Alloh taolo Qur’oni Karimda Ibrohim alayhissalomni maqtab shunday degan:
إِذْ جَاء رَبَّهُ بِقَلْبٍ سَلِيمٍ
“O‘shanda u o‘z Robbiga sog‘lom qalb ila kelmishdi” (Soffat surasi, 84-oyat).
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, salim qalb nima?
Salim qalb haqida aytilgan eng mos ta’rif quyidagichadir: “Allohning amriga va nahiysiga teskari bo‘lgan shahvatlardan, Uning bergan xabariga zid bo‘lgan shubhalardan salomat bo‘lgan qalbdir. Bunday qalb Allohdan boshqaga bandalik qilishdan salomat bo‘lgan bo‘ladi. Allohni yaxshi ko‘rgan, Rasulining hukmiga rozi bo‘lgan, bo‘yinsungan, Uning O‘zidan qo‘rqqan, O‘zidan umidvor bo‘lgan, O‘ziga tavakkul qilgan, O‘ziga suyangan, O‘ziga bo‘yinsungan, har qanday holatda ham Uning roziligini ustun qo‘ygan, Uning g‘azabiga olib boradigan har qanday narsadan uzoq bo‘lgan qalbdir”.
Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni imom, yetakchi qildi, ichki dunyolari pok, qalblari salim edi. Alloh taolo bunga O‘zi guvohlik berib shunday degan:
“O‘shanda u o‘z Robbiga sog‘lom qalb ila kelmishdi”.
Shubha yo‘qki, Ibrohim alayhissalomning ba’zi sifatlarini, u kishiga kelgan sinovlarni Qur’onda o‘qib bilganmiz. U kishining qilgan tasarruflaridan ma’lum bo‘ladiki, shubhasiz u zot salim qalb egasi bo‘lganlar.
Rivoyat qilinishicha, Ibrohim alayhissalom biror marta dushmanlari haqqiga, garchi ular ko‘p ozor bergan bo‘lsalar ham, duoibad qilmagan ekanlar.
Qur’onda dushmanlari haqqiga qilgan duolari mana bunday kelgan:
وَمَنْ عَصَانِي فَإِنَّكَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
“Kim menga osiy bo‘lsa, albatta, O‘zing mag‘firat qilguvchi va rahmlisan” (Ibrohim, 36).
Ammo mo‘minlarning haqqiga qilgan duolari esa Qur’onda ham, hadisda ham ko‘p kelgan. Makka ahliga baraka so‘rab duo qilganlari mashhurdir. Hatto biz bugungi kunda bu duoning ijobatini ko‘rib turibmiz.
U kishining qalblari salim ekanini ko‘rsatadigan ishlardan yana biri otalari haqiga qilgan duolaridir. Otalarining Allohning dushmani ekani ma’lum bo‘lgach, undan uzoqlashganlar.
Ibrohim alayhissalomning suhbatlaridan, munoqashalaridan u kishining siyratlari naqadar pok bo‘lgani, qalblari salim bo‘lgani, o‘z nafslarining istaklaridan uzoq bo‘lganlari yaqqol ko‘rinadi. U kishi nafaqat salim qalb bo‘lishga sabab bo‘ladigan ishlarni qilardilar, balki asosiy g‘amlari qalblarining salomatligiga erishish edi. Shuning uchun ham u kishi mana bunday duo qilganlar. Buni Alloh taolo Qur’onda keltirgan:
وَلَا تُخْزِنِي يَوْمَ يُبْعَثُونَ
“Va qayta tiriltiriladigan kunda meni sharmanda qilmagin”.
يَوْمَ لَا يَنفَعُ مَالٌ وَلَا بَنُونَ
“U kunda na mol manfaat berar va na bolalar”.
إِلَّا مَنْ أَتَى اللَّهَ بِقَلْبٍ سَلِيمٍ
“Magar kim Alloh huzuriga toza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar)” (Shuaro surasi, 87-89-oyatlar).
Barchamiz ushbu duoga qanchalar muhtojmiz. Chunki, barchamiz o‘sha kunda Robbimiz huzuriga salim qalb bilan borishni istaymiz.
Har bir ota-ona, har bir muallim, murabbiy farzandlarini, shogirdlarini qalbi pok, axloqi go‘zal etib tarbiya qilishlari lozim. Farzandlarimizni Ibrohim alayhissalom dushmanlari bilan qanday muomalada qilgan bo‘lsalar, shunday muomala qiluvchi etib tarbiya qilmog‘imiz kerak. Ibrohim alayhissalom dushmanlarga Allohdan hidoyat, istiqomatga rag‘bat so‘rab duo qilganlar. Tillari iffatli, hikmatli edi.
Endi o‘zimizning qalbimizga nazar solaylik! Odamlarni qo‘ya turaylik. Qalbimizga kim nazar solib turibdi?!
Odamlar bizning tashqi ko‘rinishimizga, amalimizga, tasarruflarimizga, xatti-harakatlarimizga qaraydilar. Lekin ular qalbimizda yashirin bo‘lgan narsalarni bilmaydilar. Qalbimizga Allohning O‘zi nazar soladi. Shunday ekan, qalbimizni taftish qilaylik. Unda hasad, kibr, nafs istaklariga moyillik, ko‘rolmaslik, gina, adovat bormi? Agar bor bo‘lsa, darhol isloh qilib, mazkur illatlarni ildizi bilan yo‘qotaylik. Robbimiz huzuriga borishimizdan oldin qalbimizni salim qalb qilishga erishaylik!
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
يَوْمَ تُبْلَى السَّرَائِرُ
“Sirlar fosh bo‘ladigan kundadir” (Toriq surasi, 9-oyat).
Yana bir oyatda bunday degan:
وَحُصِّلَ مَا فِي الصُّدُورِ
“Va ko‘kraklaridagi oshkor bo‘lganda” (Adiyat surasi, 10-oyat).
Bilingki, qalbning salomatligi dunyoda ham, oxiratda ham foyda keltiradi.
Ba’zi odamlarni ko‘ramiz, kishilar bilan muomala qilganlarida muloyim, kechirimli bo‘lishadi. O‘sha insonlar hayotlari davomida tinch, xotirjam, baxtli yashayotganlariga guvoh bo‘lamiz.
Keling, qalbimizga nazar solaylik! Unda biron kasallik bo‘lsa, tuzatishga urinaylik!
Agar qalbingiz salim bo‘lmasa, kasalliklarga mubtalo bo‘lgan bo‘lsa, dunyoda bir iloj qilib yasharsiz, ammo oxiratda nima qilasiz?! Axir oxiratda faqatgina salim qalb bilan kelgan kishigina najot topadi-ku!
Alloh taolo qalblarimizning salomat bo‘lishini, oxiratda najot topuvchilardan bo‘lishimizni nasib etsin!
Nosir ibn Sulaymonning
“O‘shanda u o‘z Robbiga sog‘lom qalb ila kelmishdi”
nomli maqolasidan Nozimjon IMINJONOV tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Xabaringiz bor, 2025 yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabrigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Bugun, 10 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, hojilar, otinoyilar va mahalla faollari ishtirokida Xonqa tumanidagi «Sayid ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng Xayrulla domla Abdullayev hududdagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.
Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2025” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirokida tumandagi mahallalarga tashrif buyurdilar.
Mahalladagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Shuningdek, er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda tumandagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati