Ayrim ijtimoiy yo‘nalishdagi bosma ommaviy axborot vositalarida berilgan urinoterapiyaga bag‘ishlangan maqolalarda peshobning ko‘p kasalliklarga davo ekani haqida yozilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “So‘ragan edingiz” nomli kitoblarida ushbu masala yuzasidan yuborilgan savolga quyidagicha javob berilgan:
“Alloh taolo O‘zi harom qilgan narsalarni bandalariga shifo qilmagan. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Siydikdan saqlaninglar, chunki u qabr azobiga sababchi bo‘ladi”, deganlar.
O‘zini ko‘rsatish bilan faxrlanadigan, tabiblikni da’vo qiladigan ayrimlarning urinoterapiya orqali davolayman, deb jar solishi yaxshi emas. Holbuki, inson tabiatiga mutlaqo zid, harom narsada qanday davo yoki shifo bo‘lishi mumkin?
Shamsiddin ibn Javziyaning “Tibbun nabaviy” nomli asari Islom olamida juda mashhur. Shu asarning biron joyida peshob bilan davolash haqida gap yo‘q. Yoki Ibn Sino bobomizning “Tib qonunlari” nomli asari ham bunday “shifo”lardan butkul yiroq. Shuncha pokiza ne’matlar, qanchadan-qancha sof dorivor giyohlar turganida peshob bilan davolash degan so‘zning o‘zi uyat. Alloh taolo barchalarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin”.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Aliy roziyallohu anhu bomdod namoziga chiqayotganlarida, xorijiylardan bo‘lgan Abdurrahmon ibn Muljam Murodiy degan odam u kishini zaharlangan qilich bilan jarohatladi. Bu mudhish hodisa hijriy 40 yil Ramazon oyining o‘n sakkizinchi kunida, milodiy 660 yilda sodir bo‘ldi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu uch kundan keyin vafot etdilar. U zotning xalifaliklari to‘rt yilu to‘qqiz oy davom etdi.
Hazrati Aliy roziyallohu anhu o‘ldirilganlaridan keyin odamlar u kishining o‘g‘illari imom Hasanga bay’at qilishdi. U kishi 6 oy davomida xalifalik qildilar. Ana shu olti oy mobaynida imom Hasan roziyallohu anhu o‘z as'hoblarining notavonliklarini, ummatni birlashtirish zarurligini sezdilar va sulhni afzal ko‘rdilar. Xalifalikdan voz kechib, Muoviyaga «Siz xalifa bo‘lavering» degan ma’noda gap aytdilar. Bu voqea hijriy 40 yil robi’ul avval oyida, milodiy 661 yilda bo‘lib o‘tdi. Islom ummati bir xalifa rahbarligi ostida qayta birlashgan ushbu yil «Jamoat yili» degan nomni oldi.
Hazrati Aliy roziyallohu anhuning o‘ldirilishlari bilan roshid xalifalik ham barham topgan, endi Alloh taoloning yo‘lida to‘liq yurish ham nihoyasiga yetgan edi.
Mana shu yerdan asta-sekin noto‘g‘ri holatga burilish boshlandi.
Roshid xalifalar davridagi eng muhim hodisalar:
– hijriy 11 yilda hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar.
– hijriy 12 yilda Ridda urushlari bo‘ldi.
– hijriy 13 yilda Yarmuk jangi bo‘ldi.
– jumodus soniy oyida hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu vafot etdilar.
– hijriy 14 yilda Damashq fath bo‘ldi.
– hijriy 15 yilda Qodisiya jangi bo‘ldi.
– hijriy 16–19 yillarda Fors yerlari fath qilindi.
– hijriy 20 yilda Misr fath qilindi.
– hijriy 21 yilda Nahovand jangi bo‘ldi.
– hijriy 22–23 yillarda Xuroson fath qilindi.
– zulhijja oyida Umar ibn Xattob roziyallohu anhu shahid bo‘ldilar.
– hazrati Usmon roziyallohu anhu xalifa bo‘ldilar.
– hijriy 27 yilda Taroblus fath qilindi.
– hijriy 28 yilda Kipr fath qilindi.
– hijriy 31 yilda Zotus-savoriy jangi bo‘lib o‘tdi.
– hijriy 32 yilda Xuroson qayta fath qilindi.
– hijriy 36 yil zulhijja oyida hazrati Usmon roziyallohu anhu shahid bo‘ldilar.
– hazrati Aliy ibn Abu Tolib xalifa bo‘ldilar.
– tuya jangi bo‘ldi.
– hijriy 37 yilda Siffin jangi bo‘lib, hakamlik ishga tushdi.
– hijriy 38 yilda Nahravon jangi bo‘ldi.
– hijriy 40 yil Ramazon oyida Aliy roziyallohu anhu shahid bo‘ldilar.
Shu bilan roshid xalifalik davri nihoyasiga yetdi.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi