Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyun, 2026   |   18 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:27
Asr
17:35
Shom
19:57
Xufton
21:32
Bismillah
05 Iyun, 2026, 18 Zulhijja, 1447

Halima Yaqub mamlakatimizdagi diniy konfessiya rahbarlari bilan uchrashdi

24.05.2023   1472   3 min.
Halima Yaqub mamlakatimizdagi diniy konfessiya rahbarlari bilan uchrashdi

Avval xabar berilganidek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan, Singapur Prezidenti Halima Yaqub davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo'lib turibdi.

Singapur rahbari bugun Toshkent shahrida mamlakatimizdagi diniy konfessiyalar rahbarlari bilan uchrashdi.

Muloqot davomida Osiyo yuragida joylashgan qadim Movarounnahr va hozirgi O'zbekiston zamini, Buyuk ipak yo'li orqali turli mintaqa, qit'alar, madaniyat va ilmlarni bog'lovchi markaz bo'lgani qayd etildi. O'tmishda zardushtiylik, buddaviylik rivojlangan hududga islom dini kirib kelgach, bu zamindan Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Farg'oniy kabi buyuk allomalar etishib chiqqan.

Suhbat chog'ida Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo'yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Holiqnazarov mehmonlarga yurtimizda davlat rahbari tashabbusi bilan barcha sohalar qatori, diniy-ma'rifiy jabhada, xususan, din va e'tiqod erkinligi yo'nalishida turli din vakillari uchun yaratilgan qator yangilik, qulayliklar haqida ma'lumot berdi. Bir necha yangi masjid, cherkovlar qad rostlab, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy va o'rta maxsus islom bilim yurtlari ochilmoqda. 

Hozirgi kunda respublikada 16 diniy konfessiya mavjud bo'lib, davlat ro'yxatidan o'tkazilgan diniy tashkilotlar soni 2346 tani tashkil etmoqda. Shundan 2149 tasi islomiy va 197 tasi turli noislomiy konfessiyalar hisoblanadi. O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda esa Hadis ilmiy maktabi faoliyatini alohida ta'kidlash joiz.

Halima Yaqub xonim diniy bag'rikenglik borasida O'zbekistonning ilg'or tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilayotganini qayd etdi. 2018 yil dekabr' oyida BMT Bosh Assambleyasi yalpi sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoev taklif etgan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani fikrimizni isbotlaydi.

O'zbekistonning ushbu tashabbusi dunyoda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, diniy bag'rikenglikni ta'minlashda naqadar katta ahamiyatga egaligi bugungi murakkab davrda yaqqol namoyon bo'lmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda vijdon erkinligini ta'minlash yo'lida olib borilayotgan sa'y-harakatlar xalqaro maydonda ham yuqori darajada e'tirof etilmoqda. Bunga 2020 yil dekabrda AQSh Davlat departamenti tomonidan O'zbekiston diniy erkinlik bo'yicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro'yxati”dan chiqarilganini misol qilib keltirish mumkin.

Uchrashuvda diniy konfessiya rahbarlari ham so'zga chiqib, yaratilgan qulayliklar, e'tiqod erkinligi borasida olib borilayotgan islohotlar samarasini ta'kidladilar.

 

Go'zal Sattorova,

Nosirjon Haydarov (surat),

manba: O'zA

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Janubiy Koreyadagi xayriya tadbirlarida qatnashdi

04.06.2026   7531   2 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Janubiy Koreyadagi xayriya tadbirlarida qatnashdi

Muqaddas Qurbon hayitini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Safar davomida Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Mirzo G‘olib” jome masjidi imom-xatibi Isaxon Begmatov, Samarqand viloyati Urgut tumani bosh imom-xatibi, “Mulla Shodi bobo” jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ani Hasanov hamda Toshkent shahridagi “Jobir ibn Abdulloh” jome masjidi imom-xatibi Mirza Alixonovdan iborat delegatsiya Koreya musulmonlari federatsiyasi raisi Husayn Kim Don Yok bilan uchrashdi.


Muzokaralar chog‘ida tomonlar Janubiy Koreyadagi musulmon jamoasining bugungi holati, dinlararo muloqotni rivojlantirish masalalari hamda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.


Diniy-ma’rifiy ishlar, dinlararo o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, madaniy o‘ziga xoslikni saqlash va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va muntazam aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.


Tashrif doirasida Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun ma’rifiy suhbat uyushtirildi. Tadbir davomida ma’naviy-axloqiy tarbiya, o‘zbek diasporasi hamjihatligini mustahkamlash, an’anaviy oilaviy qadriyatlar hamda o‘zaro hurmat madaniyatini asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi.

 

Shuningdek, delegatsiya jamoaviy namoz o‘qidi, ishtirokchilarga tinchlik-farovonlik, iymonni mustahkamlash, xorijda yashash sharoitida milliy va diniy an’analarni saqlashga oid pand-nasihatlar berib, ezgu tilaklar bildirdi.


Tashkil etilgan “Ehson” xayriya tadbirida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari hamda ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini yuritayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.


Aksiyaning asosiy maqsadi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, o‘zaro yordam va birdamlik an’analarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Xayriya dasturxoniga 100 nafardan ortiq yurtdosh taklif etildi, 50 ta ehtiyojmand oilaga bayram sovg‘alari ulashildi.


Isaxon Begmatov Qurbon hayitining ma’naviy ahamiyati, xayriya, birdamlik va o‘zaro ko‘makning, shuningdek, Vatandan yiroqda milliy va diniy an’analarni asrashning muhimligi haqida so‘z yuritdi.


Shu kabi ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston fuqarolari ko‘plab istiqomat qiladigan Kyonsan, Kimxe, Chunchon, Kvanju, Mokpo, Kunsan va Tejon shaharlarida ham o‘tkazildi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari