Qizlar juvonlarga to‘la bu dunyo
Ammo xayrunniso Fotima qayda
“Xayrunniso”, ya’ni “ayollarning a’losi” degan daraja nafaqat Xadicha (r.a)ga, balki keyinchalik uning qiziga ham berilgan. Fotima (r.a) o‘ta sabru qanoatli, eriga itoatli ayol degan nom barchaga ibrat bo‘lgan va shu sifatlariga ko‘ra “Jannat sayyidasi” deb madh etilingandir. Ibn Moja «Sunan»larida va Ibn Hibbon «Sahih»larida keltirilgan rivoyatda Abdulloh ibn Avf aytadilar: Mu’oz (r.a) Shomdan kelganlarida Nabiy (s.a.v.)ga sajda-ta’zim qildilar. Shunda u zot: «Ey Mu’oz bu nimasi?» deb so‘radilar. Mu’oz: «Ey Rasululloh, Shomga borgan edim, ularni yepiskop va patriarxlariga, ya’ni, dindor va rohiblariga sajda qilishayotganing ustidan chiqib qoldim va o‘yladimki, bu narsani sizga qilinishi lozim va bunga siz haqlisiz, deb sizga sajda qilmoqlikni iroda qildim», ya’ni siz insonlarning ichida ta’zim (sajda) qilishga loyiqroqsiz, degan edi, Rasululloh (s.a.v.): «Bunday qilma! Ey Muoz agar biror kishiga Allohdan o‘zgaga sajda qilishni buyurganimda, ayolni eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lar edim. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, ayol erining haqqini ado qilmagunicha, Rabbisining haqqini ado qilolmaydi. Hatto ulovning ustida bo‘lgan holida, eri u bilan qo‘shilishni talab qilsa, ayol tuyaning ustida bo‘lsa ham, uni rozi qilmoqlik uchun erining talabini bajarmoqligi lozim, uni qaytarmasligi kerak» (Ibn Moja rivoyati).
Erning ayoli ustidagi haqqi shunchalar ulug‘ki hatto Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: «Agar birortaga Allohdan boshqaga sajda qilishni buyurganimda, ayolni eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lar edim».
Anas ibn Molik (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (s.a.v.) aytadilar: «Sizlarning ichingizdan jannatga kiradigan erkaklar haqida xabar beraymi dedilar?» «Ha, ey, Allohning Rasuli», dedik. Shunda: «Payg‘ambar (s.a.v) jannatdadir, siddiq jannatdadir, shahar ichidagi birodarlarini faqat Alloh uchun ziyorat qilsa, shu erkak jannatdadir. Sizlarga jannatga kiradigan ayollaringiz haqida xabar beraymi», dedilar. « ey, Allohning Rasuli», dedik. U kishi: «Mehribon va tug‘uvchi, ya’ni, eriga mehribon itoatkor va ko‘p farzand tug‘uvchi ayollardir. Agar ayol g‘azablanib yoki biror narsasi yoqmay erining jahlini chiqarsa: «Mana qo‘lim qo‘lingizda, rozi bo‘lmaguningizcha uyquga ko‘z yummayman», deb aytadi. (Tabaroniy rivoyati).
Ibn Moja «Sunan»larida Mu’oz bin Jabaldan rivoyat qilgan sahih hadislarida, Nabiy (s.a.v.) aytganlar: «Dunyoda biror bir ayol eriga aziyat yetkazsa, erkakning jannatdagi shaxloko‘z hurlaridan bo‘lgan zavjasi: «Unga aziyat yetkazma, Alloh seni o‘ldirur, bas u dunyoda begonadir. Ya’ni, o‘tkinchi mehmon sendan ajralib, yaqinda bizning oldimizga keladi». Ya’ni, seni dunyoda tark qilib, bizning oldimizga kelishiga yaqin qoldi va men uning jannatdagi zavjasiman: deb u ayolga nido qiladi: dedilar.
Yana erning ayoli ustidagi haqlaridan ayol uning mol-mulki va nomusini saqlashi va uyiga biror kishini erining ruxsatisiz kiritmasligi kerak. Bu haqda Nabiy (s.a.v.) aytganlar: «Sizlarga erkak jamlaydigan yaxshilik haqida xabar beraymi? U soliha ayoldirki, agar eri unga qarasa xursand bo‘ladi, buyursa itoat qiladi va biror joyga chiqsa, uning mol-mulkini muhofaza qiladi» (Abu Dovud rivoyati).
Erning ayoli ustidagi haqlaridan yana biri – eri uni to‘shagiga chaqirsa, borishdan bosh tortmasligi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning quyidagi so‘zlariga binoan: «Agar erkak ayolini to‘shagiga chaqirsayu, u kelishdan bosh tortsa, farishtalar uni tong otib bo‘lgunicha la’natlaydilar» («Fathul Boriy ala Sahihul Buxoriy»).
Jobir (r.a.) rivoyat qilgan: «Uch xil insonning namozlari qabul bo‘lmaydi va ulardan osmonga yaxshilik ko‘tarilmaydi:
Nabiy (s.a.v.) vidolashuv hajlaridagi xutbalarida ushbu so‘zlarni aytdilar: «Ogoh bo‘linglarki, sizlar uchun ayollaringiz ustida haq bor va ayollaringiz uchun sizlarning ustingizda haq bor. Bas, sizlarning ular ustidagi haqqingiz – o‘rningizga siz yoqtirmaydiganlarni kirgizmasliklari va uyingizga siz yoqtirmaydiganga ruxsat bermasliklari. Ogoh bo‘lingki, ularning sizlar ustilaringizdagi haqqi ularga kiyinishlarida va taomlarida ehson qilishingizdir» dedilar. (Imom Muslim va Ibn Moja va Termiziylar rivoyatlari).
Islom ayolga eri yoqtirmaydigan birorta odamni uyiga kirishga ruxsat berishni harom qildi. Chunki bu narsa er xotin orasida adovat tug‘dirib, shubha gumonlarga olib keladi. Ba’zan er, xotinining amakisi yoki tog‘asining o‘g‘liga o‘xshash qarindoshlarining yurish turishidan gumonda bo‘lishi va shu sababli uyiga uning kirishini istamasligi mumkin. O‘zining yo ayolining ba’zi qarindoshlari turmushini buzishidan qo‘rqsa, undaylarga kirishni man’ qilishga haqqi bor. Shu paytda ayol eriga itoat qilishi lozim bo‘ladi. Agar uyda xotin eri yoqtirmaydigan dushmanini hurmat qilayotganini ko‘rsa, ko‘ngliga og‘ir botib g‘azabi qo‘zg‘aydi.
Erning ayoli ustidagi haqlaridan yana biri – uy ishlarini boshqarish, ya’ni ovqat pishirish, yuvish, tozalash kabilardir. Ular hamma davrda urf odat bo‘lib, u haqda ulug‘ ko‘rsatmalar kelgan, chunki hayot o‘zaro yordam va bardamliksiz davom etmaydi:
وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ
(Ey mo‘minlar) Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir (Moida surasi, 2).
Erkak uydan tashqarida ayoli va farzandlarining saodati va ehtiyojlarini o‘ylab, oziq ovqat va kiyim kechak olib kelish uchun ishlaydi tirikchilik qiladi. Ayol esa uyda ovqat pishirish, idish tovoq, kir yuvish va umuman uyni saodat maskaniga aylantirish uchun uy ishlari bilan shug‘ullanadi. Erkak uydan tashqaridagi ishlarni, ayol kishi esa uy ichidagi ishlarni boshqaradi. Shu tariqa hayot o‘zaro bir-birini tushunish va o‘zaro yordam asosida tiklanadi. Ba’zi faqihlar nikoh aqdi faqatgina er-xotinlik turmushi, jasadiy rohat va jinsiy shahvatni qondirish uchun yoki uy xizmatini qildirish uchun emas, erkak uyga xodim tayinlab qo‘yishi shart, deb aytishadi. Ammo sahih xabarlarda kelishicha, Nabiyning (s.a.v) ayollari ham, qizlari ham uy xizmatida bo‘lishgan. Uyda qilinishi kerak bo‘lgan narsani barchasini o‘zlari qilishgan, Nabiy (s.a.v) ham, bu ishlarda ahli ayollariga ko‘maklashganlar. Oishaning (r.a.) zikr qilganlaridek , ayollariga yordam berib turganlar. Oishadan (r.a.) Rasululloh (s.a.v.)ning uyda nima ish qilishlari haqida so‘raganlarida aytganlar: «Ahllarining xizmatida bo‘lib, qachon namoz vaqti bo‘lib qolsa, namozga chiqib ketardilar» (Buxoriy rivoyati).
Imom Ahmad Oisha (r.a.)dan rivoyat qilishlaricha, u kishidan: «Nabiy (s.a.v.) uylarida nima bilan mashg‘ul bo‘lar edilar?» deb so‘rashdi. Oisha (r.a.): «Kiyimlarini o‘zlari tikar, na’l (orqasi kesik, shippakkka o‘xshash oyoq kiyim)larini tuzatar, echkilarini o‘zlari sog‘ar va erkaklar uyda qiladigan ishlarni qilar edilar», deb javob berganlar (Imom Ahmad rivoyatlari).
Erining hayot qiyinchiliklarini ko‘tarishda yordam berish, er-xotin orasidagi saodatning davomiy bo‘lishni ta’minlashi va buning natijasida uy nizom va tartib asosida tiklanishiga asar va rivoyatlardan dalillar keltirib beramiz.
Buxoriy va Muslimlar Asmo binti Abu Bakr Siddiq (r.a.)dan rivoyat qilishgan, aytadilar: «Menga Zubayr uylandilar va u kishining birorta ham moli yoki quli yo‘q edi. Faqat bir dona oti bor edi xolos. Shu otlariga yemini berib, boqib yurardim. Uning oxuriga don ezib, xashak solib, yem berib, suv ichirardim. Chelagini teshib, un elab, xamir qorar edim, lekin hech chiroyli qilib non yopa olmas edim. Shuning uchun menga ansorlarning qizlari non yopib berishardi. Ular sodiq, yaxshi ayollar edi. Yana Zubayrning – Rasululloh (s.a.v.) men uchun ajratib bergan yerlariga don ekardim, lekin shu xizmatlarimning hech qaysisi menga ot boqishchalik og‘ir emasdi… To otam Abu Bakr menga xizmatchi yubormagunlaricha ot boqishdan qutilmadim. Menga xizmatchi yuborib qullikdan ozod qilgandek bo‘ldilar». (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Ali (r.a.) rivoyat qiladilar: «U kishi Ibn A’badga aytdilar: «Senga o‘zim va Fotima binti Rasululloh (s.a.v.) haqida so‘zlab beraymi? Fotima (r.a.) u zotning (s.a.v) ahllari ichida eng suyuklilari bo‘lib u men bilan yashardi». Ko‘pincha u kichik tegirmonchada un chiqarar edi, qo‘l tegirmon uning qo‘lini qadoq qilardi. Meshda suv tashirdi, mesh yelkasiga botib, izini qoldirardi. Uy supurib kiyimlari chang bo‘lib ketardi. Kunlardan bir kuni Nabiy (s.a.v)ning huzurlariga xizmatchilar kelib qolishdi. Unga: «Borib otangdan bitta xizmatchi so‘rab kelmaysanmi?» dedim. Otasi oldilariga borsa, suhbatlashayotgan odamlar bor ekan. Ertasiga o‘zlari kelib qoldilar va qizlariga: «Nima hojating bor edi?» dedilar. U jim turgan edi, men: «Ya Rasulalloh, men sizga aytib beraman, qo‘l tegirmonda un chiqargandi, qo‘li qadoq bo‘ldi, suv ko‘tarib mesh tashigandi, bo‘ynini iz qilib tashladi. Shunga xodimlar kelib qolganida, oldingizga borib, uni bu qiyinchiliklardan qutqarish uchun bir xodim so‘rab kelishga buyurgandim», deb aytdim. Shunda Rasululloh (s.a.v) aytdilar: «Allohga taqvo qil, ey Fotima! Rabbingning farzlarini ado et, ahli oilang ishlarini qil va to‘shagingga borganingda o‘ttiz uch marta tasbeh, o‘ttiz uch marta hamd va o‘ttiz to‘rt marta takbir ayt, shu bilan yuzta bo‘ladi. Mana shu narsalar senga xodimdan ko‘ra yaxshiroqdir» dedilar. Shunda Fotima (r.a): «Allohdan va Uning rasulidan roziman», dedi. Shunday qilib, Rasululloh (s.a.v) qizlariga xodim bermadilar» (Buni Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziylar rivoyat qilganlar). Bu ishlari bilan Rasululloh (s.a.v.) qizlariga mehribon bo‘lganmilar yo shafqatsiz? Axir Fotima onamiz ul zot ahllarining ichida suyuklirog‘i emasmidi?
Asmo, Fotima va Rasululloh (s.a.v.) ayollarining (Alloh ularning hammasidan rozi bo‘lsin) Ular uy xizmatida o‘zlari o‘zlariga xizmatkor edilar va u ayollarning birortasida xizmatkor yo‘q edi. Uy xizmati – sharaf, u hech qaysi amir yoki vazir qizining qadrini pasaytirib qo‘ymaydi. Lekin erkakning rizqi keng bo‘lib zavjasiga xodim olib berishga qodir bo‘lsa, olib bersin. Bunday yordam qilishda hech qanday yomonlik yo‘q, ammo ayolning, uy ishidan birortasini xodim bajarishi shart emas. Erning unga xizmat qilib beradigan va ishlarini bajaradigan xizmatkor olib berishi kerak, deyishimiz ortiqcha hashamatdan bir ko‘rinish va u bo‘lmagan ishdir. Nahotki bizlarning ayollarimiz salaf solih ayollardan yaxshiroq bo‘lsa? Nahotki qizlarimiz Rasululloh (s.a.v.)ning qizlari Fotimai Zahrodan karamliroq bo‘lsa. Rasululloh (s.a.v.) ularga xodim olib bermay, balki qizlariga bu narsadan ko‘ra rabbisiga yaqinroq qiladigan, afzalroq narsani – tasbeh, tahmid va takbir aytishni maslahat berganlari biz uchun ulug‘ bir dars va ibrat emasmi?.
Imom G‘azzoliy «Ihyou ulumiddin» kitoblarida Asmo binti Xorija qizi turmush qurayotganida qilgan nasihatlarini hikoya qiladilar, Asmo qizlariga aytadilar: «Qizalog‘im, o‘sib ulg‘aygan uyingdan chiqding va o‘zing tanimaydigan va oldin yaqin bo‘lmagan kishining to‘shagiga ketding.
U uchun yer bo‘l, senga osmon bo‘ladi,
U uchun o‘rin bo‘l, senga ustun bo‘ladi.
U uchun cho‘ri bo‘l, senga u qul bo‘ladi,
Unga xiralik qilma, yoqtirmay qoladi.
Ya’ni, ha, deb undan har baloni talab qilaverma, bezor bo‘ladi.
Undan uzoqlashma, esdan chiqarib qo‘yadi,
Senga yaqin bo‘lsa, unga yaqin bo‘l.
Sendan uzoqlashsa, undan uzoq bo‘l,
Uning burni, qulog‘i va ko‘zini muhofaza qilki, sendan faqat shirin hidni hidlasin, faqat go‘zal so‘z tinglasin va sening chiroyingni ko‘rsin»
Allohga bo‘lgan muhabbat mo‘minning saodatidir. Alloh uchun sevmoq tubsiz saodatdir-ki, uning ta’mini faqatgina sodiq mo‘minlar biladilar va uning o‘rniga boshqa narsani istamaydilar.
Ummu Muosira turmushga chiqayotgan qiziga nasihat qildi. Uning tabassumi bilan ko‘z yoshlari aralashib ketgan edi: Qizim, sen endi yangi hayotga qadam qo‘ayapsan, u shunday hayotki, unda otang uchun ham, onang uchun ham, aka-uka, opa-singillaring uchun ham o‘rin yo‘qdir. Sen u hayotda eringning hamrohiga aylanasan, ering bu hayotda sen haqingda unga birov sherik bo‘lishini istamaydi, ya’ni seni o‘zingdan ham qizg‘onadi. Sen unga ham yor, ham ona bo‘lasan. Sen unga uning borlig‘i, bor hayoti, bor dunyosi ekaningni sezdir. Shuni bilginki, er kishi katta go‘dak kabidir. Ozgina shirin so‘z ham uni baxtiyor qiladi. Uning senga uylanishi seni o‘z ahli-oilangdan mahrum bo‘lishingga sabab bo‘ldi degan tuyg‘uni sezishiga ering uchun imkon berma, chunki bu tuyg‘u uni hijolat qiladi. Axir ering ham seni deb ota-onasining uyini, oilasini tashladi. Lekin u bilan sening orangdagi farq u erkak, sen ayol ekanligingdir. Sir emas, ayol kishi doimo oilasiga, tug‘ilib o‘sgan xonadoniga oshiqadi. Lekin baribir u o‘zini mana bu yangi hayotga o‘rgatmog‘i zarurdir. Unga er, boshliq, farzandlari uchun ota bo‘lgan kishi bilan hayotini birga o‘tkazmog‘i darkor. Bu sening yangi dunyoyingdir.Sen dunyoda eng bahtli ayolsan chunki,
Ayol barcha xazinalardan qimmat, barcha boyliklardan bebahodir.
Ayol bir o‘zi xonadoningni jahannamga aylantira olganidek, uni jannatlarga ham aylantirishga qodirdir. Demak sen oilangni jannatga aylantiraolsang Sen eng bahtli ayolsan…… barchamizni Robbim baxtlilarning baxtlisi bo‘lish baxtiga musharraf aylasin. Amin.
Poshshaxon ESHONXON KIZI
“Xadichai- Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
(Qur’oniy dori)
Savol: Ko‘zga oq tushganda jarrohlik yoki dori tomizishdan boshqa muolajalar ham bormi?
Javob: Ilmiy qo‘llanma va ilmiy nazariyalarda umumiy urinishlar bor. Ular ko‘proq proteinni almashtirishga, xususan, oq tushgan ko‘zni avvalgi holatiga qaytarishga qaratilgan. Gohida kimyoviy yo‘l bilan imkon topiladi. Bu o‘zgartirish juz’iy xolos, mukammal bo‘lmaydi. Ammo kimyoviy yo‘lni ko‘z gavharidagi proteinga qo‘llash mumkin emas.
Savol: Mana shunday nuqsonli yechimlargina mavjud bo‘lgan kasallikka qanday qilib siz Qur’oni karim orqali davo topdingiz?
Javob: Yuqorida aytib o‘tganimdek, ko‘z gavharining tashqi yuzasi parda bilan qoplangan bo‘lib, unda protein bor. O‘sha proteinning tarkibi o‘zgarsa, gavharning holati ham o‘zgarib, oqibatda xiralik kelib chiqadi. Shuning uchun biz o‘sha proteindagi fiziologik o‘zgarishni tiklashning tabiiy uslubini qidirdik. Bunda bizga Yusuf surasidagi quyidagi oyatlar yordam berdi:
«U bulardan yuz o‘girib, «Esizgina Yusuf!» dedi va qayg‘udan ko‘zlariga oq tushdi. U dardini ichiga yutdi (ojiz bo‘lib qoldi)» (84-oyat). Yusuf alayhissalom Robbimizdan kelgan vahiy sababli akalaridan otalari huzuriga ko‘ylagini olib borishni talab qildilar:
«Mana bu ko‘ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlangiz, ko‘zi ochilur. So‘ng barchangiz ahlingiz ila huzurimga kelinglar. Karvon (Misrdan) yo‘lga chiqqan vaqtda otalari (Ya’qub alayhissalom o‘z uylarida turib, huziridagi kishilarga): «Meni aqldan ozgan demanglar u, lekin men Yusufning hidini sezmoqdaman», dedi. Ular: «Allohga qasamki, albatta, sen eski adashuvingdasan», dedilar. Xushxabarchi kelib, (ko‘ylakni) uning yuziga tashlagan edi, u yana ko‘radigan bo‘ldi. U: «Men sizlarga: «Allohdan sizlar bilmaydigan narsani bilaman», demaganmidim?» dedi» (Yusuf surasi, 93–96-oyatlar).
Yusuf alayhissalomning ko‘ylaklarida qanday shifo bo‘lishi mumkin edi? Bu haqda o‘ylab-o‘ylab, terdan boshqa narsani topmadik. Shundan so‘ng inson tanasidan ajraladigan terning tarkibiy elementlarini o‘rgandik. An’anaviy jarrohlik yo‘li bilan ko‘zdan chiqarib olingan, xiralashgan gavharni olib, terga botirib ko‘rganimizda uning biroz shaffoflashganini ko‘rdik. So‘ngra savol tug‘ildi: bu holatda terdagi barcha moddalarning shunday ta’siri bormi yoki undagi qaysidir bir moddaningmi? Javob shuki, bu uning tarkibidagi bir moddaning – karbamidning («mochevina») ta’siri ekan. Bu moddani kimyoviy usul bilan ham tayyorlab, laboratoriya sharoitida ko‘zi xiralashgan yoki ko‘ziga oq tushgan hayvonlarda sinab ko‘rildi. Biroq kuzatuvlar davomida kimyoviy yo‘l bilan tayyorlangan o‘sha malham bu kasallikni tuzatmadi, balki ko‘z gavhariga oq tushishiga sabab bo‘ldi. Bu narsa yo‘naltirilgan maxsus chiroq (slit lamp), ultratovush hamda ko‘z gavharidan akslangan ultrabinafsha nur yordamida tekshirib ko‘rildi. Bundan keyin kompyuterdagi fiziologik okulyarda 250 ming dollar to‘lab, yarim soat tajriba o‘tkazilganida uning yorug‘lik akslantirish darajasi 2 foizdan oshmadi. Lekin inson teridan tayyorlangan tomchi quyilganda 15 daqiqada 2 foizdan 60 foizga yorug‘lik darchasi ochildi. 20 daqiqada 90 foizga ziyodalashdi. 30 daqiqada 95 foizga ziyodalashdi. 60 daqiqada 99 foizga ziyodalashdi.
Savol: Bu tomchida nojo‘ya ta’sirlar kuzatildimi?
Javob: Mutlaqo. Ter tanadan ajralib chiqadigan modda bo‘lib, yuqorida aytganimizdek, uning tarkibi karbamidning tarkibi bilan deyarli bir xil. Shuning uchun bu malham konsentratsiyasini o‘n barobarga oshirib, hayvonlarda tajriba o‘tkazish lozim. Bunda malham organizmga og‘iz orqali yoki bevosita yurakning protein pardasiga kiritish orqali singdirildi. Ushbu tajribada ham nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmadi, malham jigar, buyrak, miyaga yoki qon tarkibiga umuman ta’sir ko‘rsatmadi.
Savol: Bu tajriba quyonlar ustida o‘tkazilgan ekan. Agar buni insonning fiziologik ko‘zi ustida o‘tkazilsa, nima bo‘ladi?
Javob: Bunday tajriba 250 ta ko‘ngilli ishtirokchi ustida o‘tkazilganida 90 foizdan ko‘proq kishilarning ko‘zidagi oqlik ketib, ko‘rishi avvalgi holiga qaytdi. Klinik tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, qolgan 10 foiz kishilarning ko‘z gavharida shaffoflik kuzatilgan, biroq ko‘z to‘rida boshqa kasallik bo‘lgani uchun ularning ko‘rishi yaxshilanmagan.
Savol: Ana shu tomchi ko‘zdagi kataraktadan boshqa ko‘z kasalliklariga shifo bo‘la oladimi?
Javob: Ha, ko‘zdagi shox pardaga ham shifo bo‘ladi. Ko‘z zaiflashganda oqlik yuzaga kelishi ana shu shox parda sirtida sodir bo‘ladi. Bu qon quyilgandagi yoki shox parda tarkibidagi proteinining tabiatida o‘zgarish bo‘lgandagi holatdir. Tajribalardan sobit bo‘ldiki, ushbu tomchini ikki hafta davomida har kuni ikki martadan quyib borilsa, ko‘rish xususiyati yaxshilanib, asl holiga qaytadi.
Savol: Shox pardadagi oqlik avvallari qanday muolaja qilinar edi?
Javob: Avvallari o‘lgan kishining ko‘z shox pardasini ko‘chirib o‘tkazish orqali muolaja qilinar edi. Ilova qilib aytadigan bo‘lsak, bunda ko‘rish quvvati avvalgi holiga qaytmas edi.
Savol: Siz o‘zingizni qanday his qildingiz? Chunki siz butun insoniyatga Qur’on voqeligidan muolaja taqdim qildingiz. Vaholanki, ichimizdagi ba’zi kishilar dunyoviy ishlarga yoki ilmiy bahslarga Qur’onning aloqasi yo‘q deb hisoblashadi.
Javob: Men bu ishim bilan ilmning zakotini ado qildim, deb hisoblayman. Axir molning zakoti chiqarilganidek, ilmning ham zakoti chiqariladi-ku? Axir ilm insonlarning yaxshi kuniga xizmat qilishi kerak! Bundan tashqari, ushbu amaliy tajriba sababli Qur’oni karimning azamatini va ulug‘ligini yana bir bor his etdim. «Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz. U zolimlarga ziyondan boshqani ziyoda qilmas» (Isro surasi, 82-oyat). Shunga binoan, bu ulug‘ Kitobga qaytishni umid qilaman. Agar haqiqiy ma’noda qaytsakkina, avvalgi davrimizni qo‘lga kiritib, butun insoniyatni hidoyatga chorlay olamiz.
Savol: Bu dori bozorlarga chiqarilganida unga «Qur’oniy dori» deb ishora qilinadimi?
Javob: Ha, biz bu dorini ishlab chiqaruvchi shirkatga «Bu Qur’oniy dori», deb yozib qo‘yishni shart qilganmiz. Toki butun olam ana shu Qur’onning rostligini, dunyo va oxiratda odamlarni baxtli qilishda faol ekanini bilsin. Suhbatimiz oxirida yangi bir bahsni, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hadisi sharifda vasf qilganlaridek, ko‘z tibbiyotidagi boshqa bir dorini taqdim etmoqchiman. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) «Qo‘ziqorin ham bir ovqat turi bo‘lib, uning suvi ko‘z uchun shifodir», deganlar.
Inshaalloh, Allohning izni bilan mana shu bahs ham kelajakda keng qamrovli ilmlarni ochib beradi.
“Qur’on va Sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar” kitobidan