Alloh taologa eng suyukli ishlardan biri ota-onaga itoat etish, ularga mehr-shafqatli bo‘lishdir.
«Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) “Sen Menga va ota-onangga shukr kilgin! Qaytish Mening huzurimgadir» (Luqmon, 14).
Ota-ona oldida sekin, past ovozda, odob bilan so‘zlash kerak. Zaruratdan ortiqcha gap aytilmaydi. Ularning ismlarini aytib chaqirish mumkin emas. Qo‘pollik bilan ko‘ngillarini og‘ritish, nazarlaridan qolish katta gunohlardan sanaladi. Ko‘cha-ko‘yda ota-onadan ilgari yurish, ovqatga ulardan oldin qo‘l uzatish, oldilarida yonboshlab olish odobsizlikdir.
Alloh taolo marhamat qiladi: «Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt! Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda): “Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!” de» (Isro, 23–24).
Demak, ota-ona qarilik yoshiga yetganida ularga yanada shafqatli bo‘lish zarur. Keksalarning ko‘ngli xuddi bolanikiday bo‘lib qoladi. Bunday holatlarda imkon boricha ularning ko‘nglini og‘ritmasdan xohishlarini bajarish, pand-nasihat qilishsa, aslo malol olmaslik kerak.
Qaysi xonadonda ota-ona yoki ulardan biri tirik bo‘lsa, o‘sha oiladagi farzandlar baxtlidir. Chunki ularda ko‘proq savobga erishib qolish imkoniyati bor. Ota-onani tirikligida qadriga yetib, izzat-hurmatini joyiga qo‘yganga nima yetsin.
Umuman, keksalarimiz borligi bizning katta davlatimiz. Ular go‘yo uylarimizning farishtalari. Ko‘pni ko‘rgan buva-buvilar yosh oilalar uchun ibrat maktabi. Ular nabiralarining ta’lim-tarbiyasini, odob-ahloqini nazorat qilib, hayotiy tajribalari asosida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi.
Ota-ona vafot etganidan keyin ham ularning farzandlar ustidagi haqlari tugamaydi. Vasiyatlarini ado etish, haqlariga doim duoda bo‘lish farzandlar burchidir. Ularning qarindoshlik aloqalarini davom ettirish, tanigan-bilgan tengqurlarini yo‘qlash, mehmonga chaqirish nur ustiga nur bo‘ladi.
Rasululloh huzurlariga bir kishi kelib: “Yo Rasululloh vafotlaridan keyin ham ota-onamga yaxshilik qila olamanmi?” deb so‘radi. U zot : “Ha, to‘rt ish bor, ularni bajarsang, ota-onangga yaxshilik qilgan bo‘lasan: ular haqqiga duo qilish, gunohlarini kechishini Allohdan so‘rash, ularning nasihat va shar’iy vasiyatlarini bajarish, do‘st-birodarlarini izzat-ikrom qilish va ota-ona tarafidan bo‘ladigan qarindoshlikni davom ettirish”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Xalq orasida, ota-ona mehmondir, degan ibratli so‘z bor. Vaqt g‘animat, aziz mehmonlaringizning yaxshi duolarini olib qolishga ulguring. Ularga nima qilsangiz, ertaga farzandingizdan qaytadi. Bu haqiqatga hayotda ko‘p guvoh bo‘lganmiz...
Fazliddin MUSAXOV,
Ohangaron tumanidagi “Quraysh” jome
masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD