Tarixda Fotima binti as-Samarqandiya deb nom qoldirgan bu ayol o‘z davrining katta olimi Alouddin as-Samarqandiy rahmatullohi alayhining qizi bo‘lgan. Otalari o‘zlariga kelgan fatvoni qizlariga ko‘rsatmay turib javob bermaganlar. Islom ta’limotida ayolga nisbatan munosabat, ayolni ulug‘lash alohida o‘rin egallaydi. Islom ta’limoti ayolni hayotning barcha jabhalarida: ilm olishda, mehnat qilishda, meros olishda, jamiyat taraqqiyotida faol qatnashishda erkak bilan teng huquqli qildi va o‘ziga xos mas’uliyatlarni ham yukladi. Islom ilm-ma’rifat sohasida ayollarni erkaklar bilan teng huquqli qilar ekan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Ilm talab qilish har bir muslim va muslima uchun farzdir» deganlar. Ayol kishi nafaqat ta’lim olish, dars, xutba va va’z eshitishgagina haqli, balki ta’lim berish, dars berish va boshqa ilmiy ishlar bilan shug‘ullanish huquqiga ham egadirlar. Ko‘plab muslima ayollar ilm-fan va madaniyat sohasida ulkan yutuqlarga erishganliklari fikrimizning yorqin dalilidir.
Markaziy Osiyo xalqlari davlatchiligi o‘tmishiga nazar tashlansa,turli tarixiy jarayonlarda erkaklar bilan bir qatorda, ayollarning faol ishtiroklari haqidagi ma’lumotlarni uchratish mumkin. Xususan, To‘maris, Buxoro malikasi, Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, Nodirabegim, Jahonotin Uvaysiy kabilar jamiyat tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lib, uning ravnaqi uchun hissa qo‘shganlar. Buning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib, ayol – millat namoyandalarining davomchisi, jamiyat a’zosi, oila bekasi, ishq-muhabbat sarchashmasi sifatida o‘rganilgandir. Darhaqiqat, jamiyat tarixiga nazar solsak, unda har bir davru zamonda, xalq va yurt taqdirini o‘ylaydigan siymolarning ko‘rsatgan jasoratlari, fidoiyliklarini ko‘rishimiz mumkin. Ular, jinsidan qat’i nazar, o‘zlarining tanlagan maqsadlari sari harakat qilganlar.
Tarixda ayollarning davlat siyosatiga, uning boshqaruviga, ilmu fan, madaniyat va marifat sohasiga katta ta’sir ko‘rsatib kelganliklariga ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin. Xususan, Amir Temur davlatida yuqori mavqe’ga ega bo‘lgan uning rafiqasi Saroymulkxonim xalq orasida e’zozlanib, Bibixonim deb atalgan va sohibqiron o‘z yurishlari davrida aynan unga Movarounnahr boshqaruvini ishonch bilan topshirgan. Bibixonim Sohibqironning nafaqat rafiqasi, balki uning eng ishochli va yaqin maslahatchisi ham bo‘lgan. Ushbu fikrimizni davom ettirib, shuni ham ta’kidlashimiz mumkinki, Shohrux Mirzo hukmronligi davrida uning rafiqasi Gavharshodbegim ham Bibixonim kabi yuksak mavqe’ga ega bo‘lgan. Keyinchalik Qo‘qon xoni Umarxonning rafiqasi Nodirabegim fan, madaniyat, san’atga homiylik qilish bilan bir qatorda hukmdorning siyosat yurgizishdagi maslakdoshi, ko‘makchisi bo‘lgan. Umuman olganda Markaziy Osiyo xalqlari tarixiga nazar tashlanadigan bo‘lsa, ushbu hududda ayollarning jamiyat hayotidagi, xususan, ilmu fan sohasidagi ishtiroklari haqida ko‘plab ma’lumotlarni uchratish mumkin.
Shu bilan bir qatorda diyorimizdan yetishib chiqqan XII asrda yashab o‘tgan hanafiy mazhabining yetuk faqiha olimasi Fotima bint Alouddin as-Samarqandiyning Movarounnahr fiqh ilmi rivojidagi o‘rnini ham ko‘rishimiz mumkin.
Ma’lumki, XI-XII asrlarda Movarounnahr Sharqning ilm-fan marifati rivojlangan yirik o‘lkalaridan biri bo‘lgan. Bu davrda O‘lkada diniy ilmlar yuqori darajada o‘rganila boshlangan edi. Buning sababi, ehtimol, bu paytga kelib turli mazhab va oqimlar o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlarning kuchayib ketganligidandir. Chunki bu davrda shialar va xavorijlar, mo‘taziliylar va moturidiylar, shofe’iylar va hanafiylar o‘rtasida kelishmovchiliklar avj olgan bir davr bo‘lgan edi. Bu muammolarni hal etish esa, asosan, faqihlar zimmasiga tushgan. Muammolarni kuchli dalillar bilan bartaraf etish zarurati sezildi. Shu tarzda Movarounnahrda faqihlar faoliyati kuchaydi.
VIII asrning oxiri IX asrning boshlarida Movarounnahrda Ahli sunnaning Hanafiy mazhabi tarqaldi. Ushbu mazhab ta’limoti asosida Buxoro va Samarqandda Movarounnahr fiqh maktabi shakllandi. Movarounnahr fiqh ta’limoti namoyandalari ushbu o‘lka xalqlarining huquqiy an’analari, urf odatlari, rasm-rusumlarini umumislomiy nuqtayi nazardan tahlil qilishib, o‘zlaridan boy yozma meroslar – fiqhiy qo‘llanmalar, fatvo to‘plamlari, faqihlar tarjimayi holiga bag‘ishlangan risolalar yozib qoldirdilar. Faqihlar o‘z asarlarida ayrim huquqiy normalarni mahalliy sharoit bilan muvofiqlashtirishga intilganlar va natijada O‘rta Osiyo faqihlari musulmon dunyosiga shariatning oxirgi tahririni berish darajasiga musharraf bo‘ldilar. Chunki uyg‘onish davrida Islom dini orqali ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kishilar uchun imkoniyat eshiklari ochib berilgan edi. Bu davrning o‘ziga xos tomoni shundaki, o‘lkada ilm-fan rivojlandi, ko‘plab olimlar yetishib chiqdilar, yirik faqih sulolari paydo bo‘ldi. Avloddan avlodga o‘tib davom etuvchi faqihlar sulolalari nafaqat Movarounnahrda, balki butun Islom olamida katta nufuzga ega edilar. Ana shunday sulolalardan biri bo‘lmish as-Samarqandiylar sulolasi Movarounahr fiqh maktabi tarixida o‘ziga xos mavqega egadir.
11-12 asrlarda Movarounnahr fiqh maktabining yirik vakili, O‘rta Osiyoda hanafiylarning buyuk imomlaridan biri, aqoid, tafsir, usul al-fiqh, furu’ al-fiqh, kalom ilmlari sohibi davrining yetuk faqihi Alouddin Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy (v. 1145 y) merosi va uning qizi «buyuk faqiha» Fotima binti Muhammad haqidagi ma’lumotlar fiqh ilmi tarixida alohida ahamiyat kasb etadi.
Fotima bint Muhammad as-Samarqandiy (v.1191dan oldin)ga otasi yoshlik chog‘laridan qiroat, arab nahvi, fiqhdan dars bergan. U otasidan fiqh ilmini o‘rganib o‘zi yashagan davrdagi ayolllar orasida buyuk faqiha olima darajasiga yetishadi, hadis va husnixatda benazir bo‘lgan. xattotlik bo‘yicha mashhur darajalarga erishadi. «Bu ayol fiqh ilmida shunday mahorat kasb etdiki, – deyiladi manbalarda, – otasining chiqargan fatvolarida uning ham muhr va imzosi qo‘yiladigan bo‘ldi». U otasining mashhur «Tuhfatul fuqaho» asarini yoddan bilgan. Lekin ming afsuslarki, bizgacha yetib kegan ma’lumotlarga ko‘ra, uning biron bir asari borligi ma’lum emas.
Bu olima haqida Ibn al-Adim shunday deydi: «Mening otam u ayolning hanafiya mazhabini nihoyatda yaxshi bilganligi, ko‘p marotaba umr yo‘ldoshi al-Kasoniyning fatvolaridagi xato-kamchiliklarni ko‘rsatib bergani, al-Kosoniy ham uning ra’yini qabul qilgani haqida hikoya qilardi». Manbalarda yozilishicha, Fotima fatvo berish vakolatiga ega bo‘lib, ushbu sohada otasi bilan hamkorlik qilib kelgan. «Tabaqot»da yozilishicha Ibnul-Adimning otasi unga Fotima haqida quyidagidek ma’lumotni keltirib o‘tadi: «U mazhabni yangicha naql qilar ekan, fatvo birinchi uning ijozati bilan chiqar, keyin otasining xati bilan. Haloviya (Hoviya)dagi faqihlardan biri Dovud ibn Ali aytishicha ramazon oyida faqihlarga fitr sadaqasini berishni birinchi marta Fotima binti as-Samarqandiy joriy qilgan».
Oksford universiteti professori V.Madelung keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra Alouddin as-Samarqandiy Anatoliyaga bir necha bor safar qilgan. Bir muddat o‘sha yerda istiqomat qilish davrlarida Rum podshohlari ( kingsofal Rum ) olima-faqiha qiz Fotimaning qo‘lini so‘raydilar, lekin u qizini o‘zining shogirdiga beradi.
Fotima bint Muhammadning umr yo‘ldoshi – Qoraxoniylar davrining eng buyuk faqihlaridan biri, Sayhun (Sirdaryo) ning shimoli – Farg‘onada, ash-Shoshning orqasida joylashgan Koson nomli yirik shaharga nisbat berilgan Al-Kosoniy – Alouddin Abu Bakr ibn Mas’ud ibn Ahmaddir[7].
Alouddin Muhammadning shogirdi va kuyovi, Qoraxoniylar davrining buyuk faqihi imom Abu Bakr ibn Mas’ud al-Kosoniy o‘z ustozining «Tuhfatul-fuqaho» (faqihlar tuhfasi) nomli kitobi ustidan «Badoi’us-sanoi’, fi tartibish-sharoi’» nomli uch jildlik sharh yozib, o‘z ustoziga taqdim etgan. Hoji Xalifa rivoyatiga ko‘ra, uning sharhi ustozga manzur bo‘lib, o‘zining chiroyli qizi Fotimaga uni uylantirgan. Ushbu sharhni esa «Mahr» sifatida qabul qiladi. O‘sha davrda xalq ichida «Sharaha tuhfatahu va tazavvaja ibnatahu» (ya’ni «Tuhfa» kitobini sharhlab qizini oldi) degan so‘z yuritilgan.
Al-Kosoniyning ushbu mashhur asari (1327-1328 y) Qohirada VII jild holida chop etilgan. Nafaqat Islom olamida, balki g‘arb olimlari orasida ham juda mashhur bo‘lgan bu fiqhiy asar hozirda ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Sharqshunos olim V.Madelung fikricha, asar «Hanafiy fiqhiy asarlari orasida keyinchalik ham uning darajasiga hech qaysi asar yeta olmagan mahorat namunasi» sanaladi.
Ibn al-Adim bu xaqida yana shunday deydi: «Al-Kosoniy umr yo‘ldoshini juda ham hurmat qilardi. Avvallari ustozi (Alouddin as-Samarqandiy) va uning qizi Fotima bint Muhammad tarafidan imzolangan fatvolar chiqar edi. Oila qurgach, har uchchovlarining imzo va muhrlari bosilgan fatvolar chiqadigan bo‘ldi». Ma’lumotlarga ko‘ra ba’zan eri Abu Bakr xatoga yo‘l qo‘yganda Fotima uning xatosini to‘g‘rilab bergan.
Ayrim manbalarda aytilishicha, Fotima o‘z eri malikul-ulamo Abu Bakr ibn Mas’ud Kosoniy bilan ba’zi sabablarga ko‘ra bir muddat Halab (Aleppo, Suriya) diyoriga kelib istiqimot qilgan darlarida u, erini Halabdan Movarounnahrga qaytib ketishga undagan. Buni eshitgan Halab xukmdori Nuriddin Mahmud, al-Kosoniyni chaqirib ularni Halabda qolishlarini iltimos qiladi va nega ketmoqchi ekanliklarining sababini so‘raganda, u ustozining qizi bo‘lmish olima Fotimaning rayiga xilof ish qila olmasligini aytadi. Shunda Halab xukmdori Nuriddin Mahmud ibn Zangi (1146-1174) Fotima bint Muhammad nomiga ulardan Halabda qolishlarini so‘rab noma jo‘natadi. Nomani olib kelgan elchi erkak kishi edi. Fotima uni qabul qilolmaydi va elchi qaytib ketadi. Fotimaning taqvosidan hayratlangan hukmdor ayol elchi jo‘natadi. Shundan so‘ng Fotima elchini qabul qiladi va hokimning iltimosiga ko‘ra, ular umrlarining oxirigacha Halabda qolib Hanafiy fiqhini keng yoyish va uni tarqatish bilan shug‘ullanadilar.
Xulosa qilib aytganda, jannatmakon yurtimizdan yetishib chiqqan o‘zbek qizi Fotima binti as-Samarqandiy islom dunyosida o‘zining buyuk iste’dodi va fiqh ilmi bo‘yicha yuksak salohiyati bilan mumtoz va misli yo‘q bo‘lgan faqiha ayol sifatida dong taratgan.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Fotima bint Muhammad haqida bizgacha yetib kelgan ma’lumotlar, asosan, Alouddin as-Samarqandiyning shogirdlari – Abu Bakr al-Kosoniy (v 1191)ning «Bado’i» asari muqaddimasida va as-Sam’oniy (v.1167)ning «Kitob al-Ansob» asarida, yana hanafiylik mazhabiga oid tabaqot kitoblarida ma’lumotlar qisqa tartibda berilgan bo‘lishiga qaramay, ushbu ayol o‘z ilmi va salohiyati bilan tarixda yorqin iz qoldira olgan buyuk bir faqixa ayoldir. Fotima binti as-Samarqandiyning ilmiy salohiyati, «Buyuk faqiha» darajasiga yetishi Movarounnahrda ayollarga Islom dinining munosabati, ayollarning esa ilmga bo‘lgan munosabatlari O‘rta asrlarda qanday bo‘lganligi haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahriga «Islom madaniyati poytaxti» maqomining berilishida mamlakatimizning Islom dini bilan bog‘liq tarixi, ushbu yurt farzandlari qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosning Islom sivilizatsiyasi va madaniyatiga qo‘shgan hissasi, bugungi kunda ana shu noyob va mo‘tabar merosni asrash, har tomonlama o‘rganish yuzasidan qilinayotgan ishlarning nechog‘lik yuksak baholanganligini anglash mumkin.
Manbalarda keltirilishicha, Fotima eridan oldin vafot etadi (vafot etgan yili ma’lum emas) va Halabdagi Maqomi Ibrohim Xalil qabristoniga dafn etilgan.
Kosoniy 587 yil rajab oyining uchinchi kuni vafot etib xotini Alouddin qizi Fotima yonida «Zohiri Halab»da maqomi Ibrohim Xalilning ichida dafn etilgan.
Tarixiy malumotlarga ko‘ra, bu oila azolari Movarounnahrga qaytishga jazm qilishadi, Kosoniyning har qanday vaziyatda ham ojizasining rayini qaytarmasligini yaxshi tushingan Halab hukmdori Fotima binti Muhammad nomiga shu shaxarda qolishlarini iltimos qilib noma yuboradi. Maktubni olib kelgan erkak kishi bo‘lgani sababli, Fotima uni qabul qilmaydi. Olimaning taqvosidan hayratlangan hukmdor ikkinchi marta uning xuzuriga ayol elchi yuboradi. Hazrati Fotima hukumdorning iltimosini qabul qiladi va bu ikki buyuk alloma umrlarining oxirigacha shu shaharda qolishadi. Bu fiqhshunos olima o‘zining tilla buyumlarini sotib, butun ilm ahliga bir oy davomida iftor berib,xayirli anana boshlab bergan ilk faqiha ayoldir . Hozirga qadar bu anana halabliklarda saqlanib qolgan. Shu shaharda vafot etgan hazrati Fotima bugungi kunda “Er –xotin qabri” nomi bilan mashhur bo‘lgan qabristonga dafn etilgan.
Manbalarda zikir qilinishicha, Kosoniy turmush o‘rtog‘ini juda ham yaxshi ko‘rgan va hurmat qilgan. Fotimaning vafotidan so‘ng Alouddin al-Kosoniy to so‘ngi kuniga qadar haftaning har juma kuni suyukli faqixa ayollarini qabrini ziyorat qilgan. Ulug‘ fiqhshunos olim 587 hijriy rajab oyining o‘ninchi kuni (1191 yil 3 avgust) kuni vafot etgan. Uning qabri rafiqasining yonidadir. Bugungi kunda bu yer ziyoratgohga aylantirilgan va bu muborak maskanda qilingan yaxshi duolar, albatta ijobat bo‘lishiga odamlar ishonishadi. Bu ikki buyuk fiqhshunos olim Alouddin Kosoniy va Fotima binti Muhammaddan, Mahmud ismli farzand qolgan. Ayyubiylar hukimdori Sulton az-Zoir uni o‘z qaramog‘iga olib, voyaga yetkazgan. “Kosoniyning eng etiborli asari, albatta, islom fiqhiga oid “as-Sultonul mubin fi usul ad-din” va “Al kitob al-jalil” nomli asarlari borligi ham aytiladi,- deydi tarix fanlari nomzodi, dotsent Muzaffar Komilov.- Turli manbalarda allomaning qalamiga mansub bo‘lgan ko‘plab asarlarning nomlari keltirilgan bo‘lsa-da, ular bizgacha yetib kelmagan”.
Yukorida keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, biz bu ikki ulug‘ ajdodimizning hayoti va ijodi, faoliyatini yanada chukurrok tadqiq etishimiz va Alouddin Kosoniy va Fotima binti Muhammad haqida to‘liq malumotlarga ega bo‘lmog‘imiz va ularning fiqx ilmiga qo‘shgan ulug‘ xizmatlarini ardoqlamog‘imiz lozimdir.
Poshshaxon ESHONXON QIZI
«Xadichai Kubro» ayol-qizlar bilim yurti mudarrisasi
O‘MI Matbuot xizmati
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati