Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2025   |   26 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
22 Iyun, 2025, 26 Zulhijja, 1446

Din hukmlarini tartiblashda go‘zal san’atlar

07.04.2018   9945   8 min.
Din hukmlarini tartiblashda go‘zal san’atlar

G‘usl so‘zi fuqaholar tilida badanni yuvish ma’nosidadir. Agar butun badanga suv oqizilmasa, badan yuvilgan hisoblanmaydi. Namlash yoki ho‘llash yuvish degani emas, yuvishda suv butun badan bo‘ylab oqishi kerak. G‘uslning rukni suvni badanning hamma tarafiga oqizib yetkazishdir. Suvning bir marta yetishi farzdir. Agar badanning ozgina joyiga, masalan, biror tuk tagiga suv yetmay qolsa ham, g‘usl qilinmagan bo‘ladi. Demak, butun badanga suv yetkazib yuvish g‘usldir. Alloh taolo: “Agar junub bo‘lsalaringiz, pok­laningiz – cho‘milingiz!” ya’ni, badanlaringizni poklangiz, degan (Moida surasi, 6). “Badanlaringizni poklangiz” buyrug‘i zohiru botinni qamrab oladi. Ya’ni, “badan”ning ustini ham, ichini ham, xullas, “qiynalmay tozalash mumkin bo‘lgan hamma joyini tozalash kerak”, deganidir. 

G‘USL   HUKMLARI   HAQIDA

G‘uslda badanning ichkarisidan hisob­langan og‘iz‑burunni chayqash farz. Demak, butun badanga suv yetkazish va og‘izni chayish, burunni achishtirib chayqash farz bo‘ldi. Agar og‘iz va burun chayqalmasa, butun badan necha marta yuvilsa ham, g‘usl ado bo‘lmaydi. Og‘iz va burunni chayqash tahoratda farz emas, sunnat edi. Buning sababi, og‘iz va burunga suv yetkazish qiyinligidan emas, balki tahoratda yuzni yuvish farz bo‘lgani uchundir. Og‘iz va burunning ko‘z tushadigan tashqi tomoni yuz hisoblansa ham, ichi yuz hisoblanmaydi. Alloh taolo “g‘usl qilishda butun badanlaringizni tozalanglar” deb buyurgan, badanning ichiyu tashqarisini – qiynalmay yuvish mumkin bo‘lgan hamma joyi­ni yuvish g‘usl hisoblanadi.

G‘uslda soqolning tagiga suv yetkazish shart bo‘lgani kabi uning oralariga ham suv yetkazish shart. Demak, soqolni ham to‘liq yuvish kerak. Shuningdek, sochi o‘rilmagan, balki ­yoyilgan ayol ham g‘uslda sochini to‘liq yuvishi va oralariga to‘liq suv yetkazishi shart. Faqih Abu Johir Bandoviy ham shunday deganlar. Chunki soch-soqolga shu holatda qiynalmasdan suv yetkazish mumkin. Ammo ayol kishining sochi o‘rilgan bo‘lsa, uni yoyib yuvish kerakmi? Bu to‘g‘rida ulamolarda ikki xil hukm bo‘ldi. Ba’zilari agar sochi o‘rilgan bo‘lsa ham, sochini yoyib uning oralariga suv yetkazish kerak, dedilar. Payg‘ambarimizdan :  “Har bir tuk ostida junublik bordir. Ogoh bo‘linglar, sochning har bir tukini ho‘llanglar va tuksiz badanni poklanglar” mazmunli hadis ham rivoyat qilingan. Ya’ni, tuk bo‘lmagan joylarini to‘liq yuvganingiz kabi badandagi tuklarni ham yuvinglar, soch-soqol kabi tuklarga ham suv yetsin, deb buyurdilar. Demak, agar ayol kishining sochi o‘rilgan bo‘lsa, uni yozib, oralariga suv yetkazib yuvishi shart, deydilar ayrim ulamolar. Ba’zi ulamolar, soch o‘rilgan bo‘lsa, uni ­yoyib, har bir soch orasiga suv yetkazish vojib emas, deyishadi. Mazhabimizning ulug‘laridan shayx imom Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy ham shu hukmni ixtiyor qilganlar. Shu hukm to‘g‘ridir. Bunga dalil shuki, Ummu Salama  onamiz: “Men boshimdagi kokilimni qattiq bog‘lab o‘raman, g‘usl qilganimda shuni yechib g‘usl qilishim kerakmi?”  deb so‘raganlarida Rasululloh : “Boshingdan va butun badaningdan suv quygin va o‘sha quygan suving soching tagiga yetib borsa,  kifoya qiladi”,  deyish bilan mana shu yengillikni berganlar. Chunki shariat ayol kishiga o‘rib bog‘langan sochini yechishga buyursa, unga tanglik-qiyinchilik bo‘lardi. Ammo o‘rilmagan sochga nisbatan aytiladigan “har bir soch orasiga suv yetsin” degan gapda hech qanday qiyinchilik yo‘q. Hadisdan shu ma’no chiqadi.

Yuqorida keltirilgan “har bir tuk tagida junublik bor, har bir tukni yuvinglar, har bir tukka suv yetsin” hadisidan: agar soch yoyilgan bo‘lsa, shunday qilinglar, degan ma’no kelib chiqadi. Ummu Salama  onamizdan rivoyat qilingan keyingi hadis esa o‘rilgan sochni g‘uslda yoyish shart emasligiga dalil bo‘lyapti. Demak, g‘usl vaqtida sochni yoyish shart emas, lekin har bir tola soch tagiga suv yetmasa, g‘usl bo‘lmaydi.

Kindikning ichiga ham suv yetkazish vojibdir. Kindikning ichi ham badanning tashqarisi hisoblanadi va g‘usl vaqtida u ham yuvilgan bo‘lishi kerak. Chunki kindikka qiynalmay suv yetkazish imkoni bor. Demak, kindik ichiga namlangan ho‘l barmoq kiritilsa, toza bo‘ladi va undagi bir dona tuk tagiga ham suv yetmay qolmaydi. Ayol kishi g‘usl qilganda tashqi jinsiy a’zosini yuvishi lozim. Chunki uni ham qiynalmay yuvish mumkin.

Dinimiz g‘usl vojib bo‘lmagan ba’zi hollarda ham yuvinishga buyuradi. Masalan, juma namoziga chiqishdan oldin g‘usl qilinadi. Zero, jamoat joyida, xususan, ruhiy poklik maskani – masjidda kishidan badbo‘y hid kelib turishi sunnatga xilofdir. Ayniqsa, bu holat yoz oylarida juda seziladi. Dinimiz barcha sohada poklikka buyurib tursayu, musulmon odam qanday unga zid ish qilishi mumkin? Islom ummati o‘zining so‘zi bilan ham, amali bilan ham, hatto badanidan chiqadigan hid bilan ham birovga ozor yetkazmasligi kerak. Birovga ozor tegishini istamagan kishi o‘ziga qarashi, so‘ngra buni boshqalarga ham nasihat qilib, tushuntirishi lozim. Chunki poklik dini bo‘lgan bizning dinimizda butun vujud va qalb pokligi har bir kishi uchun katta ahamiyat kasb etadi.

Yuvinib olish juda oson bo‘lib qolgan hozir­gi zamonda pok va toza yurish hamma uchun, ayniqsa, musulmon uchun oddiy hol bo‘lishi kerak. Holbuki, bizga poklikni o‘rgatayotgan bu din bir ming to‘rt yuz yil avval jazirama arab sahrosida har tomchi suv oltindan yuksak qadrlanadigan, hech qanday qulayliklar bo‘lmagan sharoitda ham butun badanni uch martadan yuvishga buyurgan. Payg‘ambarimizning  tahorat va g‘usl bobida o‘zlari bajarib ko‘rsatgan amallarini poklikning ummatga ibrat bo‘lib qolgan andozasi desa bo‘ladi. Shuningdek, Rasululloh (sallollohu alayhi vasallam) masjidga kirish odoblari bobida ko‘plab o‘gitlar berarkanlar, ayniqsa, xom sarimsoq yo piyoz yegan odamlarning u yerga yo‘lamasligini buyurganlar. Bunga sabab shuki, o‘sha hid bilan yonidagiga ozor beradi. Terlab yuvinmagan odamning hidi esa sarimsoq yegan odam hididan yomonroq bo‘ladi. Dinimiz mana shunga ham qarshi bo‘lib, toza bo‘lish kerakligini uqtiradi.

Islom poklik dini ekan, eng kichik narsada ham poklik bo‘lishi kerak. Masalan, o‘ng qo‘lda ovqat yeyish sunnat. Taom uchun qo‘l yuvildimi, endi uni faqat taomni ushlashga ishlatish kerak. Biror narsaga hojat bo‘lsa, ikkinchi – chap qo‘lni ishlatsa bo‘ladi. Tozalik talablariga chinakam rioya qilib yashaydigan musulmon kishining butun vujudidan esa poklik balqib turadi. Shuning uchun musulmon odam tozalikning eng yuqori maqomida bo‘lishi kerak. Ko‘zimizga juda arzimas  bo‘lib ko‘ringan ishda ham pok bo‘lish lozim.

Bu holatlarda g‘usl qilish farzdir: junub[1], hayz va nifosdan so‘ng. Alloh taolo junub holatda g‘usl qilish farzligini oyati karimada bildirgan: ,,Agar junub bo‘lsalaringiz, pok­laningiz, cho‘milingiz” (Moida surasi, 6). Yana bir oyati karimada: “Ey mo‘minlar to gapirayotgan gapingizni bilmaguningizcha mast holingizda namozga yaqin kelmanglar va yana safarda bo‘lmasangiz to cho‘milmaguningizcha junub holingizda (namozga yaqin kelmanglar) (Niso surasi, 43) deyilgan. Demak, junub kishi g‘usl qilmasdan pok hisoblanmaydi va masjidga kirmaydi, qilgan ibodati ham maqbul bo‘lmaydi.

 

Shayx Alouddin MANSUR

tarjimasi

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

 

[1] Bu o‘rinda ehtilom va jinsiy yaqinlik nazarda tutilgan.

 

Fiqh
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   12363   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD