Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Aprel, 2025   |   20 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:39
Peshin
12:27
Asr
17:08
Shom
19:09
Xufton
20:28
Bismillah
18 Aprel, 2025, 20 Shavvol, 1446

Tarixda ibrat va Allohning borligiga dalil bor

11.04.2018   4095   3 min.
Tarixda ibrat va Allohning borligiga dalil bor

Agar biz tarixga murojaat qilsak, unda Alloh subhanahu va taoloning borligiga, ilmiga, barcha narsaga qodirligiga moddiy dalilni topamiz. Keling, ushbu surani o‘qib, o‘rganib chiqaylik:

أَلَمْ تَرَ كَيْفَ فَعَلَ رَبُّكَ بِأَصْحَابِ الْفِيلِ أَلَمْ يَجْعَلْ كَيْدَهُمْ فِي تَضْلِيلٍ وَأَرْسَلَ عَلَيْهِمْ طَيْراً أَبَابِيلَ تَرْمِيهِم بِحِجَارَةٍ مِّن سِجِّيلٍ فَجَعَلَهُمْ كَعَصْفٍ مَّأْكُولٍ

“Robbing fil sohiblarini qandoq qilganini bilmadingmi? Ularning makru hiylasini zoye ketkazmadimi? Va ularning ustiga to‘p-to‘p qushlarni yubormadimi? Loydan pishirilgan toshlarni otadiganlarni? Bas, ularni qurt yeb tashlagan o‘simlikka o‘xshatib yubormadimi?” (Fil surasi)

Bu surada keltirilayotgan mo‘jiza Allohning Bayti bo‘lmish Ka’baning muqaddasligini isbotlash va uni himoya qilish uchun nozil bo‘ldi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Fil yilida tavallud topdilar. Bu mo‘jiza Allohning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qiladigan dinini himoya qilishdan odamlar bosh tortsalar ham Alloh taoloning O‘zi uni himoya qilishi va saqlashiga alomat tarzida sodir bo‘ldi.

Fil voqeasi juda mashhur. Uning qahramoni o‘sha paytda Yaman podshohi bo‘lgan Abrahadir. U Yamanda odamlar haj qilishlari uchun Ka’baning o‘rniga bir bino qurdiradi. Ba’zi arablar borib, o‘sha binoning ichiga axlatlarni tashlashadi. Shunda Abraha Ka’bani buzish orqali arablardan o‘ch olishni qasd etadi. Katta qo‘shin, ko‘p sonli fillarni to‘plab, Makka sari yurish qiladi. Makka ahli bu qo‘shinni ko‘rib, qochib ketadi. Shu payt bir gala qushlar jahannam toshlarini olib kelib, qo‘shinga otishadi. Bir necha daqiqa ichida Abraha, uning qo‘shini va fillar yer bilan yakson bo‘ladi.

Bu qissani musulmon bo‘lmaganlarning aqli inkor qiladi. Ular “Qanday qilib kichkina qush fillardan iborat katta qo‘shinni yo‘q qilib yuborishi mumkin?! Mabodo o‘shanday qushlardan yuztasi bitta filning ustiga qo‘nsa ham fil hech narsani sezmaydi-ku!” deyishadi.

Ba’zi “olimlar” esa “Albatta, Alloh Abraha va uning qo‘shinini yo‘q qilish uchun bakteriyalarni yuborgan” deyishadi. Go‘yo bu gaplari bilan ishni o‘zlarining ojiz aqllariga moslamoqchi bo‘lishadi. Ammo Alloh taolo barcha narsaga qodirdir!

