Bugungi kunda ilmu ziyo tarqatish, xalqimizni, xususan, beg‘ubor yoshlarimizni kitob o‘qishga qiziqtirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Uzoq qishloqdagi yoshlarning ham mutolaaga bo‘lgan muhabbatini ziyoda qilish, ularga buning uchun sharoit yaratish maqsadida butun boshli kutubxona barpo etish esa naqadar go‘zal amal. Shunday maskanlardan biri kuni kecha Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Varganza qishlog‘ida tashkil etildi.
Kitob tumanidagi “Vahdat” masjidi imomi Ne’matulloh Muxtorov va uning akasi Rahmatulloh Muxtorovlar o‘zlari istiqomat qiladigan qishloq aholisi uchun kutubxona sovg‘a qildilar.
Ushbu kutubxona zamonaviy axborot vositalari va internet tarmog‘iga ulangani uning imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bu singari ezgu ishlar yoshlarning ilmini oshirishi, bo‘sh vaqtidan unumli foydalanishiga qulay sharoit yaratadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Joriy yilning 10 may kuni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov boshchiligida Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Yunus Ali Oxund” jome masjidida viloyatning shahar va tumanlari bosh imom-xatiblari, otinoyilar va hojilar ishtirokida Qo‘rg‘ontepa tumani xamda Xonobod shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan masjid imom-xatiblarining faodiyat samaradorligini oshirish yuzasidan sayyor seminar yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dastavval seminar ishtirokchilari bo‘lgan shahar-tuman bosh imom-xatiblar, otinoyilar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan xonadonlarga kirib, aholi bilan yuzma-yuz ko‘rishib, ularga ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. So‘ng esa shahar-tuman bosh imom-xatiblari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado etib, namozga kelgan jamoatga ma’rifiy suhbatlar qilib berdilar.
Seminar yig‘ilishida esa notiqlar tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumani xamda Xonobod shahridagi masjidlarning faoliyati haqida keng ma’lumotlar berilib, tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblarning faoliyat samaradorligi oshirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tumandagi Masjid imom-xatiblik faoliyatida namunali va faol mexnat qilayotgan imom-xatib viloyat bosh imom-xatibining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Seminar yakunlangach esa, qozidomla boshchiligida masjid hududiga yaxshi niyatlar ila o‘n tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.
Andijon viloyat vakilligi Matbuot xizmati