ostimdan oqib turgan anhorlar meniki emasmi?! Ko‘rmayapsizlarmi?!” (Zuxruf surasi, 51-oyat).
Tarixdan ham ma’lumki, qadimgi asrlarda Misrda hokimlik qilganlarni fir’avnlar deb atalgan. Tarix qadimiy Misr yetakchilarini fir’avnlar deyapti. Qur’oni Karim ham ularni fir’avnlar deb atadi.
Ammo Yusuf surasini o‘qisak, unda Yusuf alayhissalomning Misrda boshlaridan o‘tgan qissalari zikr qilingan. Qur’oni Karim o‘sha paytdagi Misr rahbariga fir’avn atamasini ishlatmagan. Balki uni malik (shoh, podshoh) deb atagan.
Alloh taolo bu haqida shunday degan:
وَقَالَ الْمَلِكُ ائْتُونِي بِهِ أَسْتَخْلِصْهُ لِنَفْسِي فَلَمَّا كَلَّمَهُ قَالَ إِنَّكَ الْيَوْمَ لَدَيْنَا مِكِينٌ أَمِينٌ
“Podshoh: “Uni menga keltiringlar, uni o‘zimga xos kishilardan qilib olaman", dedi. U bilan gaplashganda esa: “Albatta, sen bugungi kunda huzurimizda makonatli va ishonchli kishilardansan”, dedi”. (Podshohga Yusufning (a.s.) pok ekanliklari ma’lum bo‘lganidan so‘ng, uni qamoqdan chiqarib olib kelishni va u zotni o‘ziga xos kishilardan qilib olishini aytdi.) (Yusuf surasi, 54-oyat).
Yana bir oyatda bunday degan:
وَقَالَ الْمَلِكُ إِنِّي أَرَى سَبْعَ بَقَرَاتٍ سِمَانٍ يَأْكُلُهُنَّ سَبْعٌ عِجَافٌ وَسَبْعَ سُنبُلاَتٍ خُضْرٍ وَأُخَرَ يَابِسَاتٍ يَا أَيُّهَا الْمَلأُ أَفْتُونِي فِي رُؤْيَايَ إِن كُنتُمْ لِلرُّؤْيَا تَعْبُرُونَ
“Podshoh: “Men tushimda yettita semiz sigirni yettita oriq sigir yeyayotganini va yettita yashil boshoqni va shuncha qurug‘ini ko‘rmoqdaman. Ey a’yonlar, agar tush ta’birini qiladigan bo‘lsangiz, menga tushimning fatvosini bering”, dedi”. (Misr podshohining “ko‘rmoqdaman” deb aytishidan mazkur tushni bir emas, bir necha marta ko‘rganligi ma’lum bo‘ladi. U faqat shu tushni ko‘raverganidan keyin a’yonlarini to‘plab, ularga tushini aytgan va ta’bir qilishlarini so‘ragan.) (Yusuf surasi, 43-oyat).
Demak, Qur’ondan shu narsani bildikki, Yusuf alayhissalom Misrda yashaganlar. U kishi Misrda yashagan paytlarida Misr rahbarining nomi boshqacha bo‘lyapti. Qur’on ularni fir’avnlar demadi, balki, malik dedi.
Davrlar o‘tib, “Rashid toshi” (1799 yilda Misrda, Iskandariyadan uzoq bo‘lmagan Rozetta (hozirda Rashid) shahridan topilgan granit plita. Unda ma’no jihatidan bir xil bo‘lgan uchta matn bitilgan. Shulardan ikkitasi qadimgi Misr tilida, bittasi qadimgi grek tilida. 1802 yildan “Rashid toshi” Britaniya muzeyida saqlanadi. Toshning balandligi 114,4 sm, kengligi 72,3 sm va qalinligi 27,9 sm. Og‘irligi taxminan 760 kg) kashf qilinib, undagi qadimgi Misr yozuvi o‘rganilgach, Yusuf alayhissalom Misrda Giksoslar Misrni ishg‘ol qilgan paytda yashaganlari ma’lum bo‘ldi.
Giksoslar turli qabilalardan tashkil topgan sahroyi ko‘chmanchilar nomi bo‘lib, ular Misrni bosib olib, hukmronlik qilishgan. Ular fir’avnlardan bo‘lishmagan. Ularning hokimlarini, rahbarlarini Malik (shoh, podshoh) deb yuritilgan. Fir’avn deb yuritilmagan. Misrliklar giksoslarni quvib chiqargandan keyin yana fir’avnlar hokimiyat tepasiga kelishgan.
Xo‘sh, kim Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘sha patda hech kim bilmagan bu tarixiy haqiqatlarning xabarini bergan?! Vaholanki, olam bu ma’lumotlarni “Rashid toshi” kashf etilganidan keyingina bildi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Yusuf alayhissalomning giksoslar davrida, Muso alayhissalomning fir’avnlar davrida yashaganlarini qayerdan bildilar?! Albatta, bu xabarni u kishiga Alloh subhanahu va taoloning O‘zi bildirgandir!
Shayx Muhammad Mutavalliy
Sha’roviy rahimahullohning
“Al-Adilla al-maaddiyya ala vujudillah”
nomli asaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqqiga bunday duo qilganlar: “Allohim, uning yuzini yanada go‘zal qilgin, sochlari va tanasini quvvatli qilgin”. Qatoda roziyallohu anhu 75 yoshida vafot etganida go‘yo o‘n besh yoshli yigitga o‘xshardi.
Shifo oyatlariga quyidagilar kiradi:
وَيَشْفِ صُدُورَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ
“(Alloh) mo‘minlar qavmi qalblariga shifo beradi” (Tavba surasi, 14-oyat).
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“Ey, odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).
يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
“Ularning (asalarilarning) qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 69-oyat).
وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Isro surasi, 82-oyat).
وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ
“Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur” (Shuaro surasi, 80-oyat).
قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ
Ayting: “(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).
Davron NURMUHAMMAD