Bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan – oila bor. Oila bor ekan – farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi. Farzandlarimiz – bizning kelajagimiz. Xalqimiz ertasining qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq.
Oila davrasida qiladigan har bir harakatimiz, og‘zimizdan chiqadigan har bir so‘z farzandning tarbiyasiga, uning shakllanishiga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Harakatlarimizni o‘ziga ko‘chirgani singari hali shakllanmagan so‘z zaxirasiga bizning so‘z boyligimizdan andoza oladi. Avvalambor, oilaning tinch – totuv, oila a’zolarining bir – birlariga mehr – oqibatli bo‘lishlari farzand tarbiyasida muhim va munosib o‘rin egallaydi.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Farzandlar dunyo hayotining ziynatidir”, deya farzandlarni dunyo va oxirat saodati, ziynati qilib qo‘ydi. Go‘zal tarbiya sir – asrorlarini esa, o‘zining suyukli Rasuli orqali bizlarga ta’lim berdi. Asrlar osha ta’lim – tarbiya meros o‘laroq ulug‘ olimu – ulamolar orqali bizgacha yetib keldi. Ularning tarbiya borasidagi bebaho o‘gitlari, bosqichma – bosqich holda, yosh va mijozga e’tibor berib amalga oshirgan ishlari mustaqil kelajakning mustahkam poydevorlarini yetishtirishda ahamiyatli o‘rin egallaydi.
Farzand niholga o‘xshaydi. Agar u o‘z vaqtida, yaxshi parvarish qilinmasa, to‘g‘ri o‘smay qolishi mumkin. Ota-onaning vazifasi esa bolaga chiroyli tarbiya berish, yaxshi inson qilib voyaga yetkazishdir. Abdurauf Fitrat bu borada bunday yozadi: “Axloqi go‘zal farzand Allohning ne’matidir. Yaxshi tarbiya insonning baxtu-iqboli omilidir. Ba’zi fe’lu atvor tug‘ma bo‘lsa-da, yaxshi xulq ko‘pincha shakllantiriladi”.
Luqmoni Hakimdan “Nega o‘g‘lingizga juda ko‘p nasihat qilasiz?” deb so‘rashdi. U zot: “Keksalarning yoshlarga qilgan nasihati xuddi ko‘chatlarni voyaga yetkazadigan bog‘bon kabidir. U vaqt-vaqti bilan ko‘chatlarning ortiqcha shoxlarini kesadi, ular atrofidagi begona o‘t-o‘lanlarni tozalab tashlaydi. Xullas, uning mustahkam bo‘lib o‘sishi uchun bor kuch-quvvatini sarflaydi. Agar shunday qilsa, nihol yaxshi o‘sib, unadi. Zero, u hosilga kirgach, mevasi asaldek shirin bo‘ladi. Aks holda, bog‘bon beparvo bo‘lib, ko‘chatlarning ortiqcha shoxlarini kesmasa, ular baland o‘sib, yaxshi hosil bermaydi. Natijada, bunday niholdan bog‘bonga kam foyda yetadi”.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: “Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqa berishidan yaxshiroqdir” (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda: “Ota bolaga go‘zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati), deyiladi.
Bolaning tabiati, xulq-atvori oiladagi muhitga bog‘liq. Albatta, yaxshi farzandlar o‘z-o‘zidan voyaga yetmaydi. Balki oilada ota-ona nazoratida tarbiyalanib, ulg‘ayadi.
Abu Ali ibn Sino farzand tarbiyasi haqida bunday degan: “Bola ta’lim-tarbiya oladigan joyda odob-axloqli, turmush tarzi namunali bolalar bo‘lishi lozim. Zero, bola har bir narsani ularga taqlid qilib o‘rganadi va ular bilan do‘st bo‘ladi”.
Har tomonlama barkamol farzandni voyaga yetkazish borasida ulug‘larning juda ko‘p tavsiyalari bor. Ularni bolalarda shakllantirilishi quyidagicha bayon qilinadi: Islom, ilm, diyonat, qanoat, intizom, vijdon, vatanparvarlik, adolat, muhabbat, iffat, sabr, to‘g‘riso‘zlik, ibrat nazari bilan qarash, sir saqlash va hokazo.
Shu bilan birga farzandni hasad, manmanlik, takabburlik, yolg‘on gapirish, aldash, munofiqlik, baxillik, bekorchilik, jahl, g‘azab, g‘iybat, behuda so‘zlarni gapirish, mazax qilish, shahvatga berilish, so‘kish, tama’ qilish, zulm, johillik kabi yomon xislatlar rivojlanishidan muhofaza qilish zarurligi ham aytiladi.
Ruhan tetik va axloqli farzand ulug‘ ne’matdir. Farzandi barkamol inson bo‘lib voyaga yetishini istagan har bir ota-ona uni sog‘lom e’tiqod asosida to‘g‘ri tarbiyalashi zarur.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ikki yoshdan kichik bo‘lgan go‘dakning onasidan boshqa emizikli ayolni to‘yib emishi ila u ayol bolaning onasiga, eri otasiga, farzandlari aka-ukasi va opa-singillariga aylanadilar. Shuningdek, bu ayolning boshqa qarindoshlari ham emgan bolaga xesh bo‘ladilar. Go‘dakning suyagi va eti ona sutidan shakllanadi. Shuning uchun uni emizgan ayol ham tuqqan onasi kabi bo‘ladi. Binobarin, xuddi o‘z onasini e’zozlagandek, uning ham hurmatini joyiga qo‘yish va qadrlash lozim.
عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ الْمُنْكَدِرِ قَالَ: جَاءَتْ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ظِئْرُهُ الَّتِي أَرْضَعَتْهُ، فَبَسَطَ لَهَا رِدَاءَهُ ثُمَّ قَالَ: «مَرْحَبًا بِأُمِّي»، ثُمَّ أَجْلَسَهَا عَلَى رِدَائِهِ.
Muhammad ibn Munkadirdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u zotni emizgan ayol keldi. Shunda u zot ridolarini yerga yozib, «Marhabo, onajon!» deb uni ridolarining ustiga o‘tirg‘izdilar».
Sharh: Demak, ayol faqat emizgan bo‘lsa ham, o‘sha emizgan onasining haqqi tuqqan onaning haqqidek bo‘lar ekan. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini emizgan ayolni «onam» deb ataganlari, kelganlarida o‘rinlaridan turib, hurmat-izzat qilganlari, o‘zlarining kiyimlarini, ridolarini yechib, to‘shab, o‘shaning ustiga o‘tirg‘izib, hurmat ko‘rsatganlari mana shunga dalil, hujjat bo‘ladi.
عَنْ حَجَّاجِ بْنِ حَجَّاجٍ، عَنْ أَبِيهِ قَالَ: سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَا يُذْهِبُ عَنِّي مَذَمَّةَ الرَّضَاعِ؟ قَالَ: «غُرَّةُ عَبْدٍ أَوْ أَمَةٍ».
Hajjoj ibn Hajjoj otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Mendan emizganlik haqqi(ni ado etmaganlik) mazammatini nima ketkazadi?» deb so‘rashdi.
«Bir qul yoki cho‘ri ozod qilish», dedilar.
Sharh: Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Meni birov emizgan. Uning emizganlik haqqini ado eta olmaganman. Bu nuqsonning yomonligini nima ketkazadi? Nima qilsam, bu gunohni yuvaman, ya’ni meni emizgan shaxsning haqqini ado qilaman?» deb so‘rabdi.
Rasululloh alayhissalom bu savolga: «Bitta qul yoki cho‘ri ozod qilib», deb javob beribdilar.
Demak, emizgan ayollarning haqqi yuqori darajada, oliy bir maqomda bo‘lar ekan.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.