“Soxta salafiylar” oqimiga mansub bo'lganlar islomdagi ahkom va fatvolarni har bir zamon taqozosiga qarab emas, hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targ'ib qiluvchi oqimdir. Bu oqim arab va islom mamlakatlarida ko'proq tarqalgan bo'lib, O'rta Osiyoga ham kirib kelmoqda. Uning tarafdorlari islom dinining har bir zamon va har bir makonga moslasha olishini tan olmaydilar. O'n besh asrdan beri islomning etuk allomalari, faqihu mujtahidlari qabul qilgan fatvolarga amal qilishga qarshi chiqadilar.
Islomda “salaf” (arabcha – “ajdodlar”, “avval yashab o'tganlar”) deganda, hadislarga ko'ra, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida hamda undan keyingi ikki asrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Shunga ko'ra, islom ulamolari sahobiy, tobein va tab'a tobeinlarni “salafi solih”, ya'ni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiy”lar tushunchalarini ishlatish mumkin emas.
So'nggi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, musulmon jamiyatlarini ilk islom davri holatiga qaytarishni targ'ib qiluvchi mutaassib, soxta salafiylar paydo bo'lganini alohida qayd etish lozim.
Tarixiy ma'lumotlarga qaraganda, soxta salafiylikning aqidaviy, huquqiy va falsafiy asoslari Ibn Taymiya (1263-1328 y.) faoliyati bilan bog'liq ekan. U umri davomida o'zining qarashlari tufayli to'rt marta (1307, 1309, 1322 va 1326 yillarda) zindon jazosiga tortilgan va 1328 yilda zindonda vafot etgan bu shaxs harakatning nazariy asoslarini belgilab berganini barcha mutaxassislar e'tirof etadilar.
Ibn Taymiya ta'limotida ilgari surilgan g'oyaga ko'ra, go'yoki asrlar davomida islomga turli bid'atlar kirib qolgan va jamiyat hamda musulmonlarning kundalik turmush tarzi Qur'on va sunnatga asoslangan holda qat'iy tartibga solinishi zarur ekan.
O'z davrida bu ta'limotga qarshi sahih ma'lumotlar asosida ko'plab asarlar bitgan vatandoshlarimiz haqida tadqiqot olib borgan Ulrix Rudolfning “Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti” asarida: “Ibn Taymiyaning Payg'ambar alayhissalom, sahobiy va avliyolarning qabrini ziyorat qilish hamda tavhid, Allohning makoni, takfir va boshqa aqidaviy masalalarda ash'ariylik va moturidiylikka zid fikrlari o'sha davr musulmon ulamolarining keskin noroziligiga uchrab, ko'plab raddiyalar bitildi, keskin kurash olib borildi. Shunday bo'lsa-da, bunday g'oyalar keyinchalik turli mutaassib guruh va harakatlar etakchilari mafkurasiga asos bo'lib xizmat qildi. Ularning bu xatokor qarashlariga ahli sunna valjamoa ulamolari munosib raddiyalar bildirganlar”. (Toshkent: Imom Al-Buxoriy xalqaro jamg'armasi, 2002. 143-b).
Jumladan, “soxta salafiylar” quyidagi e'tiqoddagi g'oyalarni ilgari suradilar:
– har qanday yangilikni inkor etish,
– tasavvufni aslo tan olmaslik,
– tavassul (vosita orqali Allohga murojaat qilish)ni kufr, deb hisoblash,
– o'zlariga ergashmaganlarni “kofir” deb e'lon qiladilar.
Ularning faoliyati natijasida “Payg'ambarimiz shafoatidan hech qanday foyda yo'q”, degan g'oyalar tarqalib, salovotlar bayon qilingan kitoblar yoqib yuborildi, muqaddas ziyoratgohlar vayron qilindi.
Ularning adashgan yo'lda ekanliklarini bilish har bir aqlli insonga qiyin emas. Biz esa aynan mavzumizga doir jihatiga to'xtalamiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim bir insonni kofir deb chaqirsa yoki Allohning dushmani desa, aytganidek bo'lmasa, aytgan so'zlari o'ziga qaytadi”.
Mashhur vatandoshimiz Najmuddin Umar Nasafiy hazratlari mazkur masala to'g'risida quyidagilarni aytadilar:
“Katta gunohlar mo'min bandani iymondan ham chiqarmaydi, kufrga ham kirgizmaydi. Alloh taolo O'ziga shirk keltirishni kechirmaydi. Undan boshqa katta va kichik gunohlarni esa xohlagan kimsadan kechiradi. Kichik gunohga jazo berishi ham, agar halol hisoblashdan bo'lmasa, katta gunohni afv qilishi ham mumkin. Halol sanash kufrdir. Payg'ambarlar va solih bandalarning katta gunoh ahllari to'g'risidagi shafoatlari ko'plab xabarlar bilan sobitdir. Gunohi kabira sodir etgan mo'minlar do'zaxda abadiy qoldirilmaydi”.
Ularning yana bir qarashlari:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hamda sahobalar va aziz avliyolarning qabrlarini ziyorat qilishni kufr deb hisoblaydilar. (Azimov A: Axborot byulleteni. Toshkent. 2009. 8-b.)
Zero, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ummatga nasihatlarida quyidagilarni aytganlar:
Hazrati Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi; Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, barcha amallar niyatga qarab e'tibor qilinadi. Har bir kishi o'z niyatiga etgusidir, …Bas, nimani niyat qilsa, o'shani e'tiborga olinadi”.
Niyat qilish lug'atda “qasd qilish va iroda” ma'nolarini anglatadi.
Demak, qabr ziyorat qilayotganlarning niyatiga e'tibor qilinadi. Agar ziyoratchining niyati o'tganlarni xotirlash, ularga savob yo'llash qolaversa, o'limni eslash, undan ibratlanish bo'lsa, bu juda savobli ish bo'ladi.
Salafiylik, hizbut tahrir kabi yot oqimlarning Hudoga ishongan bir insonni kufrda ayblashi, mo'min-musulmonlar yashaydigan diyorlarni kufr shahri deb e'lon qilishlari natijasida Islom ummatlari o'rtasida turli tafriqalar kelib chiqmoqda. Afsuski, bilib-bilmay ushbu firqalarning ta'sir doirasiga tushib qolgan ba'zi yoshlarning bunday xato yo'lga kirib ketishi mumkin.
Mazkur oqim tarafdorlari o'zlarining buzuq ta'limotlari ila qabrlarni ziyorat qilgan odam musulmonchilikdan chiqadi degan e'tiqodda hatto bir paytlar Madinai munavvaradagi sahobalarning qabrlarini ham oyoqosti qilishgan. Qolaversa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning maqbaralarini ham vayron qilishga urinib ko'rishgan. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi uni ziyorat qilaveringlar. Zero, u sizlarga oxiratni eslatadi”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati). Ushbu hadisga ko'ra, qabrlarni ziyorat qilish mandub (mustahab amal)dir. Zeroki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o'zlari Baqe' qabristoniga borib mayyitlar haqqiga duo qilardilar.
Shuningdek, soxta salafiylar tasavvufni tan olishmaydi, tavassulni kufr deydi, mazhablarni inkor qiladi, o'zlariga ergashmaganlarni ham kofirga chiqarishadi. Soxta salafiylar jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratadi. Bu bilan boshqa dindagilarni dushman sanab, dinlararo adovat uyg'otishga urinadi. Ular nafaqat boshqa din vakillariga, balki shariat hukmlarini ular o'ylagandek to'liq bajarmayotgan musulmonlarga nisbatan ham zo'ravonlik siyosati olib boradi.
Bugungi kunimizda har bir musulmon yakka tartibdagi ijtihod bilan shug'ullanishi kerak, degan gap ham mutlaqo asossizdir. Imom Ahmad aytadi: “Kim dinda taqlid yo'q desa, Alloh va Uning rasuli oldida fosiqdir. Uning so'zi sunnat va salafi solihlar qarashlarini rad qilishdir”.
Mujtahid Abdulloh ibn Vahb aytadi: “Hadis ilmlari, agar fiqh ilmi bo'lmasa, adashtiradi”.
Adashgan firqalar o'tgan uch asrning to'g'ri yo'lidan birin-ketin chetga chiqa boshlashdi. Har bir firqa haqdan og'ib, o'zlarining g'arazli maqsadlari yo'lida qadam tashladi. Odamlarni ham fikru xayoli, sog'lom e'tiqodidan chalg'itishga urindi. Bu bilan ular, Alloh taoloning An'om surasi, 153-oyatida marhamat qilgan: “Albatta, bu Mening to'g'ri yo'limdir. Bas, unga ergashinglar. Va boshqa yo'llarga ergashmanglar. Bas, sizni uning yo'lidan adashtirmasinlar. Mana shu sizga qilgan amrdirki, shoyad taqvo qilsangiz,” oyatiga xilof ish tutdi. Shu tariqa nafsu havosiga berilgan, bid'at va zalolatga ko'milganlar toifasi ko'payib bordi. Bu holat asrlardan asrlarga o'tib hozirgi kunimizda ham davom etmoqda.
Ibn Qayyum Javziy “I'lomil muvqinin” kitobida: “Kishi, modomiki unda ijtihod shartlari jamlangan bo'lmasa, ya'ni barcha ilmlarni bilmasa, uning o'zicha Qur'on va hadisdan hukm olmog'i durust emas”, deydi. Ahmad ibn Munodiy aytadi: «Bir kishi Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhdan: “Bir kishi yuz ming hadisni yodlasa, faqih bo'ladimi?” deb so'raganida, u kishi: “Yo'q”, dedilar. Haligi kishi: “Agar ikki yuz ming hadisni yod olsa-chi?”, deb so'radi. Shunda imom yana: “Yo'q”, deb javob berdi. U kishi: “Uch yuz ming hadis yodlasa-chi?”, dedi. Imom: “Yo'q”, dedi. “To'rt yuz ming hadis yod olsa-chi?”, deganida, “Unda faqih bo'ladi”, deb javob berdi».
Abul Hasan dedi: «Men otamdan: “Imom Ibn Hanbal qancha hadis yodlagan edi?” deb so'raganimda, u kishi: “Olti yuz ming hadisni yod bilardi”, dedi».
Abu Ishoq aytadi: «Men xalifa Mansurning jome masjidida imomlik qilganimda, shu masalani odamlarga aytdim. Shunda bir kishi: “Siz ham shu miqdor hadis yodlaganmisizki, bu erda odamlarga fatvo aytib turibsiz?” dedi. Men: “Yo'q, faqat shuncha miqdor hadisni yod bilgan kishilarning so'zlari bilan fatvo beraman”, dedim».
Bizning davrimizda ham ikki yuzdan ortiq soxta salafiylikka o'xshash yot oqimlar mavjud ekan. Soxta salafiylikning g'oyalari bilan sug'orilgan yoki ularning izdoshlaridan biri sifatida yaqin 3-4 yil oldin xuruj qilgan Iroq va Suriyada o'zlarini Islom davlati deb atagan IShIDni misol qilish mumkin. Unga 1971 yil Iroqda tug'ilgan Ibrohim ibn Avvod ismli kimsa boshchilik qilgan. Ammo o'zini Abu Bakr Bag'dodiy deb nomlab, “xalifalik qurish” shiori bilan hokimiyatni qo'lga olishga urindi. Achinarlisi, qandaydir qora kuchlar ta'siridagi shu da'vosi bilan Islom uchun jang qilayapmiz deb har kuni minglab begunoh musulmonlarni qatl qilib, bolalar, ayollar va hatto qariyalarni ham o'ldirishgacha bordi. Iroq turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra mamlakatda IShID tashkiloti bir yildan kamroq vaqt davomida 40 ga yaqin noyob tarixiy qiymatga ega bo'lgan diniy inshootlarni vayron qilgan. Ularning orasida qadimgi masjidlar, nasroniy cherkovlari, bir nechta monastir va noyob obidalar ham bo'lgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Hajjatul vado'da qilgan xutbalarida shunday dedilar: “Shayton o'ziga ibodat qilinishidan sizlarning bu erlaringizda umidi so'ndi. Lekin bundan boshqa sizlar kichik hisoblaydigan ishlarda unga itoat qilinishidan umidi bor. Endi ehtiyot bo'linglar! Men sizlarga ikki narsani qoldiryapman: Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnati! Ularni mahkam tutsangiz hech qachon adashmaysiz!” dedilar.
Aslida Imom Moturidiydan oldin ham bir qancha “Maqolot” (maqolalar) kitoblari yozilgan va ularda asosan, Islom diniga mansub turli firqalarning qarashlari jamlangan. Imom Moturidiyning “Maqolot” asarining qo'lyozma nusxasi hozirda Istanbuldagi “Kupriliy” kutubxonasida 856-raqam ostida saqlanmoqda.
Aqoid ulamolari yozgan asarlarida faqatgina adashgan firqalarning qarashlarini keltirib “bu noto'g'ri” deyish bilan cheklanmaganlar. Balki mazkur qarashlarga birma-bir naqliy va aqliy dalillar asosida raddiyalar qilganlar. Bu raddiyalarda Ahli sunna valjamoaning qarashlari to'g'riligini isbotlash bilan birga adashgan firqalarning xatoga yo'l qo'ygan joylarini ham bayon qilganlar.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayh “Bayanu vahmil mo'tazila” (Mo'taziliy firqasining noto'g'ri tasavvuri bayoni), “Roddu alal qaromita” (Qarmatiylarga raddiya) kabi adashgan firqalarning umumiy qarashlaridagi xatolarni bayon qiluvchi ko'plab asarlar yozgan.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning qilgan eng ulkan xizmatlaridan yana biri Ahli sunna valjamoaga qarshi chiqqan firqalarning da'volariga umumiy raddiya qilishdan tashqari ularga batafsil raddiyalar qilganidir. Ya'ni bu zot o'sha paytlarda omma musulmonlarga tashvish tug'dirib turgan mo'taziliy etakchilarining asarlariga birma-bir raddiyalar yozib, ularni “ochiq maydon”da mag'lub qilgan. Bunga u zotning quyidagi asarlari yaqqol dalildir:
– Abu Muhammad Bohiliy mo'taziliyning “Usulul xomsa” (beshta asos) kitobiga “Roddu usulil xomsa” (“beshta asos” kitobiga raddiya);
– Abulqosim Ka'biy mo'taziliyning “Tahziybul jadal” (ilmiy bahslarni o'rgatish) kitobiga “Roddu tahziybil jadal” (“ilmiy bahslarni o'rgatish” kitobiga raddiya);
– Abulqosim Ka'biy mo'taziliyning “Va'iydul fussaq” (Fosiqlarga tahdid) kitobiga “Roddu “Va'iydul fussaq” (“Fosiqlarga tahdid” kitobiga raddiya);
– Abulqosim Ka'biy mo'taziliyning “Availul adilla” (Dastlabki dalillar) kitobiga “Roddu availil adilla” (“dastlabki dalillar” kitobiga raddiya) kabi asarlar yozgan.
Eng muhimi, imom Moturidiy rahmatullohi alayh Alloh taologa iymon keltirish asoslari bo'yicha “Tavhid” asarini yozgan. Bu asarda Ahli sunna valjamoaning aqoid borasidagi asosiy qoidalari bayon qilingan. Shunga ko'ra keyinchalik yozilgan Abul Muin Nasafiyning “Tabsirotul adilla”, Umar Nasafiyning “Aqoidun Nasafiy” kabi moturidiya mazhabi qoidalarini bayon qiluvchi kitoblar “Tavhid” kitobi asosida ta'lif etilgan asarlar hisoblanadi.
Hatto, Imom Moturidiyga u zotni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan martabalarini namoyon qiluvchi ko'plab nomlar berilganini aytib o'taylik:
– Imomul huda (to'g'ri yo'lga boshlovchi);
– Imomul mutakallimiyn (kalom ilmi olimlari peshvosi);
– Musahhihu aqoidil muslimiyn (musulmonlarning aqidalaridan xatolarni daf qiluvchi);
– Roisu Ahli sunna val-jamoa (Ahli sunna val-jamoa boshlig'i);
– Nosirus sunna va qomiul bid'a (sunnatni himoya qiluvchi va bid'atni bostiruvchi);
– Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).
Imom Moturidiy rahmatullohi alayh hijriy 333 yilda to'qson besh yoshlar atrofida Samarqandda vafot etgan.
Ha, botildan saqlanish uchun avval uni tanish kerak. Botilni bilmagan kimsa o'zi sezmagan holda unga aralashib qolishi hech gap emas.
Hulosa qilib aytar ekanmiz, bugungi kunda avj olgan soxta «salafiylik» ham ummat uchun balo bo'lgan oqimlardan biridir. Undan saqlanish va qo'shilib qolmaslik uchun bu haqda imkon qadar ko'proq ma'lumotga ega bo'lishimiz kerak. Shu bilan birga, sahoba, tobein va taba'a tobeinlar yo'li bo'lmish Ahli sunna valjamoa e'tiqodini ham puxta bilishimiz lozim! Alloh taolo to'g'ri yo'ldan toydirmasin. Haq ahliga sabot, botil ahliga esa hidoyat bersin!
Toshkent islom institutining 4-bosqich
talabasi Azimjon Karimov
Savol: Qur’on o‘qiyotganda farzandlar shovqin qilib qolsa, ularga jim bo‘linglar deyiladi-da, keyin yana Qur’on tilovatida davom etib ketiladi. Shunda qayta a’uzu yoki bismillah aytiladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda "A’uzu billahi minash-shaytonir-rojiym"ni aytib tilovatni davom ettirish mustahabdir. Chunki Qur’on tilovati asnosida qiroatga aloqasi bo‘lmagan gaplarni gapirsa, qiroatni a’uzuni aytib davom ettiradi. Agar Qur’on qiroatiga aloqador gaplarni gapirgandan keyin qiroatni davom ettirsa, a’uzuni aytmasdan davom etaveradi. Bu ikki holatda ham "bismillah" aytilmaydi (“An-nashr fil qiroatil ashr” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.