Bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan – oila bor. Oila bor ekan – farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi. Farzandlarimiz – bizning kelajagimiz. Xalqimiz ertasining qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq.
Oila davrasida qiladigan har bir harakatimiz, og‘zimizdan chiqadigan har bir so‘z farzandning tarbiyasiga, uning shakllanishiga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Harakatlarimizni o‘ziga ko‘chirgani singari hali shakllanmagan so‘z zaxirasiga bizning so‘z boyligimizdan andoza oladi. Avvalambor, oilaning tinch – totuv, oila a’zolarining bir – birlariga mehr – oqibatli bo‘lishlari farzand tarbiyasida muhim va munosib o‘rin egallaydi.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Farzandlar dunyo hayotining ziynatidir”, deya farzandlarni dunyo va oxirat saodati, ziynati qilib qo‘ydi. Go‘zal tarbiya sir – asrorlarini esa, o‘zining suyukli Rasuli orqali bizlarga ta’lim berdi. Asrlar osha ta’lim – tarbiya meros o‘laroq ulug‘ olimu – ulamolar orqali bizgacha yetib keldi. Ularning tarbiya borasidagi bebaho o‘gitlari, bosqichma – bosqich holda, yosh va mijozga e’tibor berib amalga oshirgan ishlari mustaqil kelajakning mustahkam poydevorlarini yetishtirishda ahamiyatli o‘rin egallaydi.
Farzand niholga o‘xshaydi. Agar u o‘z vaqtida, yaxshi parvarish qilinmasa, to‘g‘ri o‘smay qolishi mumkin. Ota-onaning vazifasi esa bolaga chiroyli tarbiya berish, yaxshi inson qilib voyaga yetkazishdir. Abdurauf Fitrat bu borada bunday yozadi: “Axloqi go‘zal farzand Allohning ne’matidir. Yaxshi tarbiya insonning baxtu-iqboli omilidir. Ba’zi fe’lu atvor tug‘ma bo‘lsa-da, yaxshi xulq ko‘pincha shakllantiriladi”.
Luqmoni Hakimdan “Nega o‘g‘lingizga juda ko‘p nasihat qilasiz?” deb so‘rashdi. U zot: “Keksalarning yoshlarga qilgan nasihati xuddi ko‘chatlarni voyaga yetkazadigan bog‘bon kabidir. U vaqt-vaqti bilan ko‘chatlarning ortiqcha shoxlarini kesadi, ular atrofidagi begona o‘t-o‘lanlarni tozalab tashlaydi. Xullas, uning mustahkam bo‘lib o‘sishi uchun bor kuch-quvvatini sarflaydi. Agar shunday qilsa, nihol yaxshi o‘sib, unadi. Zero, u hosilga kirgach, mevasi asaldek shirin bo‘ladi. Aks holda, bog‘bon beparvo bo‘lib, ko‘chatlarning ortiqcha shoxlarini kesmasa, ular baland o‘sib, yaxshi hosil bermaydi. Natijada, bunday niholdan bog‘bonga kam foyda yetadi”.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: “Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqa berishidan yaxshiroqdir” (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda: “Ota bolaga go‘zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati), deyiladi.
Bolaning tabiati, xulq-atvori oiladagi muhitga bog‘liq. Albatta, yaxshi farzandlar o‘z-o‘zidan voyaga yetmaydi. Balki oilada ota-ona nazoratida tarbiyalanib, ulg‘ayadi.
Abu Ali ibn Sino farzand tarbiyasi haqida bunday degan: “Bola ta’lim-tarbiya oladigan joyda odob-axloqli, turmush tarzi namunali bolalar bo‘lishi lozim. Zero, bola har bir narsani ularga taqlid qilib o‘rganadi va ular bilan do‘st bo‘ladi”.
Har tomonlama barkamol farzandni voyaga yetkazish borasida ulug‘larning juda ko‘p tavsiyalari bor. Ularni bolalarda shakllantirilishi quyidagicha bayon qilinadi: Islom, ilm, diyonat, qanoat, intizom, vijdon, vatanparvarlik, adolat, muhabbat, iffat, sabr, to‘g‘riso‘zlik, ibrat nazari bilan qarash, sir saqlash va hokazo.
Shu bilan birga farzandni hasad, manmanlik, takabburlik, yolg‘on gapirish, aldash, munofiqlik, baxillik, bekorchilik, jahl, g‘azab, g‘iybat, behuda so‘zlarni gapirish, mazax qilish, shahvatga berilish, so‘kish, tama’ qilish, zulm, johillik kabi yomon xislatlar rivojlanishidan muhofaza qilish zarurligi ham aytiladi.
Ruhan tetik va axloqli farzand ulug‘ ne’matdir. Farzandi barkamol inson bo‘lib voyaga yetishini istagan har bir ota-ona uni sog‘lom e’tiqod asosida to‘g‘ri tarbiyalashi zarur.
O‘MI Matbuot xizmati
Ba’zi otalar ayoli, bolalaridan o‘zining ayshu ishrati va ulfatchiligini ustun qo‘yadilar, gohida o‘sha tarafga butunlay burilib ketadilar.
Ey muhtaram ota! Nima uchun oilangiz va bolalaringizdan qochyapsiz?! Nima uchun ko‘zingizdagi nurga parda tashlayapsiz, farzandlaringiz sizni tun qorong‘usidan boshqa mahal ko‘ra olishmayapti.
Barchalari sizni izlaydilar. Yosh bolalarni o‘psangiz, kattalar davrasida bo‘lsangiz, tabassumingizga sababchi bo‘luvchi ayolingizga e’tibor qaratsangiz, qanday ham go‘zal!
Zimmangizdagi ularning haqlariga bee’tibor bo‘lmang. “Yemak-ichmak, kiyim-kechagini to‘kib-sochib qo‘ysam bo‘ldi, vazifamdan qutuldim”, deb o‘ylamang. Ular siz tomoningizdan yetkaziluvchi ma’naviy, ruhiy ozuqaga muhtojdirlar.
Ey muhtaram ota! Oilangiz bee’tibor qolsa, ko‘zi ochlarning hirslari ularni yeb bitirishi mumkin. “Boshsiz qolgan jasad tirik turadi”, deb o‘ylamang. Siz oilangiz uchun tananing boshideksiz, bosh tanadan judo bo‘lsa, ruh tanadan ajraydi va hayot tugaydi.
Oilangizga mustahkam qo‘rg‘on bo‘ling. Unutmangki, qiyomat kuni har bir rahbar o‘z qo‘l ostidagilari borasida javob beradi.
Barcha mas’uliyatni ayolingizga yuklab qo‘ymang. Tarbiya mashaqqatini uning yelkasiga yuklamang.
O‘tinaman, zoye bo‘layotgan umringizga, oilangizga qayting! Avval Robbingizga qayting va qilgan gunohu isyonlaringizga tavba qiling. Namozga mahkam bo‘ling. Qalbingizda iymon qayta barq urib, rahmat vujudingizga sizib kirishi uchun tun qorong‘usida turib tahajjud o‘qing.
Har gal bolalaringizni, ayolingizni ko‘rsam, ularning ko‘zidagi mahzunlik meni tilka-pora qiladi. Buning ta’siridan sizga aytadigan oxirgi gapim:
Yerdagilarga rahm qil, samoning Egasi senga ham rahm qiladi. Senga shukrini ado qilolmaydigan darajada ne’matlar ato etgan Robbingga yaqinlash. Oila deb atalmish ne’matdan yuz o‘girding. Oilangni tashlab ketding, ular qayoqqa borarini bilmay qolishdi.
Achinarli bir voqeani keltiray: Ota-onasi ishga ketib yolg‘iz qolgan bolalarning sho‘xliklari avjiga chiqib, oralaridan biri pichoq o‘ynab xonadagi charim divan va kursini yirtib, teshdi. Ota ishdan kelib bolaning qilgan ishini ko‘rdi va qattiq g‘azablanib bolaning qo‘l-oyoqlarini mahkam bog‘lab qo‘ydi.
Bola tinmay yig‘lab, bo‘shatib yuborishlarini o‘tinib so‘radi. Lekin bari befoyda edi. G‘azablangan otaga hech narsa ta’sir qilmadi. Lekin ona bog‘ichlarni yechishga urindi. Ota unga: “Agarda yechsang, taloqsan”, dedi.
Bola tinmay yig‘layverganidan tinkasi quridi va uxlab qoldi. Uning qo‘l-oyoqlarining rangi o‘zgara boshladi va ko‘karib ketdi.
Ota qo‘rqib ketganidan bog‘ichni yechdi va bolani darhol shifoxonaga olib bordi. Bola koma holatida edi. Shifokorlar bolaning oyoq-qo‘llarini amputatsiya qilishga qaror qilishdi. Bola o‘tkir ishemiyaga chalingan edi.
Ota amputatsiya qilish uchun berilgan qog‘ozga imzo qo‘yarkan, tinmay yig‘lardi.
Haqiqiy musibat bola jarrohlik amaliyotidan chiqqanidan keyin boshdandi. Bola otasiga qarab: “Dada, dadajon, oyoqlarimni qaytarib berishsin. Endi hecham bunday ish qilmayman”, deya dod soldi.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.