frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Rasulullohning izdoshlari: Abu Bakr Siddiq

04.04.2018   11129   6 min.
Rasulullohning izdoshlari: Abu Bakr Siddiq

Iymon sohibi bo‘lish barchamizning eng avvalgi niyatimiz va maqsadimizdir. Bu maqsad bizni bevosita dinni chuqurroq o‘rganishga, sahobalar hayoti bilan tanishishga ro‘baro‘ qiladi. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning do‘stlari, zamondoshlari diqqatimizni tortadi. Ularning ba’zilarining ismi bizga tanish, qaysi ma’nodaki, hadis va rivoyatlarda ularning nomlarini uchratganmiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning do‘stlari deganda, avvalo, yodga olinadigan zot bu hazrat Abu Bakr roziyallohu anhudir. Ular Xotamul anbiyoi val mursalin bo‘lmish payg‘ambarimizning sevimli va eng vafoli birodarlaridir. Bu birodarlik nubuvvat vazifasi topshirilmasdan bir necha yil avval, juda samimiy o‘lchovlar ichida boshlanib, vafo va sevgining eng go‘zal namunalari ila davom etgandir. Bu ikki birodarlardan birining eng mashhur laqabi “al-Amin” (ishonchli inson) dir, ikkinchisiniki esa “as-Siddiq”dir, ya’ni eng to‘g‘ri, rostgo‘y inson… Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning ishonchli ekanligi shu darajadaki, Muhtaram Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam “Men Allohning Payg‘ambariman” deganlarida hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu hech ikkilanmasdan «ishonaman» deya olgan. “Agar payg‘ambar bo‘lsang buni isbotla!” deyish huquqidan foydalanmagan ikki ahamiyatli zotdan biridir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni eng yaxshi bilgan, insonlarga Uni yaxshi tanita olgan buyuk insonlar boshida shu shaxs turadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni eng yaxshi tanigan, boshqalarga nasib qilmagan ko‘pgina xotiralarga ega bu qimmatli insondan ham, afsuski, juda kam xotiraga egamiz. Taqdir bitigi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yonlarida bo‘lgan, hayoti davomida eng yaqin do‘st bo‘lish sharafiga erishgan insonni o‘zlaridan keyin o‘rinbosar qilib tayinlagan. Ammo Alloh taoloning qismati buyuk xalifaga ikki yil uch oy o‘n kun hayot in’om qilib, so‘ng O‘z huzuriga chaqirgan.

Islom tarixi va hadis kitoblari bu ikki yillik davr haqida ham, hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning shaxsi haqida ham bizni qoniqtiradigan darajada yetarli ma’lumot bermaydi. Bu davrda Musaylama, Tulayha, Sajoh… kabi payg‘ambarlik da’vosini qilgan yolg‘onchilarga qarshi janglar, Bizans va Eron bilan bo‘lgan urushlar, Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning Madinada qilgan ishlari, insonlarga nisbatan harakatlari ila bog‘liq ma’lumotlar, afsuski, yetarli emas. Masalan, hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning “Allohim, qiyomat kuni meni jahannamingga qo‘y, vujudimni shu daraja kattalashtirki, toki jahannamda mendan boshqa hech bir kishiga joy qolmasin”, degan rivoyat keltiriladi. Bu so‘zlar hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning marhamatiga ishoradir, albatta va bu orqali insonlar sevgisiga dalolat qilgan bir iymon sohibi ekanligini ta’kidlaydi. Biroq rivoyatning haqiqat ekanligiga yetarli isbot yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, aytishim lozimki, aziz birodarim, hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning bu so‘zlari bir majoziy ifodadir. Maqsad o‘zining jahannamga kirishi emas. Insonlarning jahannamdan ozod qilinishini, kechirilishini tilashdir. Bu ehson istagi hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu tarafidan shunday tilga olingan, deyishimiz mumkin. Alloh taoloning kitobidan keltirilgan suralarga esa so‘zsiz ishonamiz. Jumladan, Baqara surasi 201-oyatida shunday deyilgan: “Yana shundaylari ham borki, ular: Ey, Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin, deydilar”.

Abu Bakr roziyallohu anhu Hazrat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning har kun qilgan bu duosini bila turib o‘zini otashga otadigan inson emas! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayot ekanliklarida ham, vafotlaridan so‘ng ham qilich ko‘tarib mushriklar bilan jangga kirganlar. Payg‘ambarimiz Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam komil iymon sohibi mo‘minni anglatarkan, “Alloh rizosi uchun sevgan. Alloh rizosi uchun nafratlangan. Alloh rizosi uchun bergan, Alloh rizosi uchun bermagan” deya ta’riflaganlar. Xayolida, harakatida, insonlarga nisbatan muomalasida doimo Alloh taolo rizoligini o‘ylagan inson anglatiladi. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati ichida bu xususiyatlarni ayni tarzda ruhiga singdirgan, Yaratganning rizoligi uchun harakat qilgan insondir. Butun maqsad va fikri Alloh taolo rizoligiga qaratilgan, qo‘lga kiritgan narsani Alloh taolo rizoligi uchun sarflagan hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu madh etilganda hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam anglatgan hadis kitoblarda keltirilgan ma’lumotlar nurida ulug‘lanadi. Darhaqiqat, hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu o‘ta marhamatli bir insondir. Ammo bu marhamat tuyg‘usi islomni qabul qilgandan keyin Alloh taoloning va Rasulining rizolari bilan bo‘lgandir. Qur’onda haqiqiy musulmonlar anglatilarkan, “Muhammad Allohning rasulidir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar” – deyiladi (Fath surasi, 29-oyat). Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida bo‘lganlarning eng oldidan joy egallaganidir. Shu darajadaki, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga undan ham yaxshirog‘i yo‘qdir. Yana boshqa bir oyatda Buyuk Rabbimiz mo‘minlarni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan kimki dinidan qaytsa, Alloh shunday bir qavmni keltirurki, ularni Alloh sevadigan va ular ham Uni sevadigan, mo‘minlarga (nisbatan) kamtar, kofirlardan esa (o‘zlarini) yuqori tutuvchi, Allohning (toati) yo‘lida jiddu jahd qiluvchi, malomatchining malomatidan qo‘rqmaydigan bo‘lurlar. Bu Allohning fazlidirki, uni O‘zi xohlagan (bandalari)ga berur. Alloh (karami) keng, dono zotdir”, – deya marhamat qilinadi (Moida surasi, 54-oyat).

Qur’onda keltirilgan sabr, tavakkul, yaxshilik, hayr – ehson kabi Yaratgan tomonidan afzal ko‘rilgan sifatlarning barchasiga hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu tom ma’noda ega bo‘lganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning eng yaqin do‘stlari bilan ruhan tanishib, ularning haqqiga qilingan duo, shubhasiz, o‘zimizga ham duo bo‘lib qaytadi.

 

Zahroxon IMOMNAZAROVA

Xadichai Kubro o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

10.08.2026   13322   2 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.

IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.

Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.

Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.

Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari