Ikki muqaddas harami sharif ishlari bo'yicha Bosh boshqarma Ko'rgazmalar va muzeylar ishlari bo'yicha Bosh raislik agentligi bilan hamkorlikda Payg'ambarimiz alayhissalom masjidida Ka'ba va Ka'bapo'shga oid ko'rgazmasini tashkilashtirdi. Mazkur ko'rgazma faoliyati 27 may kuniga qadar davom etadi.
Saudiya Arabistoni matbuot agentligining ta'kidlashicha, ko'rgazma Ikki muqaddas harami sharif ishlari bo'yicha Bosh boshqarmasi rahbari shayx, doktor Abdurrohman as-Sudays rahbarligida o'tkazilmoqda.
Agentlikning ta'kidlashicha, ko'rgazmani o'tkazishdan ziyoratchilarni Saudiya Arabistoni hukumatining muqaddas Ka'baga e'tibor qaratishi, uni qayta qurish, ta'mirlash, devorlarini mustahkamlash, eshiklarini yangilash va uning atrofidagi shozuronni hozirgi holatga keltirishdagi xizmatlarini tanishtirish maqsad qilingan.
Ko'rgazma Ka'ba bilan bog'liq ba'zi texnologik vositalar, ya'ni Ka'batullohni xushbo'y hidli parfyumeriya mahsulotlari bilan yuvish, mushku anbar sepish va tozalash vositalari bilan ta'minlash, shuningdek, Ka'ba eshigi uchun parda, ba'zi lampalar, Ka'ba uchun to'qilgan matodan iborat bo'lgan sharafli Ka'baning qoplamasi (Ka'bapo'sh) va uning to'qilish jarayoni tashrif buyuruvchilarga namoyon qilishni o'z ichiga oladi.
Ko'rgazmada, shuningdek, Kaba eshigi, Ka'baning kaliti, Qora tosh (Hajarul asvad), Yaman burchagi (Ruknul Yamaniy) kabi muqaddas Ka'baning xususiyatlari haqida hikoya qiluvchi estetik tasvirlar hamda Ka'ba bilan bog'liq bo'lgan hujjatli fil'mlar, Ikki Muqaddas masjidning diqqatga sazovor joylari rasmlari ham namoyish etiladi.
Ko'rgazma tashrif buyuruvchilarga 12 kun davom etadigan davrida Ka'bapo'shning Ka'baga qoplanishi jarayoni tafsilotlarini ko'rish imkonini beradi. Ko'rgazma soat 10:00 dan 22:00 gacha davom etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hikoya qilishlaricha, Abu Yazid Bastomiy ilm talab qilish uchun Bog‘dodga bormoqchi bo‘ldilar. Onalari u kishiga qirq dinor berdilar. U pullar u zotga otalaridan meros qolgan edi. Onalari o‘g‘illariga: «Qo‘lingni qo‘lim ustiga qo‘y va menga rostgo‘ylikni lozim tutib, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka so‘z ber!» dedilar. U kishi onalariga mazkur ishlar yuzasidan so‘z berdi. Bog‘dodga boradigan karvon bilan birga yo‘lga chiqdilar.
Yo‘lda borishar ekan, to‘satdan ro‘paralaridan yo‘lto‘sar qaroqchilar chiqib, karvondagi hamma narsani talay boshladi. Bastomiyning ustilardagi juldur kiyimni ko‘rib, u kishidan: «Senda ham biror narsa bormi?» deb so‘rashdi. U zot: «Ha, menda qirq dinor bor» deb javob berdilar. Qaroqchilar u kishining gaplarini eshitib, masxara qildilar, ahmoq deb o‘ylab, u zotni tark etdilar.
Keyin ular g‘orga, ya’ni o‘zlarining qarorgohlariga qaytdilar. U yerda ularning kattalari bor bo‘lib, karvondan talab olingan narsalarni kutib o‘tirgan edi. Ularni ko‘rgach: «Karvondagi hamma narsani oldinglarmi?» deb so‘radi. Ular: «Ha, oldik. Ammo bir yigit bundan mustasno. Biz undan nimasi borligini so‘radik. U: «Menda qirq dinor bor» dedi. Biz uning qilgan ishiga e’tibor bermay, uni tark etdik. Chunki, biz uni aqli zaif deb o‘yladik» deb javob berishdi.
Shunda boshliqlari: «Uni darhol huzurimga olib kelinglar!» deb buyurdi.
Bastomiy o‘g‘rilar boshlig‘ining oldiga kelgach, boshliq u zotdan: «Senda biror narsa bormi?» deb so‘radi. U kishi: «Ha, yonimda qirq dinor bor» deb javob berdilar. O‘g‘rilar boshlig‘i hayron bo‘lib: «Qayerda u?» dedi. Bastomiy yonlaridan pullarni chiqarib, o‘g‘rilar boshlig‘iga berdilar. Buni ko‘rgan boshliq: «Sen majnunmisan, ey yigit? Nega pullaring borligini aytib, ularni o‘z ixtiyoring bilan beryapsan?» deb so‘radi.
Shunda u zot: «Men o‘z shahrimdan chiqmoqchi bo‘lganimda, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka onamga so‘z berganman, ahdlashganman. Shuning uchun onamga bergan ahdimni buzmayman» deb javob berdilar. Bu gaplarni eshitgan o‘g‘rilar boshlig‘i: «Laa havla va laa quvvata illa billah». Sen onangga bergan ahdingga xiyonat qilishdan qo‘rqyapsan-u, biz esa, Allohga bergan ahdimizga xiyonat qilishdan qo‘rqmaymizmi?» dedi.
Keyin qaroqchilar boshlig‘i karvondan olingan barcha mol-mulklarni qaytarib berishga amr qildi va: «Ey yigit, men sening oldingda, sen sababli tavba qilaman» dedi. Bu gapni eshitgan barcha o‘g‘rilar: «Siz bizni yo‘lto‘sarlikda boshlig‘imiz edingiz. Bugun esa, tavbada bizning boshlig‘imiz, kattamizsiz. Biz ham barchamiz Allohga tavba qildik» dedilar. Hammalari qilgan xatolari uchun tavba qildilar, tavbalari go‘zal bo‘ldi.