Haj amalini bajarishga otlangan tatristonliklar 2018 yildagi safar uchun 10-15 ming rubl miqdorida qo‘shimcha mablag‘ to‘lashlari ma’lum qilindi. Bu haqda “Tatar-inform” axborot agentligiga Tatariston musulmonlari idorasining rasmiy Haj-operatori ma’lum qilgan.
Agentlik vakili bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni 2018 yildan boshlab 5 foiz miqdoridagi soliq joriy etgan. Shu sababli Saudiya Arabistonida ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlar (turar joy, ovqatlanish va ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish) narxi qimmatlashgan. TMI qoshidagi “TMI Haj” agentligi bir qancha dasturlarni taklif qilgan. Hajga borish uchun talab etiladigan eng kam to‘lov 139 ming rubl (20 million so‘m atrofida, Markaziy Bank o‘rnatgan kurs bo‘yicha hisoblandi) ekani aytilmoqda. Bundan tashqari 149 (21 million so‘m), 165 (23 million so‘m), 235 ming (33 million so‘m) rubllik yo‘llanmalar borligi ma’lum qilingan. “Luks” Haj uchun 375 ming (53 million so‘m) rubl to‘lanishi aytilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.