Biz shunday deymiz: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fil yilida tavallud topdilar. Qirq yoshlarida u zotga payg‘ambarlik keldi. Bu sura islomiy da’vatning boshida, Makkada nozil bo‘ldi. O‘sha paytda kofirlarda quvvat va ustunlik bor edi. Musulmonlar esa ozchilik va zaif edilar. Kofirlar Islom diniga ta’na yetkazish uchun doim izlanardilar. Bu sura Makkada nozil bo‘ldi dedik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa qirq yoshlarida Nabiy etib yuborildilar. O‘sha kunlarda Makkada ellik, ellik besh, oltmish, oltmish besh yoshga kirgan kishilar bor bo‘lib, ular Fil voqeasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan edi. Agar qushlar kelmagan, Abraha va uning qo‘shini yo‘q qilinmagan bo‘lganida, o‘sha odamlar “Bu gap noto‘g‘ri. Biz o‘sha paytlarda Makkada edik. Hech qanday qushni ham, qo‘shinni ham ko‘rmaganmiz” deyishar va bu orqali Islomga, Qur’onga ta’na yetkazishga urinishar edi. Lekin qushlar kelgan, mo‘jiza sodir bo‘lib o‘tgan edi. Shuning uchun ham Islom dushmanlaridan birortasi bu voqeani inkor qilolmadi”.

 

 

Shayx Muhammad Mutavalliy

Sha’roviy rahimahullohning

“Al-Adilla al-maaddiyya ala vujudillah”

nomli asaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Kishi do‘stining dinidadir

17.04.2025   1730   2 min.
Kishi do‘stining dinidadir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Do‘stingiz bilan biror dunyoviy manfaat yoki bir maqsad uchun emas, aksincha, Alloh yo‘lida birodar bo‘lishni xohlaysiz.

Bordi-yu, xatoga yo‘l qo‘ysangiz, hech ikkilanmay sizni to‘g‘ri yo‘lga boshlashini xohlaysiz.

Do‘stingiz siringizni birovlarga tarqatmasdan, ichida saqlashini xohlaysiz.

Do‘stingiz sizni g‘iybat qilmasligini va yana siz haqingizda yomon gaplar gapirmasligini xohlaysiz.

Barcha ishlarda tiliyu dili bir bo‘lishini xohlaysiz.

Ishingiz tushib turganida, sizga hech ikkilanmay yordam berishini xohlaysiz.

Do‘stingiz xulqingizdagi kamchiliklarni me’yor doirasida ko‘tarib, tashlab ketmasligini xohlaysiz.

Do‘stingiz sizni pastga tortqilamasin, aksincha, o‘zi ko‘tarilgan zinapoyalar tomon olib chiqsin. O‘zingizdan-da, xushxulq, amalda mahkam va  o‘tkir aql egasi bo‘lgan kishini do‘st sifatida tanlang!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada bunday dedilar: “Sizlarning yaxshilaringiz uni ko‘rish sizlarga Allohni eslatadigan va gapi ilmingizni ziyoda qiladigan va amali sizlarni oxiratga undaydigan odamdir”[1].

Qayerda bo‘lsangiz ham solih kishilarni izlab toping va ularni do‘st tuting. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytadilar:

Ularning safida bo‘lmasam ham men,
Solih kishilarning oshuftasiman.
Ul zotlar ortidan ergashib zora,
Shafoat yo‘liga topsam gar chora.
Mukkasidan ketgan gunohlar ichra,
Bunday kishilarni suymasman sira,
Bo‘lsa ham amallarim undan-da qora.

Luqmoni Hakim rahimahulloh o‘g‘liga vasiyat qilib: “Ey o‘g‘lim, birga yursang senga bezak bo‘ladigan, uning oldida bo‘lmaganing payt seni himoya qiladigan kishi bilan do‘st tutin”, degan ekan.

Doimo sizga yordam qo‘lini cho‘zadigan va yaxshilik tomon yetaklab, yomonlikdan chetlatadigan kishilarga yaqin bo‘ling. Yaxshilar bilan birga bo‘lishga intiling.

Kuzatuvlardan ma’lumki inson do‘stiga juda katta ta’sir o‘tkazadi. U do‘stini yaxshilik yo‘liga boshlab, uning iymoniyu diyonatini ziyoda qilishi ham mumkin, yoki, aksincha, zalolat va buzg‘unchilik botqog‘iga botirib, uni halokatga yuz tuttirishi ham mumkin. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishi do‘stining dinidadir. Shunday ekan, biringiz kim bilan oshno bo‘layotganiga qarasin”.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyati.