Qur’oni karimni xatm qilish bevosita ilohiy topshiriq asosida joriy qilingan bo‘lib, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam davrida, u zotning shaxsiy amallari asosida yo‘lga qo‘yilgan. Vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom har ramazon oyida Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan ayni paytgacha nozil bo‘lgan suralarni to‘liq o‘tkazdirar edi. Imom Buxoriy «Qur’on fazilatlari kitobi»da Ibn Abbos roziyallohu anhumodan quydagicha rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng ko‘p saxiyliklari ramazon oyida bo‘lar edi, chunki Jabroil ramazon oyida to u chiqib ketgunicha har kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashar, u zot unga Qur’onni o‘tkazar edilar. Jabroil alayhissalom u zot bilan uchrashganda, esgan shamoldan ham saxovatli bo‘lib ketar edilar».
Hadis tarjimasida «o‘tkazish» deb o‘girilgan jumla arab tilida «mu’aarodotun» deyiladi. Bu bir-biriga o‘qib berish, o‘qib o‘tkazish deganidir. Bunda ikki tarafning bir narsani navbatma-navbat to‘liq o‘qishi, biri o‘qiganda, ikkinchisi eshitib, kuzatib turishi tushuniladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari ramazon oyida Qur’on deyarli tugal bo‘lib qolgan edi va shu bois Jabroil alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ikki marta xatm qildirgan edi. Ushbu so‘nggi xatmga ayrim sahobalar guvoh ham bo‘lishgan. Imom Buxoriy Fotima roziyallohu anhodan quyidagicha rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: «Jabroil menga Qur’onni har yili bir marta o‘tkazdirar edi, bu yil ikki marta o‘tkazdirdi. Buni ajalim kelib qolganidan boshqa emas deb o‘ylayman», deb pichirladilar».
Demak, Qur’onni xatm qilish namoz, ro‘za, haj va boshqa diniy amallar kabi bevosita ilohiy ko‘rsatma asosida, namunasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxslarida ko‘rsatilgan holda shariatda joriy qilingan amal ekan. Alloh taolo Qur’onni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblarida jamlashni va tillarida qiroat qildirishni O‘z zimmasiga olgan bo‘lsag‘da, vahiy farishtasini yuborib, uning Rasuli akram alayhissalomga har ramazonda xatm qildirishi xatmi Qur’on qilishning ahamiyati qanchalar yuksak ekanini ko‘rsatadi. Qur’oni karimni ilk bor qabul qilib olib, uni butun vujudiga singdira bilgan dastlabki musulmon avlod – sahobai kiromlar ushbu haqiqatni yaxshi anglab yetdilar va ilohiy namuna bo‘lmish Qur’onni xatm qilish ishini ham juda go‘zal tarzda amalga oshirdilar. Hatto ayrimlari Qur’onni har kuni bir marta to‘liq o‘qishni odat qilib olgan edi. Ammo har ishda mo‘tadillikni shior qilib tutgan Rasulimiz alayhissalom bu borada ham me’yorni ushlashni buyurdilar.
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.