2018 yil 13 aprel kunining juma mav’izasi tezisi
بسم الله الرحمن الرحيم
KASBGA SADOQAT
Muhtaram jamoat! Inson hayoti davomida kasb qilishi zaruriy amal bo‘lgani uchun Qur’oni karim va hadisi shariflarda bunga katta ahamiyat qaratilgan. Alloh taolo Jum’a surasida shunday marhamat qilgan:
فَإِذَا قُضِيَتِ الصَّلَاةُ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ
وَاذْكُرُوا اللَّهَ كَثِيرًا لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
(سورة ﺍلجمعة/10آية).
ya’ni: “Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni ko‘p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Juma surasi 10-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo mo‘minlarni ibodatlarini ado etib bo‘lgandan keyin yer yuziga tarqalib, rizq yo‘lida sa’y-harakat qilib, halol yo‘l bilan rizq topishga targ‘ib qilmoqda. Alloh taolo rizqning yo‘llarini ko‘paytirib qo‘ygan. Banda o‘sha yo‘llarga kirishi, rizq kelishi sabablarini bajo keltirib, zaminga sochib qo‘yilgan rizqini isrof qilmay terib yeyishi kerak.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ مِنْ أَطْيَبِ مَا أَكَلَ الرَّجُلُ مِنْ كَسْبِهِ"
(رواه الإمام أحمد)
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shubhasiz, kishi rizqlanadigan narsalarning eng haloli o‘z kasbi orqali yegan narsasidir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Kasblar har xil bo‘ladi. Halol – pokiza kasblar ham bor, harom – jirkanch kasblar ham bor. Shari’atimiz insonning kasb-kori faqat halol bo‘lishi, rizq-ro‘zining manbai biror shubha aralashmagan halol mablag‘dan bo‘lishiga chaqiradi.
عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: إِنَّ الْحَلالَ بَيِّنٌ ، وَإِنَّ الْحَرَامَ بَيِّنٌ ، وَبَيْنَهُمَا مُشْتَبِهَاتٌ لا يَعْلَمُهُنَّ كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ، فَمَنِ اتَّقَى الشُّبُهَاتِ اسْتَبْرَأَ لِدِينِهِ وَعِرْضِهِ ، وَمَنْ وَقَعَ فِي الشُّبُهَاتِ وَقَعَ فِي الْحَرَامِ، كَالرَّاعِي يَرْعَى حَوْلَ الْحِمَى يُوشِكُ أَنْ يَرْتَعَ فِيهِ، أَلا وَإِنَّ لِكُلِّ مَلِكٍ حِمًى، أَلا وَإِنَّ حِمَى اللَّهِ مَحَارِمُهُ، ألا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ ، وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلُّهُ، أَلا وَهِيَ الْقَلْب"
(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)
Mashhur sahoba No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhodan rivoyat qilinishicha u zot shunday deganlar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: “Darhaqiqat, halol narsalar ochiq – oydindir. Harom narsalar ham ochiq oydindir. U ikkisining o‘rtasida esa shubhali narsalar ham borki, ko‘pchilik ularni bilmaydi. Kim shunday shubhali narsalardan o‘zini ehtiyot qilsa dinini va obro‘sini pokiza asrab qoladi. Ammo kim shubhali narsalarga o‘ralashib qolsa, haromga ham tushib qoladi. Buning misoli birovning qo‘rg‘oni atrofida podasini o‘tlatib yurgan cho‘ponga o‘xshaydi-ki, uning qo‘ylari sal qolsa o‘sha qo‘rg‘onga kirib ketadi. Ogoh bo‘ling, har bir podshohning o‘z qo‘g‘oni bo‘ladi. Ogoh bo‘ling Allohning qo‘rg‘oni uning harom qilgan narsalaridir. Ogoh bo‘ling jasadda bir parcha go‘sht bor, agar u sog‘lom bo‘lsa butun jasad sog‘-salomat bo‘ladi. Agar u aynisa, butun jasad buzuladi. Ogoh bo‘ling o‘sha bir parcha go‘sht qalbdir” (Muttafaqun alayh).
Ushbu hadis mazmunidan inson nafaqat haromdan saqlanishi, balki halol yoki haromligi ishtibohli, noaniq bo‘lib qolgan shubhali narsalardan ham ehtiyot bo‘lishi zarur ekani tushuniladi. Halol-haromligi noaniq bo‘lgan narsalardan yiroq yurish kishining taqvosiga dalolat qiladi.
Dinimizda haloldan rizq qidirish hatto ibodat darajasiga ko‘tarilgan. Bunga quyidagi hadisi sharif ham dalolat qiladi.
عَنْ سَعْدِ بْنِ أَبِي وَقَّاصٍ رَضِيَ الله عَنْهُ، أَنَّهُ أَخْبَرَهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "إِنَّكَ لَنْ تُنْفِقَ نَفَقَةً تَبْتَغِي بِهَا وَجْهَ اللَّهِ إِلَّا أُجِرْتَ عَلَيْهَا، حَتَّى مَا تَجْعَلُ فِي فَمِ امْرَأَتِكَ"
(رَوَاهُ الإمَامُ مُسْلِم)
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Albatta sen ahlingga Allohning roziligi yo‘lida qilgan har qanday nafaqaga ajr olasan. Hattoki, ayolingni og‘ziga tutgan luqmaga ham”, dedilar (Imom Muslim rivoyat qilgan).
عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ الله عَنْهُمَا قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: مَنْ أَمْسَى كَالَّا مِنْ عَمَلِ يَدَيْهِ أَمْسَى مَغْفُورًا لَهُ.
(أَخْرَجَهُ ابْنُ أبِي شَيْبَةَ فِي الْمُصَنَّفِ وَالطَّبَرَانِي فِي الأَوْسَطِ)
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim mehnat qilib, xorib charchagan holda tunasa gunohlari kechirilgan holda tunaydi”, deganlar (Ibn Abi Shayba “musannaf”da, Tabaroniy “mo‘jamul avsat”da rivoyat qilgan).
Demak, kishi rizq talabida va halol kasb izlab, qandaydir tashvish va mashaqqat cheksa, mana shu holatning o‘zi ham gunohlarga kafforat bo‘lishi aytilmoqda. Bu kabi hadisi shariflar halol rizq talabida harakat qilib, vaqtincha bir qiyinchilik holatini boshdan kechirayotgan kishilarning ruhiyatiga tetiklik bag‘ishlaydi. Inson ushbu ko‘rsatmalarga amal qilar ekan maishiy hayoti tartibga tushadi, ham ajr savob oladi, ham gunohlardan poklanadi.
Dinimiz peshona teri bilan topilgan mol-mulkni eng yaxshi amallardan ekanligini ta’kidlash balan birga ishyoqmaslik, tanballik, bekorchilik, tilanchilik, o‘zgalarga yuk bo‘lish kabi illatlarni qattiq tanqid ostiga oladi.
عَنْ أَبِي هُرْيَرَةَ رضي الله عنه قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم" لأَنْ يَحْتَزِمَ أَحَدُكُمْ حُزْمَةً مِنْ حَطَبٍ فَيَحْمِلَهَا عَلَى ظَهْرِهِ فَيَبِيعَهَا خَيْرٌ لَهُ مِنْ أَنْ يَسْأَلَ رَجُلا فَيُعْطِيَهُ أَوْ يَمْنَعَهُ "
(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollalohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “biringiz arqonini olib, o‘tin terib, yelkasida ko‘tarib keltirishi va uni sotib (kun kechirishi) birovning oldiga kelib, tilanishidan yaxshiroqdir. Holbuki u kishi beradi yoki bermaydi” (Muttafaqun alayh).
Dangasalik illati qaysi xalqda ildiz otsa uni zaiflashtiradi, taraqqiyotdan ortda qoldiradi va vayron qiladi. Odamlari tanbal, dangasa va ilmu-fanga qiziqmaydigan yurt umuman rivoj topmaydi. Xalqi o‘zgalarga qaram bo‘ladi, dushmanlar bunday yurtni istagancha toptaydilar, talaydilar.
Muhtaram jamoat! Dinimizda barcha sohaning yo‘l-yo‘riqlari va odoblari juda ham aniq tarzda bayon qilingan. Jumladan kasbu-kor qilishning ham o‘ziga yarasha odoblari, me’yorlari mavjud. Quyida kasb odoblaridan ba’zilarini zikr qilib o‘tamiz:
Kasb tanlamoqchi bo‘lgan inson birinchi navbatda o‘sha kasb shari’at nuqtayi nazardan mumkin bo‘lgan ish bo‘lishi lozim. Shariat esa insonga, jamiyatga, vatanga, atrof muhitga zarar yetkazadigan, yomonlik va fahshga da’vat etadigan barcha narsani harom qilgan.
Ya’ni har bir kishi o‘zi yaxshi mutaxassis bo‘lgan, yaxshilab ado eta oladigan ishni topib, ishga kirishishi uning zimmasida omonat ekanini, Qiyomatda ham Alloh taolo oldida mas’ul ekanini yaxshi his qilishi lozim.
Ya’ni, “Alloh taolo menga ahli-ayolimning nafaqasini vojib qilgan, U zot buyurganidek halol yo‘l ila nafaqa topay”, degan niyatda o‘z kasbini ado etishi va bundan ajr-savob umid qilishi lozimdir.
Musulmon kishi har bir ishida, ayniqsa o‘zining kasbu-korini ado etishda uni puxta, mukammal va go‘zal tarzda bajarishi lozim. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom “Alloh sizlardan biringiz ish qilganda, uni puxta bajarishini yaxshi ko‘radi”, deganlar.
bajarmagan ishini bajargan etib ko‘rsatish, taqdim etayotgan xizmat yoki maxsulotini aybini yashirib, uni sifatli qilib ko‘rsatish kabi odatlardan saqlanish lozim. Sahih hadisi shariflardan birida payg‘ambar alayhissalom “Kim bizni aldasa u bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyat qilgan).
Shuning uchun ham hazrati Umar roziyallohu anhu tijoratchilarga qarata “Bozorimizda dinda faqih bo‘lmagan odam savdo qilmasin”, deganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon Alloh biringizga biror tarafdan rizq joriy qilib qo‘ysa, uning o‘zi o‘zgarmagunicha, o‘sha narsani tark qilmasin”, dedilar (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).
Ya’ni, Har bir ishni boshlaganda o‘ziga yarasha mashaqqati, qiyinchiligi bo‘ladi. O‘sha qiyinchiliklarni yengib o‘tib, to u foyda bermaydigan bo‘lib qolmagunicha tark qilmaslik kerak.
Tirikchilik uchun sa’y-harakat qilish, nafaqayi ro‘zg‘or erkak kishilarning zimmasida vojib amal. Lekin u Alloh taolo buyurgan boshqa farz amallarga xalal bermasligi kerak. Ushbu ma’noni quyidagi hadisi sharif ham qo‘llab-quvvatlaydi:
عن عبد الله بن مسعود رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم :"طَلَبُ كَسْبِ الحَلاَلِ فَرِيضَةٌ بَعدَ الفَرِيضَة"
(رواه الإمام البيهقي في شعب الإيمان).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Halol kasb talab qilish farzdan keyingi farzdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, o‘z kasbiga nisbatan sadoqati bo‘lmagan shaxsning na ishida, na kasbu korida baraka bo‘ladi, balki uning butun hayoti beqarorlikda o‘tadi. Modomiki, biz buyuk kelajak sari intilar ekanmiz, har birimiz o‘z vazifamizga sadoqat bilan yondashmog‘imiz lozimdir.
Alloh taolo barchamizni kasbu korimizga baraka berib, rizqimizni halol yo‘llar bilan topishimizga o‘zi madadkor bo‘lsin! Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
- 60وَلِلْجَنَّاتِ وَالنِّيرَانِ كَوْنٌ عَلَيْهَا مَرَّ أَحْوَالٌ خَوَالِي
.Ma’nolar tarjimasi: Jannatlar va do‘zaxlar (hozirda) bordir, ularga (yaratib qo‘yilganlariga) o‘tmish yillar o‘tib ketgandir
Nazmiy bayoni:
Jannatlar, do‘zaxlar mavjud erurlar,
Ular uzra o‘tgan ko‘p o‘tmish yillar.
Lug‘atlar izohi:
لِ – “shibhi mulk” (mulk ko‘rinishidagi) ma’nosini ifodalovchi jor harfi bo‘lib, ismi ma’no bo‘lgan كَوْنٌ va ismi zot bo‘lgan جَنَّاتِ larning orasida kelgan.
الْجَنَّاتِ – jor va majrur xabari muqaddam.
النِّيرَانِ – lug‘atda “alangalar” ma’nosini anglatadi.
كَوْنٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. كَانَ fe’lining masdari bo‘lib, lug‘atda “voqelikda bor bo‘lish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
عَلَيْهَا – “isti’lo” (ustun bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.
مَرَّ – ko‘plab sharhlarda مَرَّ ni masdar qilib ma’no berilgan. Ammo tahqiqlarga ko‘ra uning fe’l ekani mo‘tabar hisoblanadi.
اَحْوَالٌ – foil. Lug‘atda “to‘liq bir yil” ma’nosini anglatuvchi حَوْل ning ko‘plik shaklidir.
خَوَالِي – bu kalima خَالِيةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib “o‘tmishlar” ma’nosini anglatadi. اَحْوَالٌ ning sifati.
Matn sharhi:
Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra jannatlar va do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan, ular hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi.
Qadariylar va mo‘taziliylar jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganini inkor qilishgan. Ular: “Agar jannat va do‘zax mavjud bo‘lsa, oyati karimalarda xabar berilganidek, yo‘q bo‘lib ketishlari lozim bo‘lib qoladi, shuning uchun ular qiyomat kunida yaratiladi”, – degan e’tiqodda bo‘lishgan. O‘zlarining bu qarashlariga quyidagicha dalillar keltirishgan:
“Uning “yuzi”dan boshqa barcha narsa halok bo‘luvchidir”[1].
Ya’ni Alloh taolodan boshqa har bir narsa halok bo‘lguvchidir. Boshqa bir oyatda ham barcha jonzotning foniy bo‘lib, faqat Alloh taoloning O‘zi boqiy qolishi xabar berilgan:
“(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom egasi bo‘lmish Robbingning O‘zi boqiydir”[2].
Ushbu oyatlardagi كُلٌ kalimasi عَامٌّ va جَمِيِعٌ kabi umumiylikni ifodalovchi kalimalarning eng kuchlisi bo‘lib, u chegaralanmagan ko‘plikka dalolat qiladi. Modomiki, bu kalimani mazkur ma’nosidan boshqa ma’noga o‘zgartiruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turadi. Shunga ko‘ra jannatu do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan bo‘lganida ular ham, ichidagilar ham qiyomat kunidan oldin boshqa maxluqotlar qatori yo‘q bo‘lib ketishi lozim bo‘lib qolardi. Ularning esa halok bo‘lmasliklari xabar berilgan. Shuning uchun ham ular qiyomat kunida abadiy yo‘qolmaydigan qilib yaratiladi, – deyishgan.
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilganiga dalillar
Mazkur toifalarning keltirgan dalillariga batafsil javoblar berilgan:
Avvalo, jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganiga juda ko‘plab dalillar bor:
1. Qur’onda jannat va do‘zax haqida kelgan oyatlarda o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘zlar bilan xabar berilgan:
“Robbingizning mag‘firatiga va Allohga hamda Uning payg‘ambarlariga iymon keltirganlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yerning kengligicha bo‘lgan jannatga musobaqalashing”[3].
Ushbu oyatda jannatning tayyor qilib qo‘yilgani xabar berilgan. Quyidagi oyatda esa do‘zaxning tayorlab qo‘yilgani xabar berilgan:
“Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan saqlaningiz!”[4].
Mazkur oyati karimalarda jannat va do‘zax haqida “tayyorlab qo‘yilgan” deya o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘z bilan keltirilishi ularning hozirda mavjud ekaniga dalolat qiladi.
2. Qur’onda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalomni ikkinchi marta asl holatda “Sidratul muntaho”ning oldida ko‘rganlari va uning oldida Ma’vo jannati borligi xabar berilgan. Bu esa jannatning yaratib qo‘yilganiga yorqin dalildir:
“Qasamki, (Muhammad Jabroilni ilk bor Yerda ko‘rgach, yana) ikkinchi bor ko‘rdi. “Sidratul-muntaho” (daraxti) oldida. “Ma’vo jannati” ham o‘sha (daraxt)ning oldidadir”[5].
3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sidratul muntaho”ga borganlaridan so‘ng jannatga kirganlarini aytib, uning qanday ekanini tasvirlab berganlar:
ثُمَّ دَخَلْتُ الْجَنَّةَ فَإِذَا فِيهَا جَنَابِذُ اللُّؤْلُؤِ وَإِذَا تُرَابُهَا الْمِسْكُ.
“... So‘ngra jannatga kirdim, u yerda marvarid gumbazlar bor ekan, uning tuprog‘i mushk ekan” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyosh tutilgan vaqtda namoz o‘qiganlari haqidagi rivoyatda u zotning jannatni ham, do‘zaxni ham ko‘rganlari, hatto jannatdan bir shingil meva olaymi, deb o‘ylaganlari ham ochiq- oydin kelgan:
عَنْ عُرْوَةَ قَالَ قَالَتْ عَائِشَةُ خَسَفَتْ الشَّمْسُ فَقَامَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَرَأَ سُورَةً طَوِيلَةً ثُمَّ رَكَعَ فَأَطَالَ ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ ثُمَّ اسْتَفْتَحَ بِسُورَةٍ أُخْرَى ثُمَّ رَكَعَ حَتَّى قَضَاهَا وَسَجَدَ ثُمَّ فَعَلَ ذَلِكَ فِي الثَّانِيَةِ ثُمَّ قَالَ إِنَّهُمَا آيَتَانِ مِنْ آيَاتِ اللَّهِ فَإِذَا رَأَيْتُمْ ذَلِكَ فَصَلُّوا حَتَّى يُفْرَجَ عَنْكُمْ لَقَدْ رَأَيْتُ فِي مَقَامِي هَذَا كُلَّ شَيْءٍ وُعِدْتُهُ حَتَّى لَقَدْ رَأَيْتُ أُرِيدُ أَنْ آخُذَ قِطْفًا مِنْ الْجَنَّةِ حِينَ رَأَيْتُمُونِي جَعَلْتُ أَتَقَدَّمُ وَلَقَدْ رَأَيْتُ جَهَنَّمَ يَحْطِمُ بَعْضُهَا بَعْضًا حِينَ رَأَيْتُمُونِي تَأَخَّرْتُ وَرَأَيْتُ فِيهَا عَمْرَو بْنَ لُحَيٍّ وَهُوَ الَّذِي سَيَّبَ السَّوَائِبَ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ
Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Oisha roziyallohu anho dedilar: “Quyosh tutilgan edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam turdilar-da uzun sura o‘qidilar, so‘ngra ruku’ qilib, uzoq vaqt ruku’da qoldilar, boshlarini ko‘targanlaridan keyin boshqa bir surani o‘qiy boshladilar, so‘ngra ruku’ qildilar, ushbu rakatni ado etib sajda qildilar, keyin ikkinchi rakatda ham shunday qildilar. So‘ngra: “Ikkalasi Allohning belgilaridan ikki belgidir, agar o‘shani ko‘rsalaringiz, to sizlardan ochilib ketgunicha namoz o‘qinglar. Men ushbu turgan joyimda menga va’da qilingan barcha narsalarni ko‘rdim. Hatto mening oldinga yurganimni ko‘rgan paytlaringizda, jannatdan bir shingil meva olaymi ham degan edim. Mening orqaga chekinganimni ko‘rgan paytlaringizda, ba’zisi ba’zisini buzib vayron qilayotgan do‘zaxni ko‘rdim. Uning ichida Amr ibn Luhayni ko‘rdim. U ibodat ma’nosida tuyani qarovsiz tashlab qo‘yishni birinchi bo‘lib boshlagan edi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Adashgan toifalarning كُلٌ kalimasini ma’nosidan buruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turaveradi, degan so‘zlariga esa quyidagicha javob berilgan:
Yuqoridagi dalillardan jannat va do‘zaxning hozirda mavjud ekanligi sobit bo‘ldi. Mavjudligi aniq bo‘lgan jannatning tugashi yo‘q ekani ham xabar berilgan:
“Albatta, bu Bizning (jannat ahliga beradigan) rizqimizdirki, unda tugash bo‘lmas”[6].
Jannatdagi ne’matlarning doimiyligi ham bayon qilib qo‘yilgan:
“Taqvolilar uchun va’da qilingan jannatning misoli, uning ostida anhorlar (doimo) joriy, mevalari va soyalari boqiydir”[7].
Hadisi sharifda jannat ne’matlarining doimiyligi haqida shunday xabar berilgan:
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ وَأَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إذَا دَخَلَ أهْلُ الجَنَّةِ الجَنَّةَ يُنَادِي مُنَادٍ إِنَّ لَكُمْ أنْ تَحْيَوْا فَلا تَمُوتُوا أَبَداً إنَّ لَكُمْ أنْ تَصِحُّوا فلا تَسْقَمُوا أبداً وإنَّ لَكمْ أنْ تَشِبُّوا فلا تَهْرَمُوا أبداً وإنَّ لَكُمْ أَنْ تَنْعَمُوا فَلا تَبْأسُوا أَبَداً. رَوَاهُ مُسْلِمٌ
Abu Said va Abu Hurayra roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon jannat ahli jannatga kirsalar, bir nido qilguvchi: “Albatta, yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon o‘lmaysizlar. Albatta, sog‘lom bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon kasal bo‘lmaysizlar. Albatta, yosh bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon qarimaysizlar. Albatta, huzur-halovatda yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon baxtsiz bo‘lmaysizlar”, – deya nido qiladi”, – dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.
Jannatdagi ne’matlar abadiy bo‘lganidek, do‘zaxdagi azoblar ham abadiyligi haqida shunday xabar berilgan:
“Albatta, ahli kitob va mushriklardan iborat kofirlar jahannam o‘tida bo‘lib, o‘sha joyda mangu qolurlar” .
Xulosa qilib aytganda, jannat ham, do‘zax ham hozirda mavjud, hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ular Alloh taoloning yo‘qdan bor qilishi bilan vujudga kelgani kabi, U zotning yo‘q qilib yubormasligi bilan doimiy bor bo‘lib turadi.
Keyingi mavzu:
Mo‘min bandaning do‘zaxda abadiy qolmasligi bayoni