Cavol: Namozda esnash yaxshi emas, deb eshitdim. Ammo esnash ixtiyorsiz kelsa, nima qilish kerak?
Javob: Ibodat paytida esnash xushu’ va xuzu’ni ketkazadi. Boshqa paytlarda ham esnashni ulamolar yaxshi sanashmagan. Shu sabab namozxon esnashni qaytarishga harakat qilishi lozim. Ammo qaytarolmasa chap qo‘li orqasi bilan og‘zini yopishi kerak.
Qiyomda turgan paytda ko‘p harakat bo‘lmasligi uchun o‘ng qo‘l orqasi bilan og‘iz berkitiladi. Chunki qiyomda namozxonning o‘ng qo‘li chap qo‘lining ustida bo‘ladi. Ammo oldin esnashni qaytarishga harakat qilish kerak. Quduriy aytadi: “Ko‘p bor sinadik, esnashni qaytarishga harakat qilinsa, u to‘xtar ekan” (“Fatovoyi Qozixon”).
“Tuhfatul muluk” kitobida, Payg‘ambarimizning namozda aslo esnamaganlarini, ko‘ngildan o‘tkazib, Alloh taologa chin dildan itoatli, iltijoli holatda turish odamni namozda esnash kabi ortiqcha harakatlardan saqlaydi, deyilgan (“Sharhul Viqoya”).
O‘MI Matbuot xizmati
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi