O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston bosh konsuli Sirojiddin Shamsutdinov Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Jidda bo‘limi direktori Farid bin Saad ash-Shahriy bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuv avvalida Farid bin Saad ash-Shahriy mamlakatimiz bosh konsulini yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, Saudiya TIV rahbari tomonidan imzolangan konsullik ekzekvaturaning asl nusxasini taqdim etdi.
U, shuningdek, Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Jidda bo‘limi O‘zbekiston Bosh konsulxonasini barcha masalalarda qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, o‘zaro savdo-iqtisodiy, sayyohlik, ilm-fan va madaniyat sohalarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro ko‘rgazma, festival va konferensiyalar haqida o‘zaro ma’lumotlar almashish hamda vakillar ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar Bosh konsulxona qoshida "O‘zbek tili va madaniyati" markazini tashkil etish imkoniyatlari xususida fikr almashildilar.
Bundan tashqari, "Haj-2025" mavsumini yuqori darajada tashkil etish, xususan O‘zbekistondan keladigan bo‘lajak hojilarga munosib sharoitlarni yaratish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati