G‘usl so‘zi fuqaholar tilida badanni yuvish ma’nosidadir. Agar butun badanga suv oqizilmasa, badan yuvilgan hisoblanmaydi. Namlash yoki ho‘llash yuvish degani emas, yuvishda suv butun badan bo‘ylab oqishi kerak. G‘uslning rukni suvni badanning hamma tarafiga oqizib yetkazishdir. Suvning bir marta yetishi farzdir. Agar badanning ozgina joyiga, masalan, biror tuk tagiga suv yetmay qolsa ham, g‘usl qilinmagan bo‘ladi. Demak, butun badanga suv yetkazib yuvish g‘usldir. Alloh taolo: “Agar junub bo‘lsalaringiz, poklaningiz – cho‘milingiz!” ya’ni, badanlaringizni poklangiz, degan (Moida surasi, 6). “Badanlaringizni poklangiz” buyrug‘i zohiru botinni qamrab oladi. Ya’ni, “badan”ning ustini ham, ichini ham, xullas, “qiynalmay tozalash mumkin bo‘lgan hamma joyini tozalash kerak”, deganidir.
G‘USL HUKMLARI HAQIDA
G‘uslda badanning ichkarisidan hisoblangan og‘iz‑burunni chayqash farz. Demak, butun badanga suv yetkazish va og‘izni chayish, burunni achishtirib chayqash farz bo‘ldi. Agar og‘iz va burun chayqalmasa, butun badan necha marta yuvilsa ham, g‘usl ado bo‘lmaydi. Og‘iz va burunni chayqash tahoratda farz emas, sunnat edi. Buning sababi, og‘iz va burunga suv yetkazish qiyinligidan emas, balki tahoratda yuzni yuvish farz bo‘lgani uchundir. Og‘iz va burunning ko‘z tushadigan tashqi tomoni yuz hisoblansa ham, ichi yuz hisoblanmaydi. Alloh taolo “g‘usl qilishda butun badanlaringizni tozalanglar” deb buyurgan, badanning ichiyu tashqarisini – qiynalmay yuvish mumkin bo‘lgan hamma joyini yuvish g‘usl hisoblanadi.
G‘uslda soqolning tagiga suv yetkazish shart bo‘lgani kabi uning oralariga ham suv yetkazish shart. Demak, soqolni ham to‘liq yuvish kerak. Shuningdek, sochi o‘rilmagan, balki yoyilgan ayol ham g‘uslda sochini to‘liq yuvishi va oralariga to‘liq suv yetkazishi shart. Faqih Abu Johir Bandoviy ham shunday deganlar. Chunki soch-soqolga shu holatda qiynalmasdan suv yetkazish mumkin. Ammo ayol kishining sochi o‘rilgan bo‘lsa, uni yoyib yuvish kerakmi? Bu to‘g‘rida ulamolarda ikki xil hukm bo‘ldi. Ba’zilari agar sochi o‘rilgan bo‘lsa ham, sochini yoyib uning oralariga suv yetkazish kerak, dedilar. Payg‘ambarimizdan : “Har bir tuk ostida junublik bordir. Ogoh bo‘linglar, sochning har bir tukini ho‘llanglar va tuksiz badanni poklanglar” mazmunli hadis ham rivoyat qilingan. Ya’ni, tuk bo‘lmagan joylarini to‘liq yuvganingiz kabi badandagi tuklarni ham yuvinglar, soch-soqol kabi tuklarga ham suv yetsin, deb buyurdilar. Demak, agar ayol kishining sochi o‘rilgan bo‘lsa, uni yozib, oralariga suv yetkazib yuvishi shart, deydilar ayrim ulamolar. Ba’zi ulamolar, soch o‘rilgan bo‘lsa, uni yoyib, har bir soch orasiga suv yetkazish vojib emas, deyishadi. Mazhabimizning ulug‘laridan shayx imom Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy ham shu hukmni ixtiyor qilganlar. Shu hukm to‘g‘ridir. Bunga dalil shuki, Ummu Salama onamiz: “Men boshimdagi kokilimni qattiq bog‘lab o‘raman, g‘usl qilganimda shuni yechib g‘usl qilishim kerakmi?” deb so‘raganlarida Rasululloh : “Boshingdan va butun badaningdan suv quygin va o‘sha quygan suving soching tagiga yetib borsa, kifoya qiladi”, deyish bilan mana shu yengillikni berganlar. Chunki shariat ayol kishiga o‘rib bog‘langan sochini yechishga buyursa, unga tanglik-qiyinchilik bo‘lardi. Ammo o‘rilmagan sochga nisbatan aytiladigan “har bir soch orasiga suv yetsin” degan gapda hech qanday qiyinchilik yo‘q. Hadisdan shu ma’no chiqadi.
Yuqorida keltirilgan “har bir tuk tagida junublik bor, har bir tukni yuvinglar, har bir tukka suv yetsin” hadisidan: agar soch yoyilgan bo‘lsa, shunday qilinglar, degan ma’no kelib chiqadi. Ummu Salama onamizdan rivoyat qilingan keyingi hadis esa o‘rilgan sochni g‘uslda yoyish shart emasligiga dalil bo‘lyapti. Demak, g‘usl vaqtida sochni yoyish shart emas, lekin har bir tola soch tagiga suv yetmasa, g‘usl bo‘lmaydi.
Kindikning ichiga ham suv yetkazish vojibdir. Kindikning ichi ham badanning tashqarisi hisoblanadi va g‘usl vaqtida u ham yuvilgan bo‘lishi kerak. Chunki kindikka qiynalmay suv yetkazish imkoni bor. Demak, kindik ichiga namlangan ho‘l barmoq kiritilsa, toza bo‘ladi va undagi bir dona tuk tagiga ham suv yetmay qolmaydi. Ayol kishi g‘usl qilganda tashqi jinsiy a’zosini yuvishi lozim. Chunki uni ham qiynalmay yuvish mumkin.
Dinimiz g‘usl vojib bo‘lmagan ba’zi hollarda ham yuvinishga buyuradi. Masalan, juma namoziga chiqishdan oldin g‘usl qilinadi. Zero, jamoat joyida, xususan, ruhiy poklik maskani – masjidda kishidan badbo‘y hid kelib turishi sunnatga xilofdir. Ayniqsa, bu holat yoz oylarida juda seziladi. Dinimiz barcha sohada poklikka buyurib tursayu, musulmon odam qanday unga zid ish qilishi mumkin? Islom ummati o‘zining so‘zi bilan ham, amali bilan ham, hatto badanidan chiqadigan hid bilan ham birovga ozor yetkazmasligi kerak. Birovga ozor tegishini istamagan kishi o‘ziga qarashi, so‘ngra buni boshqalarga ham nasihat qilib, tushuntirishi lozim. Chunki poklik dini bo‘lgan bizning dinimizda butun vujud va qalb pokligi har bir kishi uchun katta ahamiyat kasb etadi.
Yuvinib olish juda oson bo‘lib qolgan hozirgi zamonda pok va toza yurish hamma uchun, ayniqsa, musulmon uchun oddiy hol bo‘lishi kerak. Holbuki, bizga poklikni o‘rgatayotgan bu din bir ming to‘rt yuz yil avval jazirama arab sahrosida har tomchi suv oltindan yuksak qadrlanadigan, hech qanday qulayliklar bo‘lmagan sharoitda ham butun badanni uch martadan yuvishga buyurgan. Payg‘ambarimizning tahorat va g‘usl bobida o‘zlari bajarib ko‘rsatgan amallarini poklikning ummatga ibrat bo‘lib qolgan andozasi desa bo‘ladi. Shuningdek, Rasululloh (sallollohu alayhi vasallam) masjidga kirish odoblari bobida ko‘plab o‘gitlar berarkanlar, ayniqsa, xom sarimsoq yo piyoz yegan odamlarning u yerga yo‘lamasligini buyurganlar. Bunga sabab shuki, o‘sha hid bilan yonidagiga ozor beradi. Terlab yuvinmagan odamning hidi esa sarimsoq yegan odam hididan yomonroq bo‘ladi. Dinimiz mana shunga ham qarshi bo‘lib, toza bo‘lish kerakligini uqtiradi.
Islom poklik dini ekan, eng kichik narsada ham poklik bo‘lishi kerak. Masalan, o‘ng qo‘lda ovqat yeyish sunnat. Taom uchun qo‘l yuvildimi, endi uni faqat taomni ushlashga ishlatish kerak. Biror narsaga hojat bo‘lsa, ikkinchi – chap qo‘lni ishlatsa bo‘ladi. Tozalik talablariga chinakam rioya qilib yashaydigan musulmon kishining butun vujudidan esa poklik balqib turadi. Shuning uchun musulmon odam tozalikning eng yuqori maqomida bo‘lishi kerak. Ko‘zimizga juda arzimas bo‘lib ko‘ringan ishda ham pok bo‘lish lozim.
Bu holatlarda g‘usl qilish farzdir: junub[1], hayz va nifosdan so‘ng. Alloh taolo junub holatda g‘usl qilish farzligini oyati karimada bildirgan: ,,Agar junub bo‘lsalaringiz, poklaningiz, cho‘milingiz” (Moida surasi, 6). Yana bir oyati karimada: “Ey mo‘minlar to gapirayotgan gapingizni bilmaguningizcha mast holingizda namozga yaqin kelmanglar va yana safarda bo‘lmasangiz to cho‘milmaguningizcha junub holingizda (namozga yaqin kelmanglar)” (Niso surasi, 43) deyilgan. Demak, junub kishi g‘usl qilmasdan pok hisoblanmaydi va masjidga kirmaydi, qilgan ibodati ham maqbul bo‘lmaydi.
Shayx Alouddin MANSUR
tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
[1] Bu o‘rinda ehtilom va jinsiy yaqinlik nazarda tutilgan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan