Quvaytning Tijorat va sanoat vazirligi muqaddas Ramazon oyida savdo rastalaridagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari muntazam kuzatuv ostida bo‘lishini ma’lum qilgan.
Vazirlik kecha, 11 aprel kuni tarqatgan bayonotiga ko‘ra, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Ramazon oyida kooperativ jamiyatlari va bozorlarda turli oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini kuzatib borish masalasida yig‘ilish o‘tkazdi.
"KUNA" axborot agentligi xabariga ko‘ra, idishi shikastlangan yoki muddati o‘tgan mahsulotlar sotuvga chiqarilishining oldini olish maqsadida vazirlik huzurida mamlakat bo‘ylab nazorat olib boradigan maxsus guruhlar tuzishga ko‘rsatma berilgan. Qonunni buzgan do‘konlarga jarima solish yoki ularni yopib qo‘yishga buyruq berilgan.
Maxsus guruhlar zimmasiga ro‘za boshlangunicha hamma do‘konlarda kerakli oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lishini va savdoga chiqarilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Ayni paytda vazirlik iste’molchilarning har qanday shikoyatlarini qabul qilish uchun maxsus telefon liniyasi ochilishini bildirgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati