Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda sayyohlarning Imom Buxoriy majmuasiga kirishi uchun haq undirilayotgani haqida ma’lumotlar tarqalib, bu borada turli fikrlar bildirildi. Bu gap-so‘zlar qanchalik asosli?
– Haqiqatdan ham bugungi kunda majmuaga kirish uchun mahalliy ziyoratchilar 1000 so‘mdan pul to‘lamoqda, – deydi Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi rahbari D.Ermamatov. – Ushbu mablag‘ inshootni saqlash va hududni obodonlashtirish, mehmonlar uchun zarur shart-sharoit yaratish hamda xodimlarga ish haqi berishga yo‘naltiriladi. Shu paytgacha bu xarajatlar majmuaga keluvchi fuqarolarning ehsonlari, homiylar mablag‘i hisobidan qoplangan. Bugungi kunda sayyohlar oqimining keskin ko‘payishi ziyoratgohda ular uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, yangi ish o‘rinlari ochish hamda ularning xavfsizligini ta’minlashni taqozo etmoqda. Shu sababli ziyoratchilarning majmuaga kirishi pullik tartib asosida yo‘lga qo‘yildi.
O‘zA xabariga ko‘ra, yilning birinchi choragida Imom Buxoriy majmuasini 311 ming nafardan ortiq sayyoh, jumladan, 1900 nafarga yaqin xorijliklar ziyorat qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan, 146 ming nafarga ko‘p demakdir. Pul tushumi esa 414 million so‘mni tashkil etib, 2017 yilning birinchi choragiga nisbatan ikki barobar ko‘p bo‘ldi.
Ayni paytda dam olish kunlarida majmuaga o‘rtacha 5 ming nafar sayyoh kelmoqda. Navro‘z bayrami kunlari esa 15-17 minggacha ziyoratchi tashrif buyurdi. Birinchi navbatda bu sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash talab etiladi. Shu maqsadda ilgarigi bitta qo‘riqlash posti ikkitaga yetkazilib, tun-u kun qo‘riqlov amalga oshirilyapti. Majmua ichida esa “Xavfsiz turizm” xodimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Aliy roziyallohu anhu bomdod namoziga chiqayotganlarida, xorijiylardan bo‘lgan Abdurrahmon ibn Muljam Murodiy degan odam u kishini zaharlangan qilich bilan jarohatladi. Bu mudhish hodisa hijriy 40 yil Ramazon oyining o‘n sakkizinchi kunida, milodiy 660 yilda sodir bo‘ldi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu uch kundan keyin vafot etdilar. U zotning xalifaliklari to‘rt yilu to‘qqiz oy davom etdi.
Hazrati Aliy roziyallohu anhu o‘ldirilganlaridan keyin odamlar u kishining o‘g‘illari imom Hasanga bay’at qilishdi. U kishi 6 oy davomida xalifalik qildilar. Ana shu olti oy mobaynida imom Hasan roziyallohu anhu o‘z as'hoblarining notavonliklarini, ummatni birlashtirish zarurligini sezdilar va sulhni afzal ko‘rdilar. Xalifalikdan voz kechib, Muoviyaga «Siz xalifa bo‘lavering» degan ma’noda gap aytdilar. Bu voqea hijriy 40 yil robi’ul avval oyida, milodiy 661 yilda bo‘lib o‘tdi. Islom ummati bir xalifa rahbarligi ostida qayta birlashgan ushbu yil «Jamoat yili» degan nomni oldi.
Hazrati Aliy roziyallohu anhuning o‘ldirilishlari bilan roshid xalifalik ham barham topgan, endi Alloh taoloning yo‘lida to‘liq yurish ham nihoyasiga yetgan edi.
Mana shu yerdan asta-sekin noto‘g‘ri holatga burilish boshlandi.
Roshid xalifalar davridagi eng muhim hodisalar:
– hijriy 11 yilda hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar.
– hijriy 12 yilda Ridda urushlari bo‘ldi.
– hijriy 13 yilda Yarmuk jangi bo‘ldi.
– jumodus soniy oyida hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu vafot etdilar.
– hijriy 14 yilda Damashq fath bo‘ldi.
– hijriy 15 yilda Qodisiya jangi bo‘ldi.
– hijriy 16–19 yillarda Fors yerlari fath qilindi.
– hijriy 20 yilda Misr fath qilindi.
– hijriy 21 yilda Nahovand jangi bo‘ldi.
– hijriy 22–23 yillarda Xuroson fath qilindi.
– zulhijja oyida Umar ibn Xattob roziyallohu anhu shahid bo‘ldilar.
– hazrati Usmon roziyallohu anhu xalifa bo‘ldilar.
– hijriy 27 yilda Taroblus fath qilindi.
– hijriy 28 yilda Kipr fath qilindi.
– hijriy 31 yilda Zotus-savoriy jangi bo‘lib o‘tdi.
– hijriy 32 yilda Xuroson qayta fath qilindi.
– hijriy 36 yil zulhijja oyida hazrati Usmon roziyallohu anhu shahid bo‘ldilar.
– hazrati Aliy ibn Abu Tolib xalifa bo‘ldilar.
– tuya jangi bo‘ldi.
– hijriy 37 yilda Siffin jangi bo‘lib, hakamlik ishga tushdi.
– hijriy 38 yilda Nahravon jangi bo‘ldi.
– hijriy 40 yil Ramazon oyida Aliy roziyallohu anhu shahid bo‘ldilar.
Shu bilan roshid xalifalik davri nihoyasiga yetdi.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi