Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Aprel, 2025   |   2 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:22
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
30 Aprel, 2025, 2 Zulqa`da, 1446

Alloh bandani oltin olovda sinalgani kabi imtihon qiladi

11.04.2018   3720   3 min.
Alloh bandani oltin olovda sinalgani kabi imtihon qiladi

Islomning ilk davrida makkalik mushriklar musulmonlarning boshiga ko‘pdan ko‘p og‘ir savdolarni soldi. Ularning zulmi haddan oshib ketdi. Shundan keyin as'hoblar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Ey Allohning Rasuli, biz Allohning yo‘lida bo‘la turib boshimizga bunday og‘ir kunlarning kelishining biror hikmati bormi?” deb so‘rashdi. 

Ularning bu savollariga javoban quyidagi oyati karimalar nozil bo‘ldi:

أَحَسِبَ النَّاسُ أَن يُتْرَكُوا أَن يَقُولُوا آمَنَّا وَهُمْ لَا يُفْتَنُونَ

Odamlar iymon keltirdik deyishlari ila imtihon qilinmay, tark etilishlarini o‘yladilarmi? (Iymon kalimasini og‘izda aytish oson. Har kim ham iymon keltirdim, deb aytaverishi mumkin. Ammo til bilan aytilgan kalima dildan chiqqanmi yoki yo‘qmi, buni aniqlash uchun banda sinov-imtihondan o‘tishi kerak);

وَلَقَدْ فَتَنَّا الَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ فَلَيَعْلَمَنَّ اللَّهُ الَّذِينَ صَدَقُوا وَلَيَعْلَمَنَّ الْكَاذِبِينَ

Va, batahqiq, Biz ulardan oldingilarni ham imtihondan o‘tkazganmiz. Bas, Alloh, albatta, sodiq bo‘lganlarni ham bilajak, yolg‘onchilarni ham bilajak. (Ankabut, 2,3)

Ushbu oyati karimadagi “fatanna” imtihon etdik kalimasi ayni zamonda oltinni soflashtirmoq uchun bajarilgan sinov ishlaridir. Oltinni tozalab olish uchun u juda katta issiqlikda kuydiriladi.  Issiqlik 1064 darajaga chiqqanidan so‘ng oltin eriy boshlaydi va uning ichidagi begona moddalar ko‘pirib yuqoriga chiqib qoladi. Ana o‘sha ko‘pik olib tashlanganidan so‘ng bag‘ri kuygan oltin  sof bir jismga aylanadi. Ana shu oltin 99.9. nav (proba) oltindir.

Shiddatli imtihonning ma’nosi shu. Oltin ustidan bir-ikki suv qo‘yish yoki bir-ikki bolg‘a urish bilan tozalanmaydi. Chunki nopokliklar, begona moddalar uning ichkarisiga unnab ketgan. u qadar ichkariga esa oltinni juda katta issiqlikda eritmasdan yetishib bo‘lmaydi.  

Ushbu oyati karimalar imon haqida bo‘lgani sababli imon ham insonning botinida ekani e’tiborga olinadi. Inson botinidagi eng muhim javharni shubhalardan, gumonlardan, vasvasalardan, poklab olish uchun esa uni eritish kerak. Buning uchun kuydiruvchi otash kerak bo‘ladi.  

Ana shu otashning tafti 1064 darajaga yetgunga qadar qalbaki oltinlar erib ketadi, sof oltinning tarkibiga kirib olgan begona jismlar kuyib kulga aylanadi. faqat sof oltingina tobiga keladi.  Ichimizga joylashib olib ko‘nglimizni rohatsiz etadigan, hatto o‘zimiz bilmagan narsalardan vasvasaga soladigan narsalardan biz qanday qutulib olamiz? Albatta, buning uchun oltin kabi katta issiqlikka, mashaqqatlarga sabr etsak, sinovlarga bardosh bera  olsak,  imonimizni poklab olishga erishamiz, ya’ni sof oltinga aylanamiz.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

30.04.2025   1594   3 min.
Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].

O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.

O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang. 

Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].

Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va  mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.

Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.

Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!

Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz.  Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.

Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.

Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2]  Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4]  Imom Tabaroniy rivoyati